Eronda 40 kunlik motam. Eron, AQSh va Isroil o‘zaro hujumlarni davom ettirishmoqda. Qurbonlar oshmoqda. Video

Surat manbasi, Getty Images
Mojaro qurbonlari
AQSh harbiylari Bosh qo‘mondonligining ma’lum qilishicha, Eronga qarshi hujumlar jarayonida 3 nafar Amerika askari halok bo‘lgan.
Yana 5 askar "jiddiy jarohatlangan".
Eronga qarshi havo hujumlari haqida e’lon qilar ekan, Prezident Tramp "Amerika qahramonlari qurbonliklar berishlari" mumkinligini aytgandi.
"Bu holat urushlar davrida yuz berib turadi", deb aytgandi u.
Eron rasmiylariga ko‘ra, Minobdagi qizlar maktabiga kecha shanba kuni qilingan hujumda 153 nafar inson halok bo‘lgan.
Shuningdek, bir Eron rasmiysi ushbu maktab Islom Inqilob qo‘riqchilari bazasidan 600 metr uzoqlikda joylashganligi va "3 ta ballistik raketa bilan nishonga olinganligi"ni aytgan.
BBC hodisa yeridan olib, tasdiqlagan videotasvirlarda hujumga tutilgan binodan quyuq tutun chiqayotgani va odamlar sarosimada qichqirib, yig‘ilayotganlarini ko‘rish mumkin.
Ammo VVS qurbonlar sonini mustaqil manbalardan tasdiqlay olmagan.
Ayni vaqtda Isroil mudofaa kuchlari bu mintaqaga uyushtirilgan hujumdan xabardor emasliklari va Amerika tomoni hodisani tekshirayotganini bildirishgan.
Quvayt Mudofaa vazirligining ma’lum qilishicha, 97 ballistik raketa va 283 ta dronni urib tushirishgan.
Quvaytda 1 inson halok bo‘lgan. 31 kishi jarohatlangan.
Isroil xarbiylari Beyt Shamesh shahriga hujumda 9 inson halok bo‘lgani va 23 kishi jarohatlanganini ma’lum qilishgan.
AQSh harbiylari Eron harbiy kemasi shanba kuni Oman ko‘rfazida g‘arq etilganini bildirishgan.
Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari AQShning Abraham Lincoln uchoq tashuvchi kemasiga 4 ballistik raketa bilan hujum qilinganini da’vo qilishgan. Ammo AQSh tomoni raketalar hatto kemaga yaqin yerga kelib tushmaganini bildirishgan.
Isroil harbiylari Eron poytaxti Tehronga hujumlar yakshanba kuni davom etganligini aytishmoqda.
Birlashgan Arab Amirliklari Mudofaa vazirligi Abu-Dabidagi Al-salom dengiz harbiy bazasini 2 dron nishonga olganligini ma’lum qilishgan. BAA da kechadan beri 3 kishi halok bo‘lgani xabar berilgan.

Surat manbasi, Getty Images
Eron oliy diniy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy AQSh-Isroil havo hujumlari oqibatida o‘ldirilganidan so‘ng mamlakatda 40 kunlik motam marosimlari boshlangan.
Rossiyaning TASS xabar agentligining xabar berishicha, prezident Putin Oyatullohning o‘limi yuzasidan ta’ziya izhor etgan.
Janob Putin Oyatulloh Xomanaiyning o‘ldirilishini "insoniy ahloq va xalqaro qonunlarni buzuvchi surbetlarcha qotillik", deya ta’riflagan.
Rossiya va Eron hamisha yaqin ittifoqchi bo‘lib kelishgan. O‘tgan yili ikki mamlakat orasida harbiy aloqalarni rivojlantirish sohasida 20 dan ortiq "strategik hamkorlik" bitimlari imzolangandi.

Surat manbasi, Getty Images
Eron televizion kanallari Oliy Milliy Xavfsizlik kengashining Oyattulloh Ali Xomaneiyning o‘limini tasdiqlovchi bayonotini tarqatishgan.
Erondagi so‘nggi vaziyat haqida videolavha:
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
VVS tomonidan o‘rganib chiqilgan sun’iy yo‘ldoshdan olingan tasvirlarda Oman bo‘g‘ozi sohilidagi Eron harbiy bazasiga qilingan hujumdan so‘ng vaziyatni ko‘rish mumkin.
Vantor yo‘ldoshidan olingan suratda Konarak bazasidagi kemadan burqsitib chiqayotgan quyuq tutunni ko‘rish mumkin.
Konarak Eron harbiy dengiz kuchlarining 4 eng yirik bazasidan biri. Shu yaqin orada boshqa bir harbiy baza ham joylashgan.
Tasvirlardan yana shu narsa ayon bo‘ladiki, hujum amalga oshirilgan vaqti ushbu kema yagona nishon bo‘lgan.
Shanba kungi hujumlar natijasida Oyatulloh Xomaneiy bilan birga yana qator yuqori maqomli rasmiylar o‘ldirilgan.
Eron Davlat televideniesi mamlakat qurolli kuchlari Bosh shtabi rahbari Abdulrahim Musaviy ham o‘ldirilganligini ma’lum qilgan.
Tehron shuningdek, Inqilob Qo‘riqchilari gvardiyasi qo‘mondoni general Muhammad Pakpur ham o‘ldirilganligini tasdiqladi.
Bundan tashqari davlat matbuoti Xomaneiyning qizi , kuyovi va nabiralari ham halok bo‘lishganini bildirgan.
Eron Josuslik xizmatidagi manbalar CBS News ga havo hujumlarida 40 qa yaqin rasmiy o‘ldirilganligini aytgan.
Motam va xursandchilik

Surat manbasi, mamlakete/x
Ba’zi Eronliklar AQSh-Isroil hujumi oqibatida Oyatulloh Xomaneiy o‘limini olqishlamoqdalar.
BBC Fors xizmati ko‘chalarga xursandchilik bilan chiqqan odamlar tasvirlarini tasdiqlay olgan.
Isfahon shahrida olingan tasvirlarda odamlar hayqirib, mashinalar signallarini chalayotganlarini ko‘rish mumkin.
Yana bir tasvirda mushakbozliklar ro‘y berayotgani ko‘rinadi.
Yaqinda ro‘y bergan namoyishlarda o‘ldirilganlarning yaqinlari ham o‘z uylari yoki ko‘chalarda Oyatullohning o‘limini olqishlamoqdalar.
Reuters agentligi Tehron yaqinidagi Karaj shahrida ham shunday vaziyat kuzatilganligini xabar bergan.
Ammo yakshanba kuni ertalab aksar yerlarda kuzatilayotgan manzara Oliy diniy rahbarning o‘limiga motamdir. Ammo kun davomida vaziyat qanday o‘zgarishi hozircha noma’lum.
Tehronda Oyatulloh o‘limiga motam tutib, uning portretlarini qo‘llarida ushlab, ko‘chalarga chiqqan odamlarni ko‘rish mumkin.
Islom respublikasi tarixida olamshumul onlar

Surat manbasi, IRINN
VVS muxbiri Jon Donisonning yozishicha, Eronni deyarli 40 yil boshqarib kelgan Oyatullohning o‘limi mamlakat uchun olamshumul holatdir.
Uning o‘limi ba’zi Eronliklar tomonidan olqishlanayotgani hukumatni ag‘darishga da’vat qilayotgan AQSh va Isroilni rag‘batlantirishi mumkin.
Yakshanbaga o‘tar kechasi Isroil hujumlarni davom ettirgan. Aytilishicha, Eron ballistik raketalari omborlari va havo hujumlaridan mudofaa markazlari nishonga olingan.
Xalqaro Qizil Xoch tashkiloti Eronda 200 dan ortiq inson halok bo‘lganligini xabar bermoqda.
Eron Inqilob Qo‘riqchilari Oyatulloh o‘limiga misli ko‘rilmagan miqyosda dahshatli javob qaytarilishini bildirgan.
Isroilda ham yakshanba tongida Eron javobiy hujumlarni davom ettirgan ekan aholini havo hujumlaridan ogohlantiruvchi sirenalar yangragan.
Eron raketalarining aksari urib tushirilgan.
Ammo bir raketaning Tel-Avivga kelib tushishi oqibatida bir ayol halok bo‘lgan.
Tez yordam xizmati 120 inson jarohat olganini ma’lum qilgan. Ammo ularning aksari yengil jarohat ekanligi aytilgan.
Hujumlar davom etmoqda

Surat manbasi, Getty Images
Yakshanba kuni AQSh va Isroilning Eronga qarshi hujumlari davom etgan.
Eron prezidenti Ma’sud Pezeshkiyon o‘zining Telegram kanalidagi bayonotida Eronning "joriy xunrezlik va insoniyat tarixida ko‘rilmagan jinoyat amallariga qo‘l urganlarga qarshi qasosi qonuniy majburiyat va haqqi" ekanligini aytib, mamlakat "bu majburiyatni amalga oshirishda qo‘ldan kelgan barcha choralarni ko‘rishi"ni aytgan.
Hujumlardan so‘ng Eron Prezidentining qaerda ekanligi haqida savollar paydo bo‘lgandi.
Prezident devoni so‘zchisining aytishicha, "u sog‘-salomat va xavfsiz yerda".





























