Eron va mintaqadagi vaziyat: So‘nggi bayonotlar nima deydi?

O'qilish vaqti: 4 daq

Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi tomonidan Isroil va AQSh obektlariga berilgan raketa zarbalari Eronning o‘z ichidagi mojarolarning kuchayishi bilan bir vaqtga to‘g‘ri keldi.

Ichki vaziyat va talafotlar

Inson huquqlari faollari axborot agentligi bergan ma’lumotga ko‘ra, ayni paytda Eron urush boshlanganidan beri eng dahshatli bombardimonlarni boshdan kechirmoqda. Birgina 28 mart kunining o‘zida mamlakat bo‘ylab 701 ta hujum qayd etilgan bo‘lib, ularning 74 foizi poytaxt Tehron hissasiga to‘g‘ri kelgan. Ushbu to‘qnashuvlar oqibatida hozirgacha 1 551 nafar tinch aholi, jumladan, 236 nafar bola halok bo‘lgan.

G‘olibof: "Bizni taslim qila olmaysiz"

Urush boshlanganiga 30 kun to‘lishi munosabati bilan Eron Parlamenti so‘zchisi Muhammad Bog‘ir G‘olibof keskin bayonot bilan chiqdi. IRNA agentligi tarqatgan ushbu xabarda G‘olibof shunday deydi:

"Dushman omma oldida muzokara haqida gapirayotgan bo‘lsa-da, pinhona ravishda quruqlikdan hujum qilishni rejalashtirmoqda.

AQSh 15 banddan iborat talablar ro‘yxati orqali urushda erisha olmagan niyatlarini amalga oshirmoqchi."

G‘olibof, shuningdek, Eron kuchlari "Amerika askarlarining quruqlikka qadam qo‘yishini kutayotgani va ularni olovli yomg‘ir bilan kutib olishi"ni ta’kidladi.

Taslim bo‘lish masalasida esa arab tilida: "Eronning javobi aniq - biz aslo tahqirlanishni qabul qilmaymiz", deya qo‘shimcha qildi.

AQShning quruqlik amaliyotiga tayyorlanishi

Eron Parlamenti spikeri Muhammad Bog‘ir G‘olibof Eron kuchlari Amerika quruqlikdagi qo‘shinlarini "kutayotganini" ta’kidlagan bir paytda, Vashingtondan kelayotgan xabarlar turlichadir.

Washington Post Pentagonning Eronda bir necha haftalik quruqlikdagi operatsiyalarga tayyorgarlik ko‘rayotganini yozgan bo‘lsa-da, prezident Donald Tramp bu rejalarni tasdiqlashi hali aniq emas.

AQSh ma’muriyati ushbu vaziyat bo‘yicha quyidagi fikrlarni bildirdi:

Donald Tramp: Shu oy boshida jurnalistlarga "Men hech qayerga qo‘shin joylashtirmoqchi emasman", dedi-yu, ammo darhol qo‘shimcha qildi: "Agar shunday qilganimda ham, buni sizga aytib o‘tirmasdim".

AQSh Davlat kotibi Marko Rubio : Juma kuni AQSh o‘z maqsadlariga "hech qanday quruqlikdagi qo‘shinlarsiz" erisha olishini aytdi. U so‘nggi harbiy harakatlarni Trampga tanlov imkoniyatini berish deb tushuntirdi: "Biz prezidentga har qanday favqulodda vaziyatlarga moslashish uchun maksimal imkoniyatlarni yaratib berishga doim tayyormiz".

AQSh Markaziy qo‘mondonligi: Shanba kuni USS Tripoli harbiy kemasi mintaqaga yetib kelganini ma’lum qildi. Ushbu kema taxminan 3 500 nafar dengizchi va dengiz piyodalaridan iborat bo‘linmaga boshchilik qiladi.

28 - Mart. Husiylar mojaroga qo‘shildi, Isroilga raketa otdi: Urushda yangi front ochiladimi?

Yamandagi Eron qo‘llab-quvvatlaydigan husiylar guruhi bir oydan beri davom etayotgan urush manzarasida ilk bor Isroilga raketa otdi. Yangi jabha mintaqada urushning kengayib, global savdo va neft yetkazib berish zanjirlariga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkindigi aytilmoqda.

Isroil harbiylari raketa mamlakat hududiga yetmasdan tutilganini ma’lum qildi. Husiylar esa bir kun avval Eronga qarshi hujumlar davom etsa, mojaroga aralashishini ogohlantirgan edi.

Husiylar — Yamandagi shialarning zaydiy yo‘nalishiga mansub qurolli siyosiy-diniy guruh bo‘lib, 2014 yildan buyon poytaxt Sanoni ham o‘z ichiga olgan shimoli-g‘arbiy hududlarni nazorat qilib keladi.

Mintaqada keskinlik kuchaymoqda

BBC manbalariga ko‘ra, Eron poytaxti Tehronda tun davomida kuchli zarbalar qayd etilgan. Shu bilan birga, mamlakatda internet cheklovlari to‘rtinchi haftaga kirgan.

Janubiy Livanda bir necha aholi punktlari Isroil zarbalariga uchragan, Saudiya Arabistoni esa Ar-Riyod tomon yo‘nalgan ballistik raketani tutganini bildirgan. Quvaytda esa dron hujumi oqibatida xalqaro aeroportga cheklangan zarar yetgani xabar qilinmoqda.

Iqtisodiy ta’sirlar ham sezilmoqda: AQShning uchta asosiy fond indeksi yana pasayib, urush boshlanganidan beri to‘rtinchi hafta ketma-ket yo‘qotishlar qayd etildi.

Yangi front ochilishi mumkinmi?

BBCning Quddusdagi Yaqin Sharq byurosi rahbari Jo Flotoning ta’kidlashicha, husiylar aralashuvi Arabiston yarim orolida yangi jabha ochilishi ehtimolini oshirmoqda.

Husiylar harakati so‘nggi haftalarda Eronni ochiq qo‘llab-quvvatlab kelayotgan edi. Guruhning harbiy vakili Yahyo Sari’ televizion murojaatida "to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy aralashuvga tayyor" ekanini bildirgan.

Isroil ma’lumotiga ko‘ra, raketa Yamandan uchirilgani aniqlangan va janubiy shahar Beer-Sheva atrofida havo hujumi sirenalari yangragan.

Tahlilchilar fikricha, eng katta xavf — Qizil dengizdagi kema qatnoviga tahdiddir. Husiylar avval ham bu yo‘nalishda hujumlar uyushtirgan.

2025 yilda Donald Tramp ma’muriyati (Buyuk Britaniya bilan birga) aynan shu tahdidlarni to‘xtatish maqsadida husiylarga qarshi havo zarbalari kampaniyasini boshlagan edi. Bir necha hafta davom etgan amaliyot minglab nishonlarni yo‘q qilgan, biroq oxir-oqibat o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi bilan yakunlangan.

"Qarshilik o‘qi"dagi o‘rni

BBC xalqaro tahlilchisi Lays Dusetning fikricha, husiylar o‘zlarini Eron va uning ittifoqchilari shakllantirgan "qarshilik o‘qi"ning muhim qismi deb biladi.

Ularning Eron bilan aloqalari Livandagi "Hizbulloh" darajasida chuqur emas, ammo so‘nggi yillarda Tehron tomonidan qurollantirilgan va tayyorlangan guruh sifatida husiylar ittifoqchisiga yordam berishdan bosh tortmasligi mumkin.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz: and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

Shu paytgacha husiylar o‘zlarining eng kuchli ta’sir vositasi — Bob al-Mandab bo‘g‘ozi orqali xalqaro savdo yo‘llarini izdan chiqarish imkoniyatini to‘liq ishga solmagan.

Biroq bu frontning ochilishi nafaqat mintaqadagi urushni kengaytirishi, balki global savdo va neft yetkazib berish zanjirlariga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.