Qozog‘istonda yangi Konstitutsiya: islohotmi yoki hokimiyatning yanada markazlashuvimi?

Surat manbasi, Qozog'iston Prezidentining ma'muriyati
Referendum orqali qabul qilingan yangi Bosh qonun parlament vakolatlari, so‘z erkinligi va hokimiyat muvozanati haqida yangi bahslarni boshladi.
Referendum natijalariga ko‘ra, Qozog‘iston fuqarolarining katta qismi yangi Konstitutsiyani qo‘llab-quvvatladi. Biroq mustaqil ekspertlar yangi Bosh qonun mamlakatda hokimiyat muvozanatini qayta shakllantirishi, parlament rolini qisqartirishi va ayrim fuqarolik erkinliklariga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini aytmoqda.
15 mart kuni Qozog‘istonda yangi Konstitutsiya bo‘yicha referendum o‘tkazildi. Markaziy referendum komissiyasi ma’lumotiga ko‘ra, saylovchilarning 73 foizi — taxminan 9,1 million kishi ovoz berishda ishtirok etgan. Ularning 87,15 foizi konstitutsiyaviy islohotlarni qo‘llab-quvvatlagan, 9,83 foizi esa qarshi chiqqan. 146 mingdan ortiq byulletenь yaroqsiz deb topilgan.
16 martga o‘tar kechasi prezident Toqaev referendum natijalarini «xalqning tarixiy tanlovi» deb atadi va 15 martni Konstitutsiya kuni sifatida nishonlashni taklif qildi. Bungacha bu bayram mamlakatda 30 avgustda nishonlanar edi — 1995 yilda aynan shu kuni amaldagi Konstitutsiya referendum orqali qabul qilingan.
«Beshinchi urinish»: rasmiyatchilikmi yoki chinakam tanlov?

Bi-Bi-Si bilan suhbatlashgan qirg‘izistonlik xalqaro munosabatlar bo‘yicha ekspert Chinara Esengulning aytishicha, Qozog‘iston mustaqillik yillarida Konstitutsiyani referendum orqali beshinchi marta o‘zgartirmoqda.
«Birinchi va ikkinchi o‘zgarishlar 1990 yillarda sobiq prezident Nursulton Nazarboevning vakolat muddatini uzaytirish bilan bog‘liq bo‘lgan. 2022 yilda Qaңtar voqealaridan keyin konstitutsiyaviy referendum o‘tkazildi. 2024 yilda esa atom elektr stantsiyasi qurilishi masalasi ham xalq ovoziga qo‘yildi. Endi Konstitutsiya yana referendum orqali o‘zgarmoqda», - deydi ekspert.
Uning ta’kidlashicha, bu galgi islohotlar ko‘lami ancha katta: Konstitutsiya moddalarining taxminan 84 foizi yangilanmoqda.
«Bu o‘zgarishlarni amalda Bosh qonunning uchinchi tahriri deb atash mumkin», - deydi Chinara Esengul.
Biroq ekspert referendum formatini tanqid qilib, fuqarolarga loyihani to‘liq qo‘llab-quvvatlash yoki rad etishdan boshqa tanlov berilmaganini aytadi.
«Alohida moddalar bo‘yicha ovoz berish imkoniyati yo‘q edi. Shu bois bu jarayonni xalq roziligini rasmiylashtirish sifatida ham baholash mumkin», - deydi u.
Parlament va hokimiyat tizimida nima o‘zgaradi?
Prezident Toqaev islohotlar mamlakatni «superprezidentlik» modelidan kuchli parlamentga ega prezidentlik respublikasiga o‘tkazishini aytmoqda.
Biroq ayrim mustaqil siyosatshunoslar bu o‘zgarishlar amalda prezident vakolatlarini yanada mustahkamlashi mumkinligini ta’kidlamoqda.
Eng muhim yangiliklardan biri — ikki palatali parlament tizimining bekor qilinishi. Amaldagi Majlis va Senat o‘rniga 145 nafar deputatdan iborat bir palatali organ — Qurultoy tashkil etiladi.
Deputatlar faqat partiyaviy ro‘yxat asosida saylanadi. Bu esa mustaqil nomzodlarning parlamentga kirish imkoniyatini amalda yo‘qqa chiqaradi. Shu bilan birga, muxolif partiyalar ko‘p yillardan beri Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘ta olmayotgani ham qayd etilmoqda.
Yangi Konstitutsiyaga ko‘ra, parlament bir qator muhim vakolatlarini ham yo‘qotadi. Jumladan, Bosh prokuror, Milliy bank raisi, Konstitutsiyaviy va Oliy sud raislari hamda Milliy xavfsizlik qo‘mitasi rahbarini tayinlashda parlament roziligi talab qilinmaydi.
Deputatlarning davlat byudjetini tasdiqlash va unga o‘zgartirish kiritish vakolati ham yangi tahrirda aniq belgilab berilmagan.
Vitse-prezident va vorislik masalasi
Yangi Konstitutsiyada 30 yillik tanaffusdan so‘ng vitse-prezident lavozimi tiklanmoqda.
Rasman u prezident va parlament o‘rtasidagi aloqani ta’minlovchi shaxs sifatida ko‘rsatiladi. Ammo siyosiy tahlilchilar bu lavozimni hokimiyat vorisligini ta’minlash mexanizmi sifatida ham ko‘rmoqda.
Agar prezident vakolatlari muddatidan oldin tugasa, davlat rahbarligi aynan vitse-prezidentga o‘tishi mumkin.
So‘z erkinligi haqidagi bahslar

Surat manbasi, Reuters
Yangi Konstitutsiyadagi bahsli normalardan biri so‘z erkinligiga oid modda hisoblanadi.
Amaldagi tahrirdan farqli ravishda, yangi matnda so‘z erkinligi «jamiyat axloqi va jamoat tartibiga putur yetkazmaslik» sharti bilan cheklanishi mumkinligi belgilangan.
«Media Qoldau» yuridik xizmati rahbari Gulmira Birjanova bu normani noaniq va xavfli deb baholaydi.
«"Jamiyat axloqi" huquqiy jihatdan aniq ta’rifga ega emas. Shu sababli bu tushuncha sub’ektiv talqin qilinishi va so‘z erkinligini cheklash uchun ishlatilishi mumkin», - deydi u.
Uning ta’kidlashicha, sha’n va qadr-qimmatni himoya qilish Konstitutsiyaning boshqa moddasida allaqachon nazarda tutilgan.
«Bu normani yana takrorlash sud amaliyotida turli talqinlarga va suiiste’mollarga sabab bo‘lishi mumkin», - deydi huquqshunos.
Bu xavotirlar jurnalistlar orasida ham aks-sado bergan. 800 nafardan ortiq jurnalist hukumatga murojaat qilib, bahsli moddani avvalgi ko‘rinishida saqlab qolishni talab qilgan.
Biroq hukumat takliflar ko‘rib chiqilganini bildirganiga qaramay, modda yakuniy matnda o‘zgarishsiz qolgan.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
«Xorijiy agentlar» va fuqarolik jamiyati
Yangi Konstitutsiya xorijiy manbalardan moliyalashtiriladigan nodavlat tashkilotlar uchun oshkoralik talablarini kuchaytiradi.
Qozog‘iston xalqaro inson huquqlari byurosi eksperti Yevgeniy Jovtis bu normani ortiqcha deb hisoblaydi.
«Soliq qonunchiligi va nodavlat tashkilotlar haqidagi qonunlar bunday hisobotni allaqachon talab qiladi. Shuning uchun bu talabni Konstitutsiyaga kiritish zarurati tushunarsiz», - deydi u.
Birjanova esa bu talab faqat nodavlat sektorga nisbatan qo‘llanayotganini tanqid qiladi:
«Davlat ham xorijiy moliyalashtirish oladi. Agar shaffoflik talab qilinayotgan bo‘lsa, bu talab barchaga bir xil qo‘llanishi kerak».
Nikoh va «an’anaviy qadriyatlar»
Yangi Konstitutsiyada nikoh «erkak va ayolning ixtiyoriy ittifoqi» sifatida belgilab qo‘yildi.
Madaniyat va axborot vaziri Aida Balaeva bu normani oila institutini mustahkamlash va «an’anaviy qadriyatlarni himoya qilish»ga qaratilgan chora sifatida ta’riflagan.
Bu o‘zgarish 2025 yilda qabul qilingan, internet va ommaviy axborot vositalarida LGBTni «targ‘ib qilishni» taqiqlovchi qonun bilan ham uyg‘unlikda ko‘rilmoqda.
Mintaqaviy tendentsiya
Chinara Esengul Markaziy Osiyoda «kuchli qo‘l» boshqaruviga bo‘lgan ijtimoiy talab hanuz yuqori ekanini ta’kidlaydi.
«Mintaqa mamlakatlarida bir shaxs yoki bir partiya kuchli bo‘lsa, islohotlar samarali amalga oshadi, degan qarash keng tarqalgan. Global beqarorlik sharoitida superprezidentlik tizimi tez qaror qabul qilish imkonini beradi», - deydi ekspert.
Biroq bunday tizim hokimiyatning ortiqcha markazlashuvi va sulolaviy boshqaruv xavfini ham keltirib chiqarishi mumkin, deb qo‘shimcha qiladi u.
Shuningdek, u Bi-Bi-Sining kutilayotgan muhim o‘zgarishlar haqidagi savoliga javoban til masalasiga ham to‘xtalib o‘tdi.
«Rus-ukrain mojarosi muayyan ma’noda til masalasi — Ukrainadagi rus tilining maqomi atrofidagi bahslar bilan ham bog‘liq. Bu masala Markaziy Osiyoda ham muhim. Ayrim hollarda bu yerda Rossiyaning ta’siri ham sezilib turadi. Rus tilining rasmiy maqomini mustahkamlab, davlat tili sifatida qozoq tilini saqlab qolish ko‘zda tutilgan. Men eng muhim o‘zgarishlar sifatida aynan ikki masalani — "xorijiy agentlar" haqidagi norma va til masalasini aytgan bo‘lardim», - deydi u.
Keyingi qadamlar
Yangi Konstitutsiya 2026 yil 1 iyuldan kuchga kiradi.
Shu yil kuziga qadar yangi Qurultoyga saylovlar o‘tkazilishi kutilmoqda.
Ayrim g‘arb tahlilchilari yangi Konstitutsiya prezidentlik muddatini «nollashtirishi» va Toqaevga 2029 yilgi saylovlarda yana qatnashish imkonini berishi mumkinligini aytmoqda.
Toqaev esa saylovlar belgilangan muddatda o‘tishini tasdiqlagan, ammo unda shaxsan ishtirok etish-etmasligi haqida hali aniq bayonot bermagan.




























