Tolibon rahbari kitobini O‘zbek tilida ham nashr etishmoqchi

Surat manbasi, ZABIHULLAH MUJAHID/X
Afg‘oniston Toliboni rahbari Mavlaviy Hibbatulloh Oxunzoda kitob chiqardi.
Pashtu tilida yozilgan kitob "Ahli Sunna val Jamoa aqidasi" deb nomlanadi.
Kitob nashr etilgani haqidagi xabarni Tolibon voizi Zabihulloh Mujohid X(sobiq Tvitter)dagi sahifasida e’lon qildi.
"Mo‘minlar amiri(Alloh uni asrasin)ning muhim ijodi - Ahli Sunna val Jamoaning e’tiqodiga oid xavotirlari nashr etildi", dedi Zabihulloh Mujohid.
Uning ta’kidlashicha, ushbu kitob "ommani isloh etish" maqsadidagi "to‘g‘ri aqida"ni yoyish niyati bilan nashr etildi.
"Ommani isloh qilish ular e’tiqodining to‘g‘riligiga va g‘oyalar qurilishiga bog‘liqdir. Islom e’tiqodi bo‘yicha to‘g‘ri aqidaga asoslanmagan amal besamar va befoyda bo‘ladi", dedi Zabihulloh Mujohid.
Tolibon matbuot kotibi aytishicha, "to‘g‘ri aqida – Islom dinining mustahkam asosi va muhim tayanchi" bo‘lib, payg‘ambarlar o‘z ummatlarini da’vat qilishning boshidayoq aqidani tuzatish va Ulug‘ Allohning yagona ekanini bayon etishga alohida e’tibor qaratganlar.
U "to‘g‘ri aqida"ning najotbaxsh rolini ta’kidlab, shunday dedi:
"Komil iymon — insonni Ulug‘ Allohning azobidan saqlaydigan iymon — ikki qismdan iborat: birinchisi to‘g‘ri aqidani qaror toptirish, ikkinchisi esa shariatga muvofiq amal qilish. Aqida qismi bajarilmas ekan, amal qismi ham haqiqiy bo‘lmaydi."
"Agar bir kishi ko‘p yaxshiliklar qilsa-da, to‘g‘ri aqidaga ega bo‘lmasa, Ulug‘ Alloh uni abadiy azobdan asramaydi", — deya ogohlantirdi Mujohid va Hibbatulloh Oxunzodaning asari aynan shunday tushunmovchiliklarni bartaraf etishga qaratilganini qayd etdi.
U kitobda sunniylar e’tiqodining ishonchli va manbalariga tayanilgani, mavzular esa aniq va sodda bayon etilganini ta’kidladi.
"Bu asar o‘qituvchilar, talabalar va barcha ixtisosliklardagi umumiy o‘quvchilar uchun foydali bo‘lib, to‘g‘ri aqidaga oid muhim qo‘llanma hisoblanadi", — dedi matbuot kotibi.
U so‘zining yakunida "yaxshi bosma va yuqori sifatdagi" bu kitobni tez orada Dari, O‘zbek, Turkman va boshqa tillarida ham nashr etish rejalashtirilganini ma’lum qildi.

Oxunzodaning boshqa kitoblari
"Ahli sunnat va jamoat aqidasi haqida"gi asar — Oxunzodaning shu vaqtga qadar ma’lum bo‘lgan ikkinchi kitobidir.
Bundan bir oy oldin Tolibon rahbarining hokimiyatiga itoat qilish haqidagi kitobi chop etilgan edi.
Uning birinchi kitobi haqida 10 fevral kuni Bomiyon hokimining matbuot xizmati Dari tilida bayonot tarqatdi.
Bayonotda nashr nomi "Mo‘minlarning Amiriga bay’at, Alloh uni himoya qilsin (Bayat ba Amir al‑Muminin, hafezahullah)" deb ko‘rsatilgan va uning Bomiyon universitetidagi tadbirda namoyish etilgani xabar qilindi.
"Bu kitob turli boblarga bo‘lingan bo‘lib, unda itoatning fazilatlari va ahamiyati, Payg‘ambar ta’limotlariga ergashish, xalq orasida birlik va birodarlikni mustahkamlash masalalari ilohiy oyatlar va Payg‘ambar hadislari orqali tahlil qilingan", — deyiladi bayonotda.
Tadbirdagi bir necha rasmiylar kitob mazmunlarini "amalda tatbiq qilish va joriy etish zarurligi"ni alohida urg‘ulagan.
Biroq bu asar haqida ham, uni nima uchun ilk bor aynan Bomiyon viloyatida — Kobul yoki Qandahorda emas — taqdim etilgani haqida ham ma’lumot berilgani yo‘q.





























