Yangilanmoqda: AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi: neft barreli $100 dan qimmatladi

Surat manbasi, Reuters
9 mart tongida Osiyo bozorlari ochilishi bilan neft narxi keskin ko‘tarilib ketdi.
Brent markasidagi neft taxminan 15,5% ko‘tarilib bir barrelining bahosi 107,16 dollarga yetdi.
Nymex Light Sweet Amerika nefti 17% qimmatlab 106,77 dollargacha ko‘tarildi.
Dunyoning aksar nefti va suyultirilgan gazi ortilgan kemalar Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan o‘tadi, urush boshlanganidan keyin Eron bo‘g‘ozdan o‘tadigan kemaga hujum qilishidan ogohlantirdi.
Hozir Ho‘rmuz bo‘shab qoldi.
Shanba-yakshanba kunlari Yaqin Sharqdagi qator neftni qayta ishlash zavodlariga zarbalar uyushtirildi.
Bahraynning davlat nazoratidagi Bapco kompaniyasi fors-major e’lon qildi.
Boisi Eron droni neft zavodini shikastlab ishlab chiqarishni to‘xtatishga majbur bo‘lganlari.
9 mart ertalab birjalar ochilishi bilan aktsiyalar narxi tushib ketdi.

Surat manbasi, Reuters
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Eron yangi oliy rahbari Mujtaba Xomanaiyga tabriknoma yo‘lladi.
Turkiya, BAA, Quvayt osmonida dron va raketalar urib tushirilgani xabar qilindi.
Isroil Bayrut shahri atrofini bombardimon qilishda davom etdi.
Livan rasmiylari oxirgi haftada Isroil hujumlari oqibatida qariyb 400 inson halok bo‘lganini xabar qildilar.
Dunyoning yirik yettiligiga a’zo mamlakatlar Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yopilishi jahon neft bozorida inqiroz keltirib chiqarishi oldini olish maqsadida o‘z zaxiralarini ochish masalasini muhokama eta boshladilar.
Ukraina AQSh harbiy bazasini dronlardan himoya qilishda yordam beradigan mutaxassislarini Iordaniyaga yuborgani haqida xabar qildi.
Fox News telekanali xabar qilishicha, Mujtaba Xomanaiy Eron oliy rahbari etib saylanganidan Donald Tramp norozi bo‘lgan.
8 mart. Eronda yangi oyatulloh saylandi, Tramp qizlar maktabi zarbasida Eronni aybladi
Bir kun oldin Tehron neft omborlari va neft zavodlariga Isroil zarbalaridan keyin tehronliklar havo ifloslanganidan xavotirga tushib qoldilar.
Shahar osmonini qattiq qora tutun qoplagan, kechagi yong‘in haligacha o‘chgani yo‘q.
AQSh Markaziy qo‘mondonligi (Centcom) Eronni aholi gavjum yashaydigan nuqtalardan turib raketa va dron otayotganlikda aybladi.
Amerika harbiylari Eron rasmiylarini bunday hujumlar bilan tinch odamlar hayotini anglab turib xatarga qo‘yayotganlikda aybladi, eronliklarni uylaridan chiqmaslikka chaqirdi.
Centcomning X(Sobiq Tvitter)dagi iddaosiga ko‘ra, Eron Dezful, Isfahon va Sheroz shaharlaridagi tinch aholi tig‘iz yashaydigan hududlardan dron va ballistik raketalarini otishda foydalanayapti.
Hujumlar boshlangan 28 fevraldan beri Eron ham AQShni fuqarolik infratuzilmalariga zarba berayotganlikda aybladi.
BBC Verify jamoasi Eronga qilingan hujumlar oqibatida shifoxona, sport markazi, UNESCO merosi ro‘yxatiga kiritilgan saroy va ikki maktabga shikast yetkazilganini aniqladi.
O‘tgan shanba ertalab Minobdagi qizlar maktabiga hujumda 168 inson halok bo‘ldi.
Eron qo‘shnilari o‘z hududlariga yuzlab raketa va dron hujumlari uyushtirilgani bayonotlari bilan chiqdilar.
Quvayt Tashqi ishlar vazirligi yozishicha, 28 fevraldan buyon 234 ta raketa, 422 ta dron urib tushirilgan.
Birlashgan Arab Amirliklariga ko‘ra, Eron bu mamlakat hududini 1422 dron, sakkiz kema raketasi, 238 ta ballistik raketa bilan hujum qilgan.

Surat manbasi, Reuters
Germaniyaning FGS Nordrhein-Westfalen harbiy kemasi Kiprning Limmasol bandargohiga yetib borgani xabarlari tarqaldi.
O‘rta Yer dengizidagi Kiprning RAF Akrotiri Britaniyaga tegishli harbiy bazaga dron hujumi uyushtirilganidan keyin Yevropa harbiylari Kiprga o‘z harbiylarini joylashtirishga qaror qildilar.
Eron Kiprdagi Britan harbiy bazasiga dron bilan hujum qilmaganini aytmoqda.
Janubiy Kipr yashovchilari esa harbiy baza mavjudligi bois o‘z hayotlari tahdid ostiga qolayotganidan norozilik bildirib Akrotiri bazasi atrofida protest tashkil qildilar.
U yerga Frantsiya allaqachon FS Languedoc fregatini joylashtirdi.
Italiya bilan Ispaniya ham o‘z harbiy kemalarini yuborishga qaror qilganini xabar qildilar.
Gretsiya Kiprga ikki kemasi va F-16 uchoqlarini yuborgan.
Britaniya tikucharlari va HMS Dragon kemasini u yerda joylashtirishni mo‘ljallayotganini ma’lum qildi.
Halok bo‘lganlar haqida nimalar ma’lum?
Eron: Mamlakatning BMTdagi elchisi Amir Said Iravoniy 6 mart kuni aytishicha, 28 fevraldan boshlangan hujumlar oqibatida 1332 tinch fuqaro halok bo‘ldi.
Eron harbiylari orasidagi talofatlar haqida xabar berilgani yo‘q.
Livan: Oyatulloh Homanaiy o‘ldirilgani haqidagi xabar ortidan "Hizbulloh" 2024 yil Isroil bilan kelishilgan o‘t ochishni to‘xtatish bitimini buzib, Isroil hududiga raketa otishni boshladi.
Bunga javoban Isroil Livanga bergan zarbalar oqibatida 394 inson halok bo‘ldi, ularning 83 nafari go‘daklar, 42 nafari ayollar.
Isroil: Mamlakatdagi tez yordam xizmati MDA Eronga qarshi kampaniya boshlanganidan buyon 10 isroillik halok bo‘lgani, 1929 kishi yaralanganini xabar qildi.
8 mart kuni Isroil o‘zining ikki harbiysi Livan janubida halok bo‘lgani xabarini tarqatdi.
AQSh: Quvayt hududida joylashgan Amerika bazasiga 1 mart kuni uyushtirilgan dron hujumi oqibatida olti AQSh harbiysi halok bo‘ldi.
Bir kun oldin amerikalik harbiylari jasadi vataniga yetkazildi, ularni kutib olish marosimiga Prezident Trampning o‘zi chiqdi.
BAA: Mamlakat mudofaa vazirligi to‘rt inson halok bo‘lgani haqida xabar berdi.
Quvayt: Ichki ishlar vazirligiga ko‘ra, ikki harbiy xizmatchi va ikki chegarachi, olgan jarohatlari tufayli bir qizcha hayotdan ko‘z yumgan.
Bahrayn: Parchalar qulashi oqibatida bir kishi halok bo‘lganini xabar qildi Bahrayn Ichki ishlar vazirligi.
Saudiya Arabistoni: Ar-Riyod rasmiylariga ko‘ra, poytaxtdan janubda joylashgan Al-Xarj degan joyda snaryad portlashi oqibatida ikki inson halok bo‘lgan, 12 kishi yaralangan.
Halok bo‘lgan insonlarning biri bangladeshlik, ikkinchisi hiindistonlik ekani aytildi.
Al-Xarjda yirik harbiy havo bazasi joylashgan, baza oxirgi haftada bir necha marta nishonga olingani xabarlari tarqaldi.

Surat manbasi, Telegram/Mehr axborot agentligi
Eron ulamolari kengashi a’zosi Ahmad Alamalhoda aytishicha, yangi oyatulloh saylovi bo‘lib o‘tgan, rahbar saylangan.
"Endi qolgan hammasi kengash kotibiyati rahbari Husayn Bushehriyga bog‘liq", ulamodan iqtibos keltirdi Eronning Mehr axborot agentligi.
Eron oliy ruhoniy rahbari - Oyatullohni saylash vazifasi yuklatilgan ulamolar kengashi ko‘pchilik ovoz bilan bir rozilikka erishganlar, deya bundan oldin xabar tarqatdi Eron matbuoti.
Eronda islomiy olimlardan tashkil topgan Majlisi Xo‘brigoni Rahbari mamlakat oliy ruhoniy rahbarni saylaydi.
Majlis Qum shahrida joylashgan, 3 mart kuni Isroil uning binosini bombaladi.
Majlis a’zosi Muhammadmehdi Mirboqiriy so‘zlariga ko‘ra, "Oyatulloh Ali Xomanaiyning vorisini tanlash bo‘yicha ko‘pchilik roziligiga erishilgan".
U saylov jarayoni bilan bog‘liq yuzaga kelgan "ayrim to‘siqlar" hal etilganini aytdi.
Eron matbuoti xabarlariga ko‘ra, Majlisi Xo‘brigoni Rahbari a’zolari o‘rtasida yangi oyatulloh bilan bog‘liq yakuniy qaror bo‘yicha hammalari shaxsan to‘planishlari kerakmi yoki majlisga yig‘ilish rasmiyatchiligisiz ham oyatulloh nomi e’lon qilinaveradimi, degan savol bilan bahs yuzaga kelgan.
Shu kuni Isroil harbiylari Eronning yangi oyatullohini nishonga olishi haqidagi tahdidini ijtimoiy tarmoqda e’lon qildi.
Eron yangi oyatullohi etib marhum Ali Xomanaiyning o‘g‘li Mujtaba Xomanaiy saylanishi ehtimoli ilgari surilgan, Prezident Tramp Eronning keyingi rahbari kim bo‘lishini o‘zi hal qilishini istashini aytgan.
Shanbadan yakshanbaga o‘tar kechasidagi hujumlar

Surat manbasi, AFP via Getty Images
Isroil Eronning infratuzilmalarini nishonga olgan hujumlarning yangi to‘lqinini boshlaganini e’lon qildi.
Shanba tunida poytaxt Tehrondagi bir necha neftebaza va neftni qayta ishlash zavodlariga zarba oqibatida portlashlar va yong‘inlar kelib chiqdi.
Tehronliklar shahar osmoni xuddi kunduz kunidek yorishib ketganini aytdilar.
Rasmiylar neft tashish bilan shug‘ullanadigan avtomobillarning to‘rt haydovchisi halok bo‘lgani xabarini berdilar.
Tehronning yirik "Shahran" neft zavodi va neft omboriga Isroil 2025 yil yozida ham hujum qilgan edi.
Tunda Saudiya Arabistoni, Quvayt, BAA, Bahrayn rasmiylari shanba tuni va yakshanba tongida Eron dron hujumlariga duch kelganini xabar qildilar.

Surat manbasi, Reuters
Quvaytdagi Ijtimoiy xavfsizlik omma institutining ko‘p qavatli binosiga dron urilib portlashi oqibatida ulkan yong‘in kelib chiqdi.
Bahrayn tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, Muharraq shahrida raketa parchasi qulashi oqibatida kamida uch kishi yaralangan, universitet binosiga shikast yetgan.
Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi AQSh Qeshm orolidagi dengiz suvini chuchuklashtirish inshootiga hujum qilib uni ishdaan chiqarishda aybladi.
Birlashgan Arab amirliklari rasmiylari Eron hujumi oqibatida bir inson halok bo‘lganini aytdilar.
8 mart tongida AQShning Norvegiya poytaxti Oslodagi elchixonasida portlash ro‘y berdi.
Oslo politsiyasiga ko‘ra, binoga kichik shikast yetgan, hech kim jarohatlanmagan. Hozircha portlash sababi aniq emas.
Olinayotgan xabarlarga ko‘ra, Saudiya Arabistoni Tehronni agar o‘zlarining energetika inshootlariga Eron hujumlari davom etaversa, Ar-Riyod ham hujum bilan javob qaytarishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.
Tramp Minob maktabiga hujumda Eronning o‘zini aybladi

Surat manbasi, Reuters
AQSh prezidenti Air Force One uchog‘i bortida 7 mart kuni Prezident Donald Tramp jurnalistlar savollariga javob berdi.
Unga, Eron Islomiy qo‘riqchilar korpusi bazalari joylashgan hududga hujum uchun Amerika mas’ulmi, deb savol berishdi.
"Yo‘q. Mening fikrimcha, men ko‘rganlarimdan kelib chiqadigan bo‘lsak, buni eronliklar qilgan", deb javob qaytaardi Prezident Tramp.
So‘ng jurnalist AQSh mudofaa vaziri Pit Hegsetdan, shu haqiqatga to‘g‘ri keladimi, deb so‘radi.
"Biz tergov olib borayapmiz. Biroq tinch aholiga zarba beradigan yagona tomon - bu Eron", deb javob qaytardi Hegset.
"Biz buni eronliklar qilgan deb o‘ylaymiz. O‘zingiz bilganingizdek, ularning qurollari noaniq. Umuman aniqlik yo‘q. Buni eronliklar qilgan", dedi Prezident Tramp.

O‘tgan shanba kuni AQSh va Isroil Eron harbiy inshootlari va rahbariyatiga qarshi boshlagan keng miqyosli hujumlar payti mamlakat janubidagi Minob shahridagi qizlar maktabiga zarba berilgan edi.
Eron rasmiylari oqibatda 160 dan ortiq inson, aksari maktab o‘quvchi qizlari halok bo‘lganini xabar qildilar.
Eron rahbariyati maktabga hujumda AQSh va Isroilni aybladi.
AQSh Davlat kotibi Marko Rubio so‘zlariga ko‘ra, "AQSh maktabga atayin zarba bermaydi", "fuqarolik infratuzilmasiga hujum qilish uchun hech qanday sabab yo‘q".
Isroil o‘zining qurolli kuchlari bu hududda biror bir "operatsiya o‘tkazayotgani haqidagi ma’lumotga ega emasligini aytdi, biroq Bi-bi-siga ushbu hodisa o‘rganilayotganini bildirdi.
BBC Verify jamoasi o‘rgangan Yerning sun’iy yo‘ldoshidan olingan foto suratlarda bir necha zarba va yong‘in joyi ko‘rinadi, bu esa qizlar maktabiga bir necha marta zarba berilganini anglatadi.
O‘sha joydagi qurol parchalarisiz maktabga kim hujum qilganini aniq aytish qiyin.
7 mart. Dubay aeroportida portlash, Eron prezidenti uzr so‘ragani qanchalar ahamiyatli?

Surat manbasi, Х
Shanba kuni ertalab ijtimoiy tarmoqlarda ulashilgan videoda Dubay Xalqaro aeroporti hududiga aftidan dron hujumi uyushtirilgani aks etadi.
BBC bu videoda haqiqatdan ham Dubay aeroporti aks etganini tasdiqladi.
Aeroportning janubidagi sanoat hududidan olingan videoda terminal binosiga yaqinlikda portlash kelib chiqqanini ko‘rish mumkin. Videoni olayotgan shaxs "yana bitta dron" degani eshitiladi va portlashdan oldin dron motorinikiga o‘xshash ovoz quloqqa chalinadi.
Portlashdan oldin bir ob’ekt katta tezlikda yerga urilganini ko‘rish mumkin, ammo u nimaligini aniqlash imkonsiz.
Portlash temir yo‘lidan shimolda va Hertz binosiga yaqinlikda yuz berganini ko‘rish mumkin. Demak, u «A» kutish zaliga yaqin bo‘lgan.
Binoga yaqinlikda kamida to‘rtta uchoq turgani ko‘rinadi.
Zarba urib tushirilgan dron yo zambarakning qoldig‘imi yoki zarbaning o‘zi ekanini aniqlash qiyin.
Avvalroq Emirates xavo yo‘llari parvozlar to‘xtatilganini xabar qilgandi. Keyinroq u bu postni o‘chirib, parvozlar qayta yo‘lga qo‘yilganini aytgan.
Eron prezidenti qo‘shnilardan uzr so‘radi, ammo shiddatli hujumlar davom etmoqda, Dubay aeroportida ahvol noaniq

Surat manbasi, IRNA
Eng yirik aeroportga hujum
Guvohlar tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda ulashilgan videolarda Eronning eng gavjum Mehrobod aeroportida yonayotgan uchoq va katta tutun ko‘rinadi. Juma kuni olingan sun’iy yo‘ldosh tasvirlarida aeroportda bir nechta uchoqlar bo‘lganini ko‘rish mumkin.
Eron davlat ommaviy axborot vositalari ham aeroportning ba’zi qismlari nishonga olingani haqida xabar bermoqda.
Bu Isroil harbiylari mamlakatda "keng ko‘lamli yangi hujumlar to‘lqini"ni boshlaganini aytishi ortidan sodir bo‘ldi. U 4 mart kuni ham shu aeroportni nishonga olgan va uning hujumlari "Isroil havo kuchlariga tahdid solgan" mudofaa va aniqlash tizimlarini, jumladan, aeroportning vertolyot ishlab chiqarish qismini ham yo‘q qilganini aytgan.

Surat manbasi, X/@VAHID
Yangi hujumda aeroportning qaysi qismlari bombardimon qilingani hali aniq emas, ammo guvohlarning aytishicha, bu tungi bombardimon ancha shiddatli bo‘ldi.
1938 yilda qurilgan Mehrobod aeroporti bir vaqtlar poytaxtning asosiy xalqaro aeroporti bo‘lgan, ammo hozirda asosan ichki reyslarga xizmat ko‘rsatadi.
Shuningdek, u yerda Eron mudofaa sanoati bilan bog‘liq bo‘lgan bir nechta aerokosmik kompaniyalar joylashgan.
Isroil bu joyni bir necha bor bombardimon qilgan, jumladan, o‘tgan yilning iyun oyida Eronning yadroviy inshootlariga bir qator hujumlarni amalga oshirganida aeroport ham shikast ko‘rgan.
Prezidentdan uzr
Dushmanlar Eron xalqi taslim bo'ladi degan orzusini go'riga olib ketishi kerak.
Eron Prezidenti Masud Pezeshkian Eron davlat televideniesida videomurojaatni efirga uzatdi.
"Men hujumga uchragan qo‘shni davlatlardan uzr so‘rashni zarur deb bilaman", dedi u.
"Biz qo‘shni davlatlarga bostirib kirish niyatida emasmiz", dedi prezident va "tinchlik va osoyishtalikni o‘rnatish" uchun mintaqaviy hamkorlikka chaqirdi.
Pezeshkian qurolli kuchlarga davlat rahbariyatining yangi qarori chiqarilganini qo‘shimcha qildi: "bundan buyon qo‘shni davlatlarga birinchi bo‘lib hujum qilinmaguncha hujum qilinmaydi".
"Eronga hujum qilish uchun bu lahzadan foydalanishni o‘ylayotganlar imperializmning qo‘g‘irchoqlariga aylanmasliklari kerak", dedi prezident va Isroil yoki AQShni qo‘llab-quvvatlash "sharaf va ozodlikka yo‘l emas", deb qo‘shimcha qildi.
Ammo, uning chiqishidan ko‘p o‘tmay, Qatar Mudofaa vazirligi o‘z qurolli kuchlari raketa hujumini "to‘xtatgani"ni ma’lum qildi.
Bu xabar mahalliy vaqt bilan soat 11:00 dan oldin X saytida chop etilgan postda ulashildi.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Surat manbasi, Getty Images
Prezidentning uzr so‘ragani qanchalar ahamiyatli? BBC muxbiri Liz Duset tahlili
Eron prezidenti Pezeshkianning qo‘shni davlatlardan uzr so‘rashi mintaqaga qanday ta’sir qilishi noma’lum.
U Eronning hujumlari qurolli kuchlar tomonidan "xohlagancha o‘q uzish" sifatida amalga oshirilganini aytdi. Xabarlarga ko‘ra, bu urushda Eronning qo‘mondonlik tuzilmasi markazlashtirilmagan.
Ammo prezident va harbiy amaldorlar hali ham hujumlar mintaqadagi AQSh harbiy bazalaridan kelib chiqsa, ular nishonga aylanishini aniq aytmoqdalar.
Vaqtinchalik Rahbariyat Kengashi tomonidan qabul qilingan qarorning e’lon qilinishi arab davlatlarining g‘azabiga javob bo‘layotgan bo‘lishi mumkin. Ular so‘nggi yillarda sobiq ashaddiy dushmani bo‘lgan Eron bilan yangi munosabatlarni rivojlantirib, aksari AQShni Eronga qarshi urushga bormaslikka chaqirib kelayotgan edi.
Mintaqadagi yuqori lavozimli amaldor menga ularning Tehronga bo‘lgan g‘azabi endi o‘nlab yillar davom etishini aytdi.
Eron tizimida nisbatan mo‘’tadil bo‘lgan prezident ko‘proq yarashtirish ohanglarini qo‘llashga urinishi bilan tanilgan.
Yanvar oyida butun mamlakat bo‘ylab norozilik namoyishlarining asosiy to‘lqini halokatli kuch bilan bostirilgandan so‘ng, u hukumat iqtisodiy muammolarni hal qila olmagani uchun uzr so‘radi, ammo ko‘chalarda siyosiy o‘zgarishlarni talab qilgan chaqiriqlarga javob bermadi.
Tankerga hujum
Shuningdek, Eronning Islom inqilobi qo‘riqchilari Fors ko‘rfazida Hormuz bo‘g‘ozidan o‘tayotgan neft tankerini nishonga olganini ma’lum qildi.
Telegramda joylashtirilgan bayonotda aytilishicha, "Prima" nomli neft tankeri Eron dengiz floti tomonidan bo‘g‘oz orqali "harakatlanishni taqiqlash" haqidagi "takroriy ogohlantirishlarni e’tiborsiz qoldirganidan" keyin dron bilan hujumga olingan.
Eron qo‘shimcha qilishicha, u "dushman davlatlar bilan ittifoqdosh" neft tankerlari va tijorat kemalarining bo‘g‘ozdan o‘tishiga ruxsat bermayapti.
Hormuz bo‘g‘ozi dunyodagi energiya tashish uchun eng muhim yo‘llardan biri bo‘lib, neft va gazning taxminan beshdan bir qismi u orqali o‘tadi.
Yaqin Sharqdagi urush yuk tashish yo‘lining amalda to‘xtab qolishiga olib keldi, Eron rejimi shu hafta boshida u yerdan o‘tishga uringan kemalarni "yoqib yuborish" bilan tahdid qilgan.
AQSh prezidenti Donald Tramp AQSh dengiz kuchlari "agar kerak bo‘lsa" kemalarni o‘tish joyidan kuzatib borishi mumkinligini aytgandi.

Dubay parvozlari
Bugun Dubayga va undan tashqariga parvozlarning holati borasida chalkashliklar davom etmoqda.
Birlashgan Arab Amirliklari shanba ertalab yana bir Eron raketasi urib tushirilganini ma’lum qildi.
Dubay hukumati matbuot idorasining X dagi rasmiy sahifasida bu voqea "kichik" hodisa deb ataldi, hamda ba’zi qoldiqlar qulagani, ammo hech qanday jarohatlar yo‘qligi aytildi.
U ijtimoiy tarmoqlarda bu hujum xalqaro aeroportga ta’sir ko‘rsatgani haqidagi xabarlarni rad etdi.
Dubay xalqaro aeroporti so‘nggi bir soat ichida faoliyati to‘xtatilganini aytdi, ammo bir necha daqiqa oldin reyslar qisman qayta tiklanayotgani haqida xabar bergandi.
Avvalroq BAAning ikkita bayroqdor aviakompaniyasidan biri bo‘lgan Emirates ham faoliyatini qayta tiklayotganini e’lon qilgandi va bugun parvozlari bo‘lgan mijozlardan aeroportga kelishni so‘ragandi.
Uning ortidan Dubay hukumati matbuot idorasi ham Emirates ning faoliyatini qayta tiklash haqidagi so‘nggi xabarini ulashgan.





























