O‘zbekiston: Maktab va universitetda narkotik tekshiruvi, o‘zbek mutaxassislarga oshgan xorijiy talab, hamda Nazarbekov soliq haqida nima deydi?

O‘smirlar va yoshlar o‘rtasida giyohvand moddalar iste’moli oshgan yo oshmagani haqida rasmiy statistika yo‘q
Surat tagso‘zi, O‘smirlar va yoshlar o‘rtasida giyohvand moddalar iste’moli oshgan yo oshmagani haqida rasmiy statistika yo‘q
O'qilish vaqti: 3 daq

O‘quvchi va talabalar narkotikka tekshiriladi

O‘zbekistonda maktab o‘quvchilari va talabalar narkotik iste’mol qilganini tekshirish uchun analiz topshirishi yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqida Daryo.uz sayti jurnalistiga Dori vositalari xavfsizligi markazi va Narkotiklarni nazorat qilish qo‘mitasi raisi Ismatjon Azimov ma’lum qildi.

"Prezidentning 207-sonli farmonlarida Sog‘liqni saqlash vazirligi, Akademiya, birgalikda test ishlab chiqarish topshirildi. Bizda shu paytgacha bu ishlab chiqarilmagan. Bu oddiygina poloska bo‘ladi. Tilga tekkizib ko‘riladi va so‘lakdan aniqlaydi. Shundoq [qurilmaga] tiqadi va uch sekundda javobini chiqarib beradi. Inson uch oydan olti oygacha narkotik iste’mol qilganini aniqlash mumkin», - dedi Azimov.

Rasmiyning aytishicha, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan bu test hozirda 16 ta giyohvand modda turiga nisbatan qo‘llaniladi. Test hozircha sinab ko‘rilmoqda va sinovdan o‘tgach, keng iste’molga chiqariladi.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Hozircha uning maktab va oliy o‘quv yurtlarda qay usulda qo‘llanishi bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot yo‘q. Azimovga ko‘ra, bu sentyabrdan ishga tushishi mumkin.

Rasmiy statistika mavjud bo‘lmasa-da, kuzatuvchilar O‘zbekistonda oxirgi yillarda o‘smir va yoshlar orasida sintetik narkotiklar iste’moli oshganini aytishadi.

O‘zbek mutaxassislarga «talab oshgan»

Prezidentga taqdimot

Surat manbasi, president.uz

Surat tagso‘zi, Prezidentga taqdimot

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashqi mehnat migratsiyasini tartibli tashkil etish, fuqarolarni xorijda yuqori daromadli ish o‘rinlariga tayyorlash va ularni har tomonlama himoya qilish haqida taqdimot bilan tanishdi.

Undan ma’lum bo‘lishicha, bugungi kunda xorijdan til va kasb talablariga javob beradigan 100 mingdan ortiq malakali mutaxassisga buyurtmalar kelib tushgan.

«Jumladan, Germaniyaga 40 ming hamshira, Yaponiyaga 15 ming qurilish, logistika va servis sohalari mutaxassislari zarur», deyiladi prezidentning saytida.

Taqdimotda prezident ichki mehnat bozorini ham sifatli kadrlar bilan ta’minlash lozimligini ta’kidladi
Surat tagso‘zi, Taqdimotda prezident ichki mehnat bozorini ham sifatli kadrlar bilan ta’minlash lozimligini ta’kidladi

Mazkur ehtiyojni qoplashda, rasmiy ma’lumotga ko‘ra, Germaniya, Koreya va Yaponiya kompaniyalari bilan texnikumlar tashkil etilgan. Ularda 8,5 ming fuqaro o‘qiyotgani va uch ming bitiruvchisi allaqachon ishga joylashgani aytildi.

«Mavsumiy ish yo‘nalishlarini ham kengaytirish zarurligi qayd etilib, bu borada agrar va turizm sohalarida imzolangan 12 ta yangi xalqaro bitim asosida AQSh, Buyuk Britaniya, Frantsiya, Ispaniya, Italiya, Turkiya va Koreya kabi davlatlar bilan hamkorlikni rivojlantirish topshirildi», deyiladi bayonotda.

Prezident Mirziyoyev Migratsiya agentligi faoliyati faqat tashqi mehnat migratsiyasi bilan cheklanib qolmasdan, ichki mehnat bozorini sifatli kadrlar bilan ta’minlashga ham xizmat qilishi lozimligini ta’kidlagan.

San’atkorlar soliq to‘laydimi?

Ozodbek Nazarbekov
Screenshot
Soliq to‘lamaydigan odam yo‘q. Bu dunyoda unaqa odam yo‘q. Aravakash ham to‘laydi, hamma to‘laydi. Soliq to‘lamayman, deyishga or qilish kerak odam.
Ozodbek Nazarbekov
Madaniyat vaziri (bbc.com/uzbek)

«O‘zbekkontsert» binosida ochiq muloqot o‘tkazgan Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov san’atkorlar va soliq masalasida yuzaga kelgan mujmal vaziyatga izoh berdi.

«Mana shu mavzu o‘rtaga chiqqanda juda ko‘p san’atkorlar yuzini, kimliginiki va savodsizligini ko‘rsatib qo‘ydi. Umuman, soliq haqida hech qanaqa bilimga ega emasligini ko‘rsatib qo‘ydi. San’atkorlar to‘layapti u soliqni hozir, to‘lamayapti, degan gap chiqib qoldi o‘rtaga. Hattoki to‘lamaymiz deb chiqishni boshladi, to‘layotgan san’atkorlar. O‘zi to‘layapti, hatto o‘zining to‘layotganini bilmaydi», — dedi vazir.

O‘zbekistonda 1 sentyabrdan san’atkorlarning barcha xizmatlarini (to‘ylardan tortib kontsertlargacha) Soliq ilovasida majburiy ro‘yxatdan o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Loyiha hozirda muhokamada.

Bu qonun loyihasi ilk marta kun tartibiga chiqqanida, qator san’atkorlar undan norozilik bildirib ijtimoiy tarmoqlarda chiqishlar qildilar.

Nazarbekovning aytishicha, «Soliq to‘laymizmi, to‘lamaymizmi?" degan masala muhokama bo‘lmasligi kerak.

«Hamma soliq to‘laydi. Soliq to‘lamaydigan odam yo‘q. Bu dunyoda unaqa odam yo‘q. Aravakash ham to‘laydi, hamma to‘laydi. Soliq to‘lamayman, deyishga or qilish kerak odam», — dedi madaniyat vaziri.

Vazirning aytishicha, soliq to‘lash vijdon masalasidir.

«Yo‘q, kechirib qo‘yasan, sen bugun tinch uxlayotganing shu soliqlar orqasidan. Bolang maktabga borayotgani soliqlar orqasidan. Bu davlat sen xotirjam uxlab, biznes qilishing, sharoit qilishing, shu yerda bola-chaqangni tinch tarbiyalashing uchun ishlayapti, o‘sha pullar o‘sha yoqqa ketyapti. „Men to‘lamayman“ deyish uchun odamda vijdon bo‘lmasligi kerak, vijdondan voz kechish kerak», — deya qayd etdi vazir.