You’re viewing a text-only version of this website that uses less data. View the main version of the website including all images and videos.
Odamzod fazoda oziq-ovqat yetishtirmoqchi. Faqat qanday qilib?
- Author, Pallab Ghosh
- Role, Ilm-fan muxbiri
- O'qilish vaqti: 6 daq
Orbitada o‘tkaziladigan tajriba muvaffaqiyatli bo‘lsa, steyk, kartoshka pyuresi va desertlar tez orada astronavtlar uchun kosmosda alohida hujayralardan yetishtirilishi mumkin.
Yevropa kosmik agentligi (ESA) loyihasi orbitada va boshqa sayyoralarda zaif tortishish kuchi va yuqori radiatsiya sharoitida laboratoriyada oziq-ovqat yetishtirish imkoniyatini o‘rganmoqda.
ESA astronavtlarni oziqlantirishning yangi usullarini o‘rganish uchun tadqiqotni moliyalashtiryapti, chunki bu jarayon kuniga 20 000 funt sterlinggacha xarajat talab qilishi mumkin.
Loyiha jamoasi bu tajribani ikki yil ichida Xalqaro kosmik stantsiyada (XKS) kichik oziq-ovqat ishlab chiqarish fabrikasini rivojlantirish uchun ilk qadam deb hisoblaydi.
Bedford shahrida joylashgan Frontier Space shirkati rahbari va asoschisi doktor Aqil Shamsulning fikricha, agar NASA insoniyatni ko‘p sayyorali turga aylantira olsa, laboratoriyada yetishtirilgan oziq-ovqat juda muhim bo‘ladi.
Ushbu kontseptsiyani Londondagi Imperial kolleji tadqiqotchilari bilan hamkorlikda ishlab chiqishmoqda.
"Bizning orzumiz – orbitada va Oyda zavodlar qurish," deydi u BBC News'ga.
"Agar biz insonlarning kosmosda yashashi va ishlashi uchun infratuzilma yaratmoqchi bo‘lsak, ishlab chiqarish ob’ektlarini Yerdan tashqarida qurishimiz kerak."
Laboratoriyada oziq-ovqat yetishtirish uchun oqsil, yog‘ va uglevodlar kabi ingredientlar probirkalar va idishlarda o‘stiriladi, so‘ng ularni oddiy oziq-ovqatga o‘xshash ko‘rinish va ta’mga keltirish uchun qayta ishlanadi.
Laboratoriyada yetishtirilgan tovuq go‘shti allaqachon AQSh va Singapurda sotilmoqda, xuddi shunday steyk esa Buyuk Britaniya va Isroilda tasdiqlanishini kutmoqda. Yerda bu texnologiyaning an’anaviy qishloq xo‘jaligi usullariga nisbatan kamroq yer talab qilishi va issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirishi kabi ekologik afzalliklari bor. Ammo kosmosda bundan asosiy maqsad xarajatlarni kamaytirishdir.
Tadqiqotchilar bu tajribani o‘tkazishmoqda, chunki XKSda astronavtlarga oziq-ovqat yetkazib berish juda qimmatga tushadi – ularning hisob-kitoblariga ko‘ra, har bir astronavt uchun kuniga 20 ming funt sterlinggacha.
NASA, boshqa kosmik agentliklar va xususiy kompaniyalar Oyda, orbital kosmik stantsiyalarda va ehtimol kuni kelib Marsda ham uzoq muddatli faoliyat yuritishni rejalashtirmoqda. Bu kosmosda yashab ishlaydigan o‘nlab, keyinchalik yuzlab astronavtlar uchun oziq-ovqat yetkazib berishni anglatadi. Doktor Shamsulning aytishicha, bu jarayon raketalar yordamida amalga oshirilsa, juda qimmatga tushadi.
Uningcha, oziq-ovqatni kosmosda yetishtirish ancha mantiqli bo‘lardi.
"Biz oddiy oqsil bilan boyitilgan kartoshka pyuresidan boshlab, kosmosda tayyorlay oladigan murakkabroq taomlarga o‘tishimiz mumkin," deydi u menga.
"Ammo kelajakda laboratoriyada ishlab chiqarilgan ingredientlarni 3D printerga joylashtirib, kosmik stantsiyada xohlagan narsani, masalan, steykni ishlab chiqarishimiz mumkin!"
Bu "Yulduzlar yo‘li" filmidagi sof energiyadan oziq-ovqat va ichimlik tayyorlaydigan replikator mashinalariga o‘xshaydi. Ammo doktor Shamsulning ta’kidlashicha, bu endi fantastika emas.
U menga London g‘arbidagi Bezos nomidagi barqaror oqsillar markazida bioreaktor deb ataladigan qurilmani ko‘rsatdi. U probirkada qaynayotgan olovrang aralashmadan iborat edi. Bu jarayon aniq fermentatsiya deb ataladi va pivo tayyorlash uchun ishlatiladigan fermentatsiyaga o‘xshaydi.
Bu holatda qo‘shimcha vitaminlar ishlab chiqarish uchun achitqiga gen qo‘shiladi, ammo Bezos markazi direktori doktor Rodrigo Ledesma-Amaroning aytishicha, bu usul bilan turli xil ingredientlarni ishlab chiqarish mumkin.
"Biz oziq-ovqat tayyorlash uchun barcha zarur elementlarni yaratishimiz mumkin," deydi doktor Ledesma-Amaro faxr bilan.
"Biz oqsillar, yog‘lar, uglevodlar, tolalar ishlab chiqara olamiz va ularni turli xil taomlar tayyorlash uchun birlashtira olamiz."
Bioreaktorning ancha kichik, sodda versiyasi ESA missiyasi doirasida SpaceX Falcon 9 raketasida kosmosga jo‘natildi. Yerda hujayralardan oziq-ovqat muvaffaqiyatli yetishtirilishi mumkinligi haqida ko‘plab dalillar mavjud, ammo bu jarayonni vaznsizlik va kosmosning yuqori radiatsiyasi sharoitida takrorlash mumkinmi?
Doktorlar Ledesma-Amaro va Shamsul Yevropaning birinchi tijoriy kosmik kemasi «Feniks" bortidagi kichik kub sun’iy yo‘ldoshda Yer atrofida aylanish uchun oz miqdordagi achitqi aralashmasini yubordilar.
Agar hammasi rejadagidek bo‘lsa, u taxminan uch soat davomida Yer atrofida aylanib, keyin Portugaliya qirg‘oqlari yaqiniga qaytib tushadi. Tajriba namunasi keyin tekshirish uchun Londondagi laboratoriyaga qaytariladi.
Doktor Ledesma-Amaroning aytishicha, to‘plangan ma’lumotlar kelgusi yilda olimlar kosmosga yuboradigan kattaroq, takomillashgan bioreaktor qurilishiga asos bo‘ladi.
Biroq, muammo shundaki, kukun shaklida quritilgan olovrang yelim juda bemaza ko‘rinadi – hatto astronavtlar hozirda iste’mol qilishga majbur bo‘lgan muzlatib quritilgan taomlardan ham yoqimsizroq.
Ana shu yerda Imperial kollejining bosh oshpazi ishga kirishadi. Yakub Radzikovskiy kimyoviy moddalarni mazali taomlarga aylantirish vazifasi yuklatilgan kulinariya dizayneridir.
Unga laboratoriyada o‘stirilgan ingredientlardan odamlarga taom tayyorlash uchun hali ruxsat berilmagan, chunki rasmiy ruxsat kutilmoqda. Lekin u oldindan tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Hozircha Yakub o‘z retseptlarini ishlab chiqish uchun laboratoriyada o‘stirilgan ingredientlar o‘rniga tabiiy zamburug‘lardan olingan kraxmal va oqsillardan foydalanmoqda. U menga laboratoriyada o‘stirilgan ingredientlardan foydalanishga ruxsat olganidan so‘ng, ulardan taom tayyorlash mumkin bo‘lishini aytdi.
"Biz dunyoning turli burchaklaridan kelgan astronavtlarga tanish bo‘lgan va ularga qulaylik yaratadigan taomlarni tayyorlamoqchimiz.
Frantsuz, xitoy, hind oshxonasidan tortib, istalgan taomni tayyorlay olamiz. Koinotda har qanday turdagi oshxonani yaratish mumkin bo‘ladi."
Bugun Yakub achchiq manti va sousning yangi retseptini sinab ko‘rmoqda. U menga ularni tatib ko‘rishimga ruxsat berilganini aytdi, lekin bosh degustator ancha malakali odam: Buyuk Britaniyaning birinchi astronavti va kimyo fanlari doktori Helen Sharman.
Bug‘lanayotgan mantilarni birga tatib ko‘rdik.
Mening fikrim: "Juda ajoyib!"
Doktor Sharmanning fikri ham shunga o‘xshash: "Ta’mi juda kuchli va yorqin. Haqiqatan ham mazali va ishtaha ochar," xursand bo‘lib gapiradi u.
"Men ham kosmosda shunday taomlar bo‘lishini istardim. U yerda bo‘lganimda, faqat uzoq muddat saqlanadigan oziq-ovqat bor edi: konservalar, muzlatib quritilgan paketlar, tubiklardagi ovqatlar. Yomon emasdi, lekin mazali ham emasdi."
Doktor Sharmanning muhimroq kuzatuvi ilm-fanga tegishli edi. Uning aytishicha, laboratoriyada o‘stirilgan oziq-ovqat astronavtlar uchun foydali bo‘lishi, shuningdek, kosmosda uzoq muddat yashash uchun zarur bo‘lgan darajagacha xarajatlarni kamaytirishi mumkin.
Xalqaro Kosmik stantsiyasida o‘tkazilgan tadqiqotlar ko‘rsatishicha, uzoq muddatli kosmik missiyalar paytida astronavtlar tanasining biokimyosi o‘zgaradi: ularda gormonlar muvozanati va temir darajasi o‘zgaradi, suyaklaridan kaltsiy yo‘qola boradi.
Kosmonavtlar buning o‘rnini to‘ldirish uchun qo‘shimcha dori-darmonlar qabul qilishadi, lekin doktor Sharmanning aytishicha, laboratoriyada o‘stirilgan oziq-ovqatni kerakli ingredientlar bilan boyitish mumkin.
"Astronavtlar vazn yo‘qotishga moyil, chunki ular kam ovqatlanishadi. Buning sababi – ularning ratsionida xilma-xillik va mazali taomlar yo‘qligi," deydi u menga.
"Shuning uchun, ular yangi tayyorlangan taomlarni va chinakam sog‘lom ovqat iste’mol qilayotganlarini his qilishni istashlari mumkin."