O‘zbekiston va dunyo: Tramp Eron bilan otashkesimga boradimi, nefti endi Eronni kuchaytiradimi, Rossiyaga yalpi dron hujumi, Mirziyoyevga ham Eron va ham Isroildan hayit tabrigi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev

Surat manbasi, rasmiy

Surat tagso‘zi, O‘zbekiston prezidenti ham Yaqin Sharq va ham afg‘on mojarosiga xalqaro miqyosda eng ko‘p e’tibor tortib kelayotgan davlat rahbarlaridan biri bo‘ladi.
O'qilish vaqti: 5 daq

Dunyo, mintaqa va O‘zbekistonda nima gap?

Tramp Eron bilan otashkesimga boradimi?

AQSh Prezidenti Donald Tramp

Surat manbasi, The White House via X Account/Anadolu via Getty Images

Surat tagso‘zi, AQSh prezidenti Eron bilan otashkesim ehtimolini ham nazardan soqit etdi.

AQSh prezidenti yangi bayonot bilan chiqdi.

Tramp mamlakati Eronga qarshi amaliyotlarini tugatish masalasini ko‘rib chiqayotganini aytdi.

U endi Ho‘rmuz bo‘g‘ozini boshqa davlatlari qo‘riqlashi kerakligini ta’kidladi.

Rasmiy Tehron Trampning bu gaplariga shu soatlarda o‘zining munosabatini bildirdi.

Eron tashqi ishlar vazirining ta’kidlashicha, AQSh o‘z tajovuzini to‘xtatishga tayyor ko‘rinmaydi.

AQSh prezidenti, shuning barobarida, Eron bilan otashkesim ehtimolini ham nazardan soqit etdi.

Tramp Vashington urushda yaqqol ustunlikka ega ekanligini aytdi.

Oq uy hovlisida AQSh Davlat kotibi hamrohligida jurnalistlar bilan gaplasharkan, ularga, "O‘ylaymanki, biz g‘alaba qozondik", - dedi.

"Men o‘t ochishni to‘xtatishni istamayman. Sizga yaxshi ma’lumki, dushmanni tom ma’noda yo‘q qilayotganingizda sulh bitimlari tuzilmaydi", - deya qo‘shimcha qildi.

AQSh prezidentining bu gaplariga rasmiy Tehronning munosabati hozircha imkonli emas.

AQSh Markaziy qo‘mondonligining ma’lum qilishicha, Eronning Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi kemalarga tahdid qilish qobiliyati shu hafta uning yer osti harbiy ob’ektini bombardimon qilganlaridan so‘ng "pasaygan".

Ammo Trampning ayni mazmundagi bayonotlari mahalliy matbuotdagi AQSh Yaqin Sharqqa qo‘shimcha kuchlar yuborayotgani, bu endi quruqlikdagi amaliyotlarga hozirlikni anglatishi mumkinligiga oid xabarlar fonida yangradi.

Ayni paytda Eron Natanzdagi yadroviy inshooti yana nishonga olingani, biroq buning atrofdagilar uchun xavfi yo‘qligini bildirdi.

Eron ham har yili Navro‘z ayyomini keng nishonlab kelgan, ammo eronlik bir ayol bugun BBC ga Yangi Yil kayfiyatini his qilmayotganini aytgan.

Eronning Ho‘rmuz bo‘g‘ozida yuk kemalari qatnovi

Eronning hujumlari AQShga $800 million dollarga tushdimi?

Amerika Qo‘shma Shtatlarining Qatardagi harbiy bazasi.

Surat manbasi, Win McNamee/Getty Images

Surat tagso‘zi, Eron AQSh va Isroilning zarbalariga javoban Amerikaning harbiy bazalari joylashgan o‘ziga qo‘shni davlatlarni ham hujumga tutishga o‘tgan.

AQSh va Isroilning Eron bilan urushi manzarasida yangi tahlillar natijalari e’lon qilindi.

Unda Eronning Yaqin Sharqdagi AQSh harbiy bazalariga qilgan hujumlari urushning dastlabki ikki haftasida $800 million dollar ziyon keltirgani aytildi.

Bunga strategik va xalqaro tadqiqotlar markazining hisoboti va BBC tahlili dalolat qildi.

Rasmiy Vashington hozircha bu xususda jim.

Eron esa AQSh va Isroilning zarbalariga javoban Amerikaning harbiy bazalari joylashgan o‘ziga qo‘shni davlatlarni ham hujumga tutishga o‘tgan.

Ammo AQShning mintaqadagi ob’ektlariga berilgan zarbalar natijasida yetkazilgan zararning bor ko‘lami hozircha ma’lum emas.

Skip Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating: and continue readingBizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

Nefti endi Eronni kuchaytiradimi?

Neft qiymatiga oid ko‘rsatkichlar.

Surat manbasi, Samuel Boivin/NurPhoto via Getty Images

Surat tagso‘zi, AQSh Moliya vazirligi bir oy muddatga Eron nefti oldi-sotdisiga ruxsat berdi.

AQSh Eron neftiga qo‘yilgan sanksiyalarni vaqtincha bekor qildi.

Ekspertlar esa bu Eron bilan urushayotgan davlat uchun paradoksal qaror ekanini aytishdi.

AQSh Moliya vazirligi bir oy muddatga Eron nefti oldi-sotdisiga ruxsat berdi.

Bundan maqsad neft narxini pasaytirish ekani aytildi.

So‘nggi urush fonida neft narxi beqarorligicha qolmoqda.

So‘nggi haftalarda bir barrelining qiymati $100 AQSh dollaridan oshib ketgani ham kuzatildi.

Bunga Eron tomonidan Ho‘rmuz bo‘g‘ozining to‘silishi ham sabab bo‘ldi.

Ho‘rmuz xalqaro neft tranzitida muhim yo‘nalishlardan biri sanaladi.

Ekspertlarning ogohlantirishlaricha esa, Vashington aslida o‘zining qarori bilan Tehronga urushni davom ettirishdan foyda olish imkonini beradi.

AQShning yangi qarori hali g‘oya ekani paytidayoq ularning tanqidlariga uchragan.

Ekspertlar buning AQSh sanksiyalar siyosatiga zid ekanini aytishgan.

Uning narxlarga ta’siri cheklangan bo‘lishi, neft oldi-sotdisi AQSh urushayotgan Eron rejimini moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlashini prognoz qilishgan.

Ammo AQSh Moliya vaziri boshqacha fikrda.

Unga ko‘ra, AQSh "xalqaro moliya tizimiga kira olmasligi uchun Eronga qattiq bosim o‘tkazishda davom etadi".

"Eronning olingan har qanday daromadga imkonli bo‘lishi qiyinlashadi".

AQSh bir hafta oldin Rossiya nefti va neft mahsulotlariga qo‘llangan sanksiyalarni ham vaqtincha bekor qilgan.

Bunga ham neft narxining keskin qimmatlab ketgani sabab bo‘lgani aytilgandi.

Yalpi dron hujumlari?

Ukraina prezidenti

Surat manbasi, Daniel MIHAILESCU / AFP via Getty Images

Surat tagso‘zi, Avvalroq Ukraina prezidenti Yaqin Sharqdagi urush tufayli qoldirilgan uch tomonlama muzokaralarga qaytishga chaqirgan.

Rossiya Mudofaa vazirligi yangi bayonot bilan chiqdi.

Vazirlik Ukraina shanbaga o‘tar kechasi o‘zlariga qarshi yangi dron hujumlarini uyushtirganligini aytdi.

Rossiyaning 14 mintaqasi va anneksiya qilingan Qrim uzra Ukrainaning 283 ta droni urib tushirilganini da’vo qildi.

Rossiya tomoniga ko‘ra, poytaxt Moskva ham dron hujumlari nishoniga aylangan.

Rossiya, yillarki, o‘zbekistonliklar uchun eng yirik tashqi mehnat bozori bo‘lib keladi.

Rossiyada mehnat muhojirligida band O‘zbekiston fuqarolarining eng ko‘pi aynan Moskva va Moskva viloyati hissasiga to‘g‘ri kelishi aytiladi.

Ammo, xabarlarga ko‘ra, bu gal dron hujumlari Moskva aeroportlarining faoliyatiga deyarli ta’sir qilmagan, hozircha faqat "Sheremetьevo"da parvozlar to‘xtatilgan, rasmiylarga ko‘ra, o‘nlab dron havoda ekani paytida urib tushirilgan.

Bugun, shanba kuni AQShda Ukraina va Amerika muzokaralari bo‘lib o‘tishi kutilmoqda, ammo Rossiya bu galgi bosqichdagisida ishtirok etmaydi.

Avvalroq Ukraina prezidenti Yaqin Sharqdagi urush tufayli qoldirilgan uch tomonlama muzokaralarga qaytishga chaqirgan.

Vladimir Zelenskiy, "Muzokaralarda tanaffus bo‘lgani, uni tugatishning vaqti kelgani"ni aytgan.

Rossiya, AQSh va Ukraina muzokaralari to‘xtab qolganiga bundan avval Rossiya tomoni ham o‘zining e’tiborini qaratgandi.

AQSh va Isroilning Eron bilan urushidan eng ko‘p Rossiya yutishi, neftning qimmatlashishi uning jang jabhasidagi mavqeini ham kuchaytirishiga oid prognozlar bor.

Hayit tabriklari

Ўзбекистон президенти
rasmiy
Ushbu ulug‘ ayyom kunlarida jahonning turli hududlaridagi urush va nizolar tezroq barham topib, barcha xalqlar tinchlik va barqarorlikda hayot kechirishini tilab qolamiz.
Shavkat Mirziyoyev
O‘zbekiston Prezidenti (batafsil: bbc.com/uzbek da).

Rasmiy xabarlarga ko‘ra, O‘zbekiston prezidentini shu paytgacha o‘nlab davlat rahbarlari Ramazon Hayiti bilan qutlagan.

Eron, Isroil prezidentlari, Falastin rahbari, Tolibon boshqaruvi ostidagi Afg‘oniston va Pokiston Bosh vazirlari ham o‘z tabriklarini yo‘llashgan.

O‘zbekistonda Ramazon Hayiti bu yil 20 martda bayram qilingan.

Hayit AQSh va Isroil Eron bilan, Pokiston esa Afg‘oniston bilan urushayotgan bir paytga ham to‘g‘ri kelgan.

Eron ham, Afg‘oniston ham dunyoning Markaziy Osiyoga chegaradosh davlatlari bo‘lishadi.

Rasmiy Toshkent har ikki mojaroga ham befarq emas.

Allaqachon rasmiy bayonotlar bilan chiqqan, tomonlar bilan muloqotda va kechayotgan qurolli nizolarga diplomatik yo‘l bilan yechim topishga undab kelayotir, ularni og‘ir-bosiqlikka chaqirmoqda.

O‘zbekiston postsovet makonidagi eng yirik musulmon davlati bo‘ladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Ramazon Hayiti munosabati bilan yo‘llagan tabrigida ham jahonning turli hududlaridagi urush va nizolarga o‘zining e’tiborini qaratgan.

"Ularning tezroq tugab, barcha xalqlar tinchlik va barqarorlikda yashashini" tilagan.

O‘zbekiston prezidenti ham Yaqin Sharq va ham afg‘on mojarosiga xalqaro miqyosda eng ko‘p e’tibor tortib kelayotgan davlat rahbarlaridan biri bo‘ladi.