Yangilanmoqda. Eron urushi: Trampning yana bir gapi butun dunyo bozorini ag‘dar-to‘ntar qildi

Surat manbasi, EPA
AQSh Prezidenti Donald Trampning bitta posti butun dunyodagi bozorlarni o‘zgartirib yubordi.
U boshqa ijtimoiy tarmoqlarga ishonmagani sababli TruthSocial deb nomlangan sotsial media tarmog‘ini tashkil qilgan, AQSh rahbariyatiga tegishli muhim qarorlar o‘zlariga tegishli matbuot kanallaridan oldin TruthSocialda e’lon qilinadi.
23 mart kuni Vashingtonda tong otishi bilan Tramp Eron bilan yaxshi muloqot qilgani haqida post e’lon qilgani yana neft narxining keskin tushishi, aktsiyalarni yuqoriga sakrab ketishiga sabab bo‘ldi.
"AQSh va Eron o‘rtasida oxirgi ikki kun ichida Yaqin Sharqdagi harbiy harakatlarimizni to‘liq va butkul hal qilish bo‘yicha juda yaxshi va samarali muloqotlar bo‘lib o‘tganini ma’lum qilishdan mamnunman.
"Ushbu hafta mobaynida davom etadigan suhbatlarning chuqur, batafsil va konstruktiv ohangiga asoslanib, men urush departamentiga Eron elektr stantsiyalari va energetika infratuzilmalariga qarshi har qanday harbiy zarbalarni besh kun muddatga to‘xtatishga buyuruq berdim, bu davom etayotgan uchrashuvlar va muhokamalarning muvaffaqiyatiga bog‘liq. Ushbu masalaga e’tiboringiz uchun rahmat! Prezident Donald Tramp", deb yozdi o‘z postida.

Ertalabdan qizil rangga bo‘yalgan aktsiya bozorlari Tramp postiga keskin burilish bilan javob qaytardi.
Brent neftining narxi birdan 13 foiz pasayib 96 dollarga tushdi.
Savdolar boshida 2% pasaygan Britaniya indeksi FTSE 100 yarim foiz ko‘tarildi.
Gaz narxi ham tushdi.
Tramp bayonotini tahlil qilar ekan, tahlilchilar hamon ko‘p muhim savollar ochiq qolganiga e’tibor qaratishdi.
Birinchidan, Tramp "juda yaxshi va samarali" deb ta’riflagan muloqot bo‘lib o‘tganini Eron tarafi hozircha tasdiqlagani yo‘q.
Bu muloqotlar qaysi mavzuga qaratilgan?
Eron ballistik raketalarigami yoki uranni boyitish dasturigami?
Yoki oddiy o‘t ochishni to‘xtatish haqidami?
O‘t ochishni to‘xtatish haqida so‘ralganida, 20 mart kuni Trampning o‘zi buni rad etgan edi.
Tramp aytmoqchi AQSh va Eron muloqoti Ho‘rmuz bo‘g‘ozida kemalar qatnashi uchun yo‘l ochishni nazarda tutgan bo‘lishi ham mumkin, deydi kuzatuvchilar.
Eron parlamenti spikeri va Eron Tashqi ishlar vazirligi AQSh bilan muzokara kechayotganinii rad etdilar.
Isroil Erongaa havo zarbalarini davom ettirayotganni xabar qildi.

Surat manbasi, EPA
23 mart dushanba kunini Osiyo va Yevropa fond bozorlari narxlar tushish bilan qarshi oldi.
Reuters axborot agentligi xabar berishicha, rivojlanayotgan dunyo aktsiya bozorida salmoqli ulushni tashkil etadigan Osiyo birjalari Yaqin Sharqdagi inqiroz tobora kuchayib borayotganiga javoban aktsiyalar sotuvi bilan javob berdi.
AQSh Prezidenti Tramp agar Ho‘rmuz bo‘g‘ozini 48 soat ichida ochmasa, Eronni "er bilan yakson qilish" bilan tahdid qildi, Isroil Mudofaa vaziri Eron bilan urush "haftalar"ga cho‘zilishini aytdi, suyultirilgan gaz, uning ortidan jahonda oziq-ovqat qimmatlashishi ro‘y berishi mumkinligi haqidagi xavotirlar bildirildi.

Surat manbasi, Reuters
Osiyo davlat obligatsiyalari 3,3% arzonladi, bu fevral oyidagi baland nuqtasidan 12 foiz quladi deganidir.
Odatda eng yuqori cho‘qqidan 10% foiz tushish bozorlarda tuzatish hududi deb ko‘riladi.
Seul aktsiyalari 6, 5% ga pasaydi, Tayvan, Bangkok, Mumbay, Istanbul, Varshava va Yoxannesburgda aktsiyalar 2% dan ko‘proqqa pasaydi. Gonkong, Shanxay va Vetnamdagi bozorlar pasayishi 3% atrofida bo‘ldi.
22 mart kuni Eron, mabodo Prezident Tramp o‘zining Ho‘rmuz ochilmasa, Eronning elektr ta’minoti tizimiga qarshi hujumlar boshlashi haqidagi tahdidini hayotga tatbiq etsa, Fors ko‘rfazidagi qo‘shni mamlakatlarning energetika va suv infratuzilmalarini nishonga olishi mumkinligi to‘g‘risida ogohlantirdi.
Kuzatuvchilarga ko‘ra, mojaro o‘zining to‘rtinchi haftasiga kirar ekan, inqiroz tez orada hal bo‘ladi degan umidlar barbod bo‘la boshladi.
"AQSh tomonidan Eronga Ho‘rmuz bo‘g‘ozini qayta ochish uchun bugun kechgacha berilgan ultimatum savdo haftasining asabiy va o‘zini o‘zi himoya ko‘rinishida boshlanishiga olib keldi, chunki inflyatsiya xavotirlari sarmoyadorlarning kayfiyatini buzishda davom etmoqda", dedi Societe Generale shirkati tahlilchisi Kennet Bru.
Dushanba tongida Brent neftining narxi 1% ko‘tarildi va bir barreli narxi $113.40 dollarni tashkil etdi.
Eronning oliy darajadagi xavfsizlik organi hisoblanadigan Mudofaa Kengashi bayonot e’lon qildi, unda "dushman bo‘lmagan davlatlar"ning Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan o‘tishining yagona yo‘li "Eron bilan muvofiqlashtirish" ekanligini aytdi.
Eron ommaviy axborot vositalari e’lon qilgan bayonotda Kengash, "dushmanning Eron qirg‘oqlari yoki orollariga hujum qilishga har qanday urinishi" Fors ko‘rfazi va qirg‘oqbo‘yi hududlaridagi "barcha kirish yo‘llari"ning "turli xil dengiz minalari, jumladan, qirg‘oqdan joylashtirilishi mumkin bo‘lgan suzib yuruvchi minalar bilan minalanishiga" olib kelishini aytdi.
Bunday hujum sodir bo‘lgan taqdirda, "Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan tashqari, butun (Fors) ko‘rfazi amalda bloklanadi va "mas’uliyat tajovuzkorga tegishli" bo‘ladi, deb qo‘shimcha qilinadi bayonotda.
22 mart. Eron raketalaridan Isroilning yadroviy ob’ektiga yaqin shaharlarda 160 kishi yaralandi

Surat manbasi, EPA
Isroil favqulodda xizmatlarining ma’lum qilishicha, mamlakat janubidagi yadroviy inshoot yaqinida joylashgan ikki shaharga Eron tomonidan berilgan raketa zarbalari natijasida 160 dan ortiq kishi jarohatlangan, ularning ba’zilari og‘ir ahvolda.
Rasmiylarga ko‘ra, shanba oqshomida ballistik raketalar ushbu shaharlarga kelib tushganidan so‘ng, Aradda 84 kishi va Dimonada yana 78 kishi tibbiy muolaja olmoqda.
Xalqaro atom energiyasi agentligi Dimonadan taxminan 13 km uzoqlikda joylashgan yadroviy tadqiqot markaziga zarar yetgani haqida ma’lumotga ega emasligini bildirdi.
Shanba kuni Eron davlat telekanali ushbu zarbalar avvalroq Eronning Natanz yadroviy inshootiga qilingan hujumga javob ekanligini e’lon qilgan edi.
Yakshanba kuni Eronning Tel-Avivga bergan raketa hujumi natijasida kamida yetti kishi jarohatlandi, deb xabar bermoqda favqulodda xizmatlar.

Surat manbasi, Reuters
Isroil Harbiy-havo kuchlarining ma’lum qilishicha, 28 fevraldagi AQSh-Isroilning Eronga hujumidan beri Tehron Isroilga 400 ta raketa otdi. Ularning 92 foizi urib tushirilgan, deya qo‘shimcha qildi u.
Aradning mahalliy aholisi shanba kuni eshitilgan portlashlar dahshatli bo‘lganini aytishdi. Raketa bir nechta binolarga jiddiy zarar yetkazgan va chuqur o‘ra hosil qilgan.
Shahardagi feldsher Naram Zaid BBC News nashriga bergan intervyusida, shikastlangan bino ichidagi buyumlar ostida qolib ketgan "ko‘plab bosh va ko‘krak qismidan jarohat olgan bolalarni" ko‘rganini aytdi. "Men boshidan jarohat olgan, yuzi singan shisha parchalaridan qon bo‘lgan 10 yoshli qizchani tinchlantirishga harakat qilardim", - deya qo‘shimcha qildi u. "U tez yordam mashinasiga chiqishdan bosh tortdi, chunki ota-onasi hali ham bino ichida edi. Biz uning ota-onasi vayron bo‘lgan ko‘p qavatli uydan olib chiqilishini kutdik va keyin ularning barchasini shifoxonaga yubordik".
Zarba oqibatida ikkita turar-joy binosining tashqi devorlari o‘pirilib ketgan. Negev cho‘lidagi ushbu ultra-ortodoks shaharchada qora kostyum kiygan erkaklar to‘dasi vayronagarchilikka tikilib turardi.
Yaqin atrofdagi Dimona shahri ham shunga o‘xshash raketa zarbasiga duchor bo‘ldi. U yerdagi ko‘plab jarohatlanganlar orasida 10 yoshli bola ham bor. Shifokorlar uning ahvolini og‘ir deb baholamoqda.
"Dimona va Aradda ham raketalarni tutib qoluvchi qurilmalar uchirildi, biroq ular nishonni ura olmadi. Natijada og‘irligi yuzlab kilogramm bo‘lgan jangovar kallakka ega ballistik raketalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri kelib urildi", - dedi Isroil o‘t o‘chiruvchilari.
Eronning Isroil ichkarisida bunday zarar yetkazishda davom etayotgani urushning insoniy talofatlari naqadar og‘ir ekanligini eslatib turibdi. Hozirda raketalar Isroil havo hujumidan mudofaa tizimini qanday qilib yorib o‘tganini aniqlash bo‘yicha shoshilinch tekshiruvlar olib borilmoqda.
Biroq o‘tgan yozdagi 12 kunlik urushda bo‘lgani kabi, isroilliklar ushbu tizim mutlaq mukammal emasligini bilishadi. O‘shanda bo‘lgani kabi, bunday hujumlar xalq irodasini kuchsizlantirishdan ko‘ra, uni yanada mustahkamlashi ehtimoli yuqori.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
Negev cho‘lida joylashgan Shimon Peres nomidagi Negev yadroviy tadqiqot markazi xalq orasida ko‘pincha "Dimona reaktori" deb yuritiladi. Bu yerda Isroilning rasman e’lon qilinmagan yadroviy qurollari arsenali saqlanishi ancha vaqtdan beri qabul qilingan haqiqatdir.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bu ob’ekt faqat tadqiqotlar bilan shug‘ullanishi aytiladi, ammo qariyb oltmish yildan beri Isroil u yerda yadro bombasini ishlab chiqqani "ochiq sir" bo‘lib kelmoqda, garchi ketma-ket almashgan hukumatlarning har biri bu masalada noaniq pozitsiyani saqlab kelayotgan bo‘lsa-da.
Bu Isroilning Yaqin Sharqdagi yagona yadroviy davlat ekanligini anglatadi. Shuning uchun ham ushbu ob’ekt nishonga olinayotganiga oid har qanday ishora Isroil tomonidan o‘ta jiddiylik bilan qabul qilinadi.

Surat manbasi, Maxar
Isroil ham, AQSh ham Eronning yadro bombasi yaratish borasidagi har qanday ehtimoliy salohiyatini yo‘q qilishni ushbu urushning asosiy maqsadi qilib belgilagan.
Eronning Atom energiyasi tashkiloti Natanzga qilingan hujumni Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnomaning buzilishi deb atadi. Shunga qaramay, tashkilot "radioaktiv materiallar sizib chiqishi" qayd etilmagani va "atrofdagi aholi uchun hech qanday xavf yo‘qligini" bildirdi.
Natanz, shuningdek, 28 fevralda boshlangan urushning ilk kunlarida AQSh-Isroil zarbalari nishoni bo‘lgan, shuningdek, o‘tgan iyun oyidagi 12 kunlik urush paytida ham hujumga uchragan.
Shanba kuni Natanz haqida so‘ralganda, Isroil Mudofaa kuchlari Isroil va xalqaro ommaviy axborot vositalariga ushbu hududda amalga oshirilgan zarbadan xabardor emasliklarini ma’lum qildi.




























