Rossiya neft va gaz importini oshirmoqchi, "dejurniy jabrlanuvchi" "innovatsiyasi", O‘zbek AESiga Belarus ekspertlari

O'qilish vaqti: 6 daq

Rossiya O‘zbekistonga neft va tabiiy gaz yetkazib berish hajmlarini oshirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Rossiya Bosh vaziri Mixail Mishustinga tayanib xabar qildi Kun.uz nashri.

"Rossiya nefti va tabiiy gazini yetkazib berishni davom ettirish va oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi", dedi Mishustin ikki mamlakat hukumatlari rahbarlari ishtirok etgan yig‘ilishda.

Mishustinning O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov bilan uchrashuvda aytishicha, uglevodorod eksportlarini kengaytirishdan tashqari, Rossiya O‘zbekiston energetka infratuzilmasini modernizatsiya qilishda ham ishtirok etmoqda.

Bu hamkorlik yangi quduqlar burg‘ulash, qayta ishlash inshootlarini yangilash va gaz tashish tizimini modernizatsiya qilishni o‘z ichiga oladi.

Rasmiylarga ko‘ra, energetika sohasi ham Rossiya, ham O‘zbekiston tarafidan ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashda muhim yo‘nalish sifatida ko‘rilmoqda.

Hisobotga ko‘ra, Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo hajmi 2025 yilda 12,5 foizga o‘sib, deyarli 1 trillion rubl (13,2 milliard dollar)ni tashkil etgan.

Moskva bilan Toshkent o‘zaro savdoni 2030 yilga borib 30 milliard dollarga yetkazishni ko‘zlamoqda.

Kun.uz xabar qilishicha, Aripov energiya sohasidagi hamkorlik barqaror rivojlanib borayotganini ta’kidlar ekan, O‘zbekistonning Jizzax viloyatida Rossiya loyihasi asosida atom elektr stantsiyasi qurilishi ikki tomonlama sheriklikda "yangi sahifa" ochganini ta’kidlagan.

Rossiyadan O‘zbekistonga neft va gaz yetkazib berishni oshirish rejasining aniq ko‘rsatkichlari oshkor etilmagan.

Qo‘shma loyihalarni muhokama qilish uchun navbatdagi yirik maydon iyun oyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan Toshkent xalqaro investitsiya forumi bo‘lishi xabar qilindi.

Militsiyaning "dejurniy jabrlanuvchi"lari

Agar bir tumanda bir yil davomida misol uchun 100 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lsa va ularning 10 tasidagi jabrlanuvchining ism-sharifi bir xil bo‘lsa, bu nimani anglatadi?

Tuman militsiyasida jinoyat ishi qo‘zg‘atayotgan mansabdorlarning o‘zlari O‘zbekiston qonunchiligini buzib jinoyat sodir etayotganini.

Buni aniqlash qiyinmi?

Yo‘q, o‘sha 100 ta jinoyat ishida yozilgan jabrlanuvchi ism-familiyasiga birrov nazar tashlashning o‘zi yetarli.

Ayrim militsiya xodimlari o‘z lavozimini suiste’mol qilib, begunoh odamlardan "dejurniy jabrlanuvchi" deb nomlanayotgan soxta guvohlar bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni kasbga aylantirganlari yangilik emas.

Bunday holatlar haqida O‘zbekistondagi "Ezgulik" Inson huquqlari jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov rasmiylar, xususan, sud tizimi rahbarlari bilan uchrashuvlarda aytgan.

Yaqinda kun.uz veb-nashri Jizzax viloyatida "dejurniy jabrlanuvchi"ni jalb qilib jinoyat ishi yasalgani, bu shaxs bundan oldin bir necha jinoyat ishlarida arizachi sifatida qatnashgani fosh bo‘lgani haqida yozdi.

Sud bu yasama jinoyat ishini rad etdi.

Jurnalistlar matbuot anjumanida O‘zbekiston Ichki ishlar vaziri Ramazon Ashropovdan "dejurniy jabrlanuvchi" yasama jinoyat ishlari haqida savol berdilar.

Vazir o‘rinbosari Ramazon Ashropov aytishicha, vazirlikda ushbu masala yuzasidan tekshiruvlar boshlangan.

Ashropov so‘zlariga ko‘ra, tekshiruvlar yakunida "dejurniy jabrlanuvchi" holatlari aniqlansa, tegishli choralar ko‘riladi, shuningdek, sudlar tomonidan yuborilayotgan ajrimlar ham o‘rganilayapti.

O‘zbek AESiga Belarus ekspertlari

O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari Ochilboy Ramatovning Belarus Bosh vaziri o‘rinbosari Viktor Karankevich bilan uchrashuvida O‘zbek AESiga belaruslik mutaxassislarni jalb qilish masalasi ko‘tarilgan.

"Mamlakatimiz Prezidenti, bizning hurmatli Shavkat Miromonovich [Mirziyoyev] bizga Belarusdan mutaxassislarni jalb qilishimiz kerakligini aytdi. Bizga tushuntirib beradigan neytral mutaxassislar kerak. Biz sizning mutaxassislaringiz sifati a’lo ekanini bilamiz", degan Bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov.

"Tomonlar faol hamkorlik qilishga, jumladan, O‘zbekistondagi AES loyihasiga belaruslik mutaxassislarni texnik maslahatchi sifatida jalb etishga hamda Jizzax viloyatida zamonaviy atomchilar shahrini birgalikda barpo etishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar", deya xabar qildi "O‘zAtom" atom energiyasi agentligi Telegram kanali.

Belarus tomoni O‘zbek AESi qurilishi va ishga tushganidan keyin unga xizmat ko‘rsatishga Belarus shirkatlarini jalb etishni ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirgan.

24 mart kuni Jizzax viloyatining Forish tumanida birinchi AES poydevorini qurish boshlandi.

2 aprel. O‘zbekistondagi norozilik turlari: daraxtga chiqib olish yo chiqindi tashlash. Hamda Xorazmda qo‘lga olingan yirik onlayn firibgarlar guruhi

Daraxtga chiqish orqali Oliy sud raisi bilan uchrashuvga erishildi

Oliy Sud matbuot kotibi Aziz Abidovning ma’lum qilishicha, 30 mart kuni A.Ch. ismli 1979 yilda tug‘ilgan toshkentlik fuqaro Oliy Sud binosi yonidagi daraxtga chiqib, o‘ziga oid jinoyat ishi bo‘yicha chiqarilgan sud qarorlaridan noroziligini bildirgan.

Fotoda daraxtga chiqib olgan erkakning qo‘lida plakat borligini ko‘rish mumkin, ammo uni o‘qish qiyin. Rasmda, shuningdek, unga ikki xavfsizlik xizmatlari xodimi qarab turganini ko‘rish mumkin.

Matbuot kotibining aytishicha, fuqaro so‘ng pastga tushirilib, jismoniy holati tekshirildi, unga shikast yetmaganligi aniqlandi. Shundan so‘ng A. Ch. Oliy sud raisi B. Islomov tomonidan qabul qilinib, uning shikoyati tegishli tartibda o‘rganish uchun rasmiylashtirildi.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Oliy Sud tarqatgan bayonotda aytilishicha, Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudining 2020 yil 5 oktyabrdagi hukmiga ko‘ra A. Ch. Jinoyat kodeksining 184-moddasi (soliqlar yoki yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash) 3-qismi bilan Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi (reabilitatsiya uchun asoslar) 2-bandiga asosan oqlanib, unga Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi "a" bandi bilan 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan bo‘lgan.

Birinchi instantsiya sudining hukmi yuqori instantsiya sudlarida ko‘rib chiqilib, o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Bundan tashqari, A. Ch. 2025 yil 29 noyabrь kuni Oliy sud raisi tomonidan qabul qilinib, unga nisbatan chiqarilgan sud qarorlarini o‘zgartirish uchun asoslar yetarli emasligi ma’lum qilingan.

"Aytish joizki, fuqarolarning sud himoyasidan foydalanish huquqi qonun bilan kafolatlangan bo‘lib, ular Oliy sudga belgilangan protsessual tartibda erkin va to‘siqsiz murojaat qilish imkoniyatiga egadir. Shu bois, murojaat qilish uchun noodatiy yoki xavfli harakatlarga qo‘l urishning hojati yo‘q. Xususan, mazkur holatdan kelib chiqib ta’kidlanadiki, Oliy sudga murojaat qilish uchun "daraxtga chiqish" kabi harakatlar talab etilmaydi va bunday usullar masalani hal etishga xizmat qilmaydi," - deb yozdi Abidov.

Namanganda norozilikning yana bir g‘ayrioddiy turi qo‘llandi

Yangi Namangan tumani Yangi zamin mahallasida chiqindilar bir necha oydan beri olib ketilmayotganidan norozi bo‘lgan mahalliy yashovchilar chiqindini mashinaga yuklab, "Musaffo iqlim" MChJ qarshisiga tashlab ketishdi.

Kun.uzga bergan intervyusida ular, xususan, shunday deyishdi: "Chiqindi xizmati uchun shartnoma qilganmiz. Bir oyda to‘rt marta chiqindini olib ketishlari kerak. Lekin ular har xil bahonalar bilan bir oyda ikki marta kelamiz deyishdi. Unga ham rozi bo‘ldik. 2025 yilda ham chiqindi to‘planib ketib, hammayoq badbo‘y hidga to‘lgan edi. O‘shanda ham mana shu "Kombi"mashinamga yuklab, idora yoniga tashlab kelgan edik. Bu safargisida imkon bo‘lmadi, bormagan joyimiz qolmadi. Ichki ishlarga murojaat qilmadik xolos.»

Norozi fuqarolardan birining aytishicha, "Musaffo iqlim" MChJ ko‘rsatilmayotgan xizmat uchun pulni avtomatik ravishda olishaveradi, lekin xizmat ko‘rsatishmaydi. «Oxirgi marta yanvar oyida kelishgan,» - deydi u.

Bakiroo o‘z Telegram kanalida yozishicha, yerli xonadonlardan chiqindi har uch kunda olib chiqib ketilishi kerak.

«Oyiga ikki marta emas. Ikki yo uch oyda mir marta emas. Mahalliy hokimliklar bilan ildizi chatishib ketgan chiqindi qirollari chiqindi bo‘yicha to‘lovlar elektrga majburiy ulangach, yanada avjiga chiqishmoqda. Ya’ni ularda hech qanday xizmat ko‘rsatmay yoki lozim darajada xizmat taqdim etmasdan, qimmat to‘lovlarni bebiliska olish imkoniyati paydo bo‘ldi», - deydi u.

"Musaffo iqlim" MChJ bu hodisaga qanday munosabat bildirgani hozircha noma’lum.

Onlayn firibgarlar qo‘lga tushdi

Ichki Ishlar Vazirligi tarqatgan xabarga ko‘ra, Xorazm viloyatida fuqarolarning bank kartalaridan 1 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ni o‘g‘irlagan guruh aniqlandi. Ular Telegram orqali fuqarolar akkauntlarini buzib kirganlar.

IIVga ko‘ra, viloyatning Xonqa tumanida tug‘ilgan shaxslardan iborat guruh boshqa fuqarolar nomiga rasmiylashtirilgan bank kartalari va mobil sim-kartalardan foydalangan.

Xabarda ushbu guruh Telegram da yopiq guruhlar tashkil etib, Android qurilmalari uchun mo‘ljallangan APK formatdagi virusli fayllarni tarqatib kelgani aytiladi. Ushbu fayllar orqali fuqarolarning Telegram akkauntlariga buzib kirilgan.

Shundan so‘ng jabrlanuvchilar nomidan ularning yaqinlariga turli soxta xabarlar yuborilib, pul mablag‘lari o‘tkazib olingan. Shuningdek, telefonlarga ulangan bank kartalari orqali ham mablag‘lar yechib olingan.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, o‘g‘irlangan mablag‘larning bir qismi viloyat hududidagi bankomatlar orqali naqd pulga aylantirilgan. Qolgan qismi esa Binance, Tonkeeper va Bitget kabi kriptovalyuta platformalari orqali boshqa shaxslar nomiga o‘tkazilib, kriptoaktivlar aylanmasiga kiritilgan.

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi (O‘g‘rilik) 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda tergov harakatlari davom etmoqda.

Dentons hisobotiga ko‘ra, O‘zbekistonda onlayn firibgarlik 2020 yildan beri 48 baravar oshgan.