Xitoyda yangi qonun: Hamma millatlar endi xitoycha o‘rganishi shart

Si Szinьpin

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Xitoy rahbari Si Szinpin bir necha bor "dinni xitoiylashtirish"ni talab qilgan
O'qilish vaqti: 6 daq

Xitoy hukumati o‘nlab yillardan buyon etnik ozchiliklarni hukmron xan madaniyatiga singdirishga qaratilgan repressiv siyosat olib borayotganlikda ayblanadi.

Tadqiqotchilar va huquq faollari ta’kidlashicha, yangi qonun bu jarayonni yanada mustahkamlaydi, kengaytiradi va hatto tezlashtirib, ozchilik guruhlar huquqlari hamda ularning turmush tarziga jiddiyroq tahdid soladi.

Biroq Xitoy hukumati ushbu qonunni "birlik orqali modernizatsiya" uchun juda muhim deb hisoblaydi va uni "Etnik birlik va taraqqiyotni rag‘batlantirish to‘g‘risida"gi qonun deb atamoqda.

Qonun mandarin tilini dastaklaydi va boshqa tillarning maqomini pasaytiradi; hukmron xan millati va boshqa etnik guruhlar o‘rtasidagi aralash nikohlarni rag‘batlantiradi; ota-onalardan "voyaga yetmaganlarni Xitoy Kommunistik partiyasini sevishga o‘rgatish va shunga yo‘naltirish"ni talab qiladi; shuningdek, umumiy qoida sifatida "etnik birlik"ka zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan har qanday harakatni man etadi.

Si Szinpin bir necha bor "dinni xitoylashtirish"ga chaqirib, diniy amaliyotlar Kommunistik partiya Xitoy madaniyati va qadriyatlari deb hisoblagan me’yorlarga mos kelishi kerakligini ta’kidlagan. Ekspertlar bu qonun uning boshqaruvining o‘zagiga aylanib ulgurgan siyosatni mustahkamlaydi demoqda.

"Gap mandarin tilini targ‘ib qilish haqida ketyaptimi yoki etnik ozchiliklarning o‘zligini ifoda etish, diniy amaliyotlar va shu kabilarni cheklash to‘g‘risida ketyaptimi, asosiysi rejim shu orqali o‘zi qilgan barcha ishlar to‘g‘ri ekanini aytmoqda. Avvallari shunchaki siyosat bo‘lgan ishlarni endi qonun darajasiga ko‘tarmoqchi", deydi Pensilvaniya universiteti xodimi Aaron Glasserman.

Xitoyda aholisi bir necha o‘n mingdan millionlargacha yetadigan 55 ta rasmiy etnik ozchilik bor.

Biroq Pekin hamisha ayrim guruhlardan ko‘proq xavotirlangan. Xitoy tuzumi uyg‘urlar va boshqa turkiy ozchiliklar yashaydigan Shinjon, shuningdek, Tibetda inson huquqlari buzilishiga oid o‘ta jiddiy ayblovlarga duch kelmoqda.

Si Szinьpin (o‘rtada), Premьer Li Syan (o‘ngda) va Van Xunin (chapda) Xitoy Xalq vakillari umumxalq qurultoyi 14-chaqiriq to‘rtinchi sessiyasining ochilish marosimida qarsak chalmoqda.

Surat manbasi, EPA

Surat tagso‘zi, Prezident Si va Xalq vakillari umumxalq qurultoyining 14-chaqiriq yig‘ilishi etnik ozchiliklar huquqlarini cheklovchi qonunni qabul qilishi kutilmoqda

Kommunistik partiya ozchilik guruhlarni Xitoy tarkibida bo‘lishdan mamnun qilish uchun ularga ko‘proq muxtoriyat berish o‘rniga, ajralib chiqish haqidagi har qanday xavfli gap-so‘zlarga qarshi kurashish uchun ularni qo‘rqitib kelgan.

2008-yilgi Olimpiya o‘yinlari arafasida Tibet rohiblari Lhasa shahrida Pekin hukmronligiga qarshi qo‘zg‘olonga boshchilik qildi. Avvalgi qo‘zg‘olonlar singari, bu ham bostirildi. Pekin 22 kishi halok bo‘lganini aytsa-da, quvg‘indagi tibet guruhlari bu raqamni 200 ga yaqin deb hisoblaydi.

Keyingi yili mamlakatning olis g‘arbida, Shinjon-Uyg‘ur bo‘lgasi poytaxti Urumchida uyg‘urlar va xan millati vakillari o‘rtasidagi qonli to‘qnashuvlar natijasida 200 ga yaqin odam halok bo‘lgandi.

2013 yilda bir guruh uyg‘ur bo‘lginchilari portlovchi moddalar ortilgan mashinani Tyananmen maydoniga qaragan darvoza tomon haydab ketayotganda o‘ldirilgan, 2014 yilda esa boshqa bir guruh uyg‘urlar Yunnan provintsiyasidagi temiryo‘l vokzalida yo‘lovchilarga hujum qilgan.

Pekin etnik ozchiliklarga nisbatan qo‘llanayotgan qattiqqo‘l choralarni oqlash uchun ana shu zo‘ravon qo‘zg‘olonlarni keltirishi mumkin.

Ammo BMT va huquq himoyasi tashkilotlari bir milliondan ortiq uyg‘ur musulmonlar lagerlarda majburan ushlab turilganini da’vo qilmoqda. Xitoy hukumati bu joylarni "qayta tarbiyalash" va kasb-hunarga o‘qitish markazlari deb atagan. Shuningdek, xabarlarda uyg‘urlarning diniy amaliyotlari cheklangani va masjidlar yopilgani aytiladi.

Tibetda bir vaqtlar hokimiyat markazlari bo‘lgan monastirlar qattiq nazorat ostida. Endi 18 yoshgacha bo‘lgan har bir bola davlat maktablarida mandarin tilini o‘rganishi shart va buddaviylik bitiklarini o‘qiy olmaydi. Bu bir paytlar bolalar rohib bo‘lish uchun monastirlar qoshidagi maktablarga borgan jamiyat uchun katta zarbadir.

Lxasadagi maydonda ag‘darilgan barak yonidan o‘tib ketayotgan tibetlik rohib.

Surat manbasi, AFP via Getty Images

Surat tagso‘zi, 2008 yilda Tibet poytaxti Lxasada Xitoy hukmronligiga qarshi namoyishlarni bostirish uchun xavfsizlik kuchlari o‘q otganidan keyin, halokatli zo‘ravonliklar avj oldi

So‘nggi yillarda hukumatning Ichki Mo‘g‘ulistonda mo‘g‘ul tilini o‘qitishni cheklashi hamda amaldorlarning mamlakat shimoli-g‘arbidagi Ninsya viloyatida xuey musulmonlari masjidlarini buzishga buyruq berishi ortidan tartibsizliklar kelib chiqdi.

Tahlilchilar fikricha, hukumat ozchiliklarning amaldagi qonuniy himoyasini chetlab o‘tish uchun yangi qonunga ehtiyoj sezgan bo‘lishi mumkin.

Qolaversa, bu qonun ularga Xitoyni qo‘shnilar va asosiy global savdo yo‘llari bilan bog‘laydigan strategik muhim hududlarni nazorat qilish imkonini beradi.

China Power Project tahlil markazi yangi qonunni o‘rganar ekan, kommunistik Xitoy asoschisi Maoning quyidagi so‘zlarini keltiradi: "Biz Xitoyni hududi keng, resursga boy va aholisi ko‘p mamlakat deymiz; aslida esa aholisi ko‘p xan millati, hududi keng va resurslari boy bo‘lganlar esa ozchilik millatlardir".

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

To‘g‘ri, uyg‘urlar kabi ba’zi millatlarsoni bir necha millionga yetsa-da, ular aholini ro‘yxatga olishda Xitoy fuqarolarining 90 foizdan ortig‘ini tashkil etuvchi xan millati vakillari soni oldida juda ozchilik bo‘lib qoladi.

Ammo tibetliklar, uyg‘urlar va mo‘g‘ullarning tarixiy vatanlariga nazar tashlasak, bu ulkan hududlar mineral resurslarga boy, qishloq xo‘jaligi uchun muhim ahamiyatli va mamlakat umumiy yer maydonining salmoqli qismini tashkil etadi.

Tarixda bu xalqlarning Xitoydan mustaqil bo‘lgan davrlari bo‘lgan. Ular xorijiy mamlakatlar bilan chegaradosh keng hududlarda yashaydi. Ular nafaqat o‘z tillarida so‘zlashadi, balki o‘zlariga xos yozuvlari ham bor.

Ular vaqti-vaqti bilan o‘ziga xos madaniyatlarini himoya qilish uchun Pekinga qarshilik ko‘rsatishga harakat qilgan, ammo muvaffaqiyatga erisha olishmagan. Ularning surgundagi vakillari esa xorijda rejimning eng ashaddiy tanqidchilaridan bo‘lib kelgan.

Garchi Xitoyda Partiya nimani istasa, o‘sha qonunga aylanishi mumkin bo‘lsa-da, yangi "etnik birlik" qonuni amaldorlarga allaqachon qilib kelayotgan ishlarni bajarishni yanada osonlashtiradi, endi ularda yuqoridan berilgan aniqroq ko‘rsatmalar bo‘ladi.

Ko‘p yillardan buyon Xitoy hukumati xan millatiga mansub xitoyliklarni Tibet yoki Shinjonga ko‘chib o‘tishga rag‘batlantirib keladi. Tanqidchilar aytishicha, hukumat u yerda ozchilik etnik guruhlar sonini atay bosib ketishga harakat qilgan. Natijada, mintaqaviy markazlar Lhasa va Urumchida xan madaniyatining ulkan oqimi kuzatildi.

Bundan tashqari, Pekin etnik guruhlar, ayniqsa, uyg‘urlar va xan xitoyliklari o‘rtasidagi nikohlarni moliyaviy rag‘batlantirish orqali qo‘llab-quvvatladi, shu yo‘l bilan ozchilik guruhlarni xan madaniyatiga singdirishga urinishda ayblanmoqda. Yangi qonun endi ayni shu masalani tartibga soladi.

"Ular qonunda millatlararo nikohni ochiqcha targ‘ib qilmayapti. Ularning aytishicha, hech bir shaxs yoki tashkilotga birovning diniy yoki etnik mansubligiga asoslanib, nikoh erkinligiga aralashishga ruxsat etilmaydi", deydi Glasserman.

U xan millatiga mansub erkak va uyg‘ur ayoli o‘rtasidagi nikohga mahalliy imom yoki ruhoniy e’tiroz bildirishi mumkinligini misol qilib keltiradi.

"Tasavvur qiling, mahalliy amaldorning asosiy maqsadi lavozimga ko‘tarilish yoki hech bo‘lmaganda ishdan haydalmasligi uchun muammolarni iloji boricha kamaytirishdir. Bu amaldor vaziyatni sezdirmay yumshatishi, nikohga qarshilik uchun sharoit yaratishi mumkin. Ushbu qonun esa bu jarayonni qiyinlashtiradi, odamlarning imom, ruhoniy yoki ota-onalar qarshiligiga yo‘l qo‘ymaslik ehtimolini oshiradi".

Xitoyda o‘z an’anaviy vatanlarida yashayotgan uyg‘urlar, tibetliklar yoki mo‘g‘ullardan bu qonun haqidagi fikrlari bo‘yicha intervyu olish qiyin. Chunki hukumatning har qanday siyosatini tanqid qilish "ayirmachilik" targ‘iboti deb topilsa, qamalishlari mumkin.

Biroq xorijda ularning huquqlarini himoya qiluvchi guruhlar bong urmoqda.

Monastirdagi rohiblar.
Surat tagso‘zi, 2025 yilda Bi-Bi-Si o‘nlab yillar davomida tibetliklar qarshiligi markazida bo‘lib kelgan bir monastirga tashrif buyurdi

Yangi qonun maktablarda ozchilik tilida o‘qitishni cheklash orqali "uyg‘urlar, tibetliklar va mo‘g‘ullar endi maktab va universitetlarda o‘z ona tillaridan foydalana olmasligini" ta’minlaydi. "Buning o‘rniga ular Kommunistik partiyaning etnik ozchiliklarni xan-xitoy jamiyatiga singdirish siyosatining bir qismi sifatida mandarin tilidan foydalanishga majbur bo‘ladi", deb yozadi "Uyg‘urlar uchun kampaniya" tashkiloti ijtimoiy tarmoqlarda.

Hindistonda joylashgan va surgundagi tibetliklar tomonidan moliyalashtiriladigan ingliz tilidagi "Phayul" veb-saytiga ko‘ra, "Tanqidchilar ushbu qonunni Si Szinpin rahnamoligidagi tezlashtirilgan "xitoylashtirish" kampaniyasining so‘nggi bosqichi deb biladi".

Qaysidir ma’noda, Kommunistik partiya bu qonun assimilyatsiyaga qaratilgani borasida faollar va tanqidchilar bilan hamfikr – farqi shuki, partiya buni ijobiy holat deb hisoblaydi.

Bu qonun "partiyaning etnik masalalar ustidan har tomonlama rahbarligini ta’minlash, xitoy millatining yagona hamjamiyat tuyg‘usini mustahkamlashning institutsional mexanizmlarini takomillashtirish va etnik ozchilik hududlarining mamlakatning umumiy taraqqiyotiga yaxshiroq integratsiyalashuvini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan", dedi qonunni qabul qiladigan bu yilgi Butunxitoy xalq vakillari qurultoyi spikeri Loyu Sinjyan.

Partiya uzoq vaqtdan beri xan xitoylari boshqa etnik guruhlarga nisbatan modernizatsiyaning yuqori bosqichida ekanligini ta’kidlab keladi. Ular bu bilan ozchilik etnik guruhlarni qoloq demoqchi bo‘ladi.

Glassermanning aytishicha, bu ba’zida "Bizda inqilob bo‘ldi, endi hammamiz mandarin tilida gaplashadigan vaqt keldi. Ularning "qoloq" dafn yoki nikoh odatlariga hurmat ko‘rsatish shart emas, chunki endi hammamiz zamonaviymiz", deb hisoblaydigan g‘ayratli mahalliy amaldorlar bilan ishlash markaziy hukumat uchun ham boshog‘riq bo‘lgan.

Oqibatda bu hol quyi darajadagi amaldorlarning musulmonlarni cho‘chqa go‘shti yeyishga majburlashi yoki zavod rahbarlarining halol oshxonalari bo‘lmagan holda musulmon ishchilarni yollashiga sabab bo‘lgan. Pekin uchun bu arzimas tortishuvlardir. Biroq ayrim joylarda hukumat bu xabarni quyi kadrlarga yetkaza olmay qiynalgan. Shu sababli, ushbu qonun javob choralarini standartlashtirishi mumkin, degan umid bor.

Huquq himoyachilari aytishicha, bu hujjatni huquqbuzarlarni sudga tortish vositasi sifatida emas, balki ko‘proq ommaviy bayonot sifatida qabul qilish kerak.

"U ta’lim, din, tarix, madaniyat, turizm, ommaviy axborot vositalari va internetda "xitoy millatining umumiy ongi" bilan bog‘liq mafkuraviy asosni rasmiylashtiradi, bu mafkurani shahar va qishloqlarni rejalashtirishga, iqtisodiy rivojlanishga singdirishni ko‘zlaydi", deydi Human Rights Watch tashkilotining Xitoy bo‘yicha tadqiqotchisi Yolqin Uluyo‘l.

Aksariyat tahlilchilar fikricha, Pekin mamlakat bo‘ylab o‘z hukmronligini o‘rnatish uchun yangi qonunga muhtoj emas. Biroq bu qonun Si Szinpin yaqin kelajakda Xitoyni qaysi tarafga boshlayotganidan darak beradi.