Sun’iy idrok qanday qilib Rossiya dezinformatsiyasini yanada quvvatlantirmoqda?

Surat manbasi, Social Media
- Author, Daria Mosolova
- Role, BBC Monitoring
- O'qilish vaqti: 5 daq
London Qirollik kolleji professori Alan Rid ham har qanday oddiy ijtimoiy tarmoq foydalanuvchisi kabi o‘zining lentasida vaqti-vaqti bilan paydo bo‘lib turadigan dipfeyklarga e’tibor bermasdi. Gohida ular haqida shikoyat qilar, gohida shunchaki o‘tkazib yuborardi.
Ammo bir kuni noma’lum akkaunt uni uning o‘zi aks etgan videoga teg qildi.
Videoda doktor Ridning ovozidan deyarli farq qilmaydigan yasama ovoz Frantsiya Prezidenti Emmanuel Makronni qoralar, uni va boshqa G‘arb yetakchilarini "biqinida "Yevropa Ittifoqi" yozuvi yozilgan Titanik kemasida ketayaptilar", deb siyosiy ayblovlar yog‘dirardi.
"Bu videodagi deyarli hamma narsa juda yoqimsiz va quloqqa dahshatli eshitilardi, – dedi siyosatga hech aloqasi bo‘lmagan tajribali teatr professori doktor Rid Bi-bi-siga bergan intervyusida. – Bu menga mutlaqo begona qiliq".
Doktor Ridning avatari so‘nggi oylarda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan. Rossiya bilan bog‘liq yasama videolarning yangi to‘lqini paydo bo‘ldi.
Xavfsizlik mutaxassislari G‘arb Kremlning sun’iy intellekt jabhasidagi ta’siriga qarshi kurashga tayyorlanishi kerak, demoqdalar.
"Biz nafaqat dipfeyklarning ko‘payishi, balki ta’sir o‘tkazish uslubidagi o‘zgarishlarga ham guvoh bo‘lyapmiz", dedi Yevropa Siyosat Markazining mudofaa va xavfsizlik bo‘yicha tahlilchisi Kris Kremidas-Kortni.

"Biz arzimagan pul evaziga katta miqyosda ishontirish qobiliyatiga ega tizimlarga duch kelyapmiz. Menimcha, bu siyosiy ta’sir sohasidagi inqilob va hozirgi boshqaruv tizimlarimizning hech biri bunga qarshi turishga tayyor emas".
Ba’zilari yuz minglab marta ko‘rilgan bu videolar Yevropa Ittifoqi institutlarini obro‘sizlantiradi. Ularda Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini beshinchi yiliga kirgan bir paytda G‘arbdan moliyaviy yordam olish uchun kurashayotgan Kiev hukumati korruptsiyada ayblanadi.
Bu o‘sish OpenAI video yaratuvchi dasturining so‘nggi versiyasi – Sora2'ni chiqarganidan bir necha oy o‘tib yuz berdi.

Surat manbasi, AFP via Getty Images
Texnologiya giganti soyasida raqobatlashayotgan son-sanoqsiz ikkinchi darajali ilovalar narxlarni pasaytirish yoki haqiqiy videolardan farqlash uchun qo‘llanadigan suv belgilari kabi xavfsizlik choralaridan voz kechish orqali mijoz jalb qilishga o‘tdi.
"Ularga mijoz kerak", deydi rossiyalik sun’iy intellekt mutaxassisi Arman To‘g‘onboev. Uning aytishicha, OpenAI muayyan real shaxslarning videolarini yaratishga to‘siq qo‘yadi, "ikkinchi darajali ilovalarda esa bunday cheklov yo‘q".
OpenAI Bi-bi-siga g‘arazli maqsadda yaratilgan, jumladan, haqiqiy manbasi ko‘rsatilmagan kontent tarqatadigan akkauntlarga qarshi chora ko‘rishini aytdi.
Texnologik poyga xorijiy tashviqot kampaniyalarining hajmi va murakkabligi doimiy oshishiga sabab bo‘lmoqda hamda Rossiyaning G‘arb bilan gibrid mojarosidagi mavqeyini mustahkamlamoqda.
Dekabr oyi oxirida TikTok'da sun’iy intellekt orqali yaratilgan bir qator videolar ommalashdi.
Ularda yosh polyak ayollari "Poleksit", ya’ni Polshaning Yevropa Ittifoqidan chiqishiga chaqirayotgani tasvirlangan edi.

Surat manbasi, Social media
"Bu Rossiya dezinformatsiyasi ekanligiga shubha yo‘q, – dedi Polsha hukumati matbuot kotibi Adam Shlapka. – Agar kimdir diqqat bilan qarasa, bu videolarda ruscha sintaksisni sezishi mumkin".
Polsha Yevrokomissiyani ushbu hodisa yuzasidan TikTok'ka nisbatan tekshiruv o‘tkazishga chaqirdi.
O‘shandan beri ushbu kliplarni va ularni joylashtirgan akkauntlarni o‘chirib tashlagan TikTok 2023 yilda butun dunyo bo‘ylab 75 dan ortiq yashirin ta’sir o‘tkazish operatsiyasini to‘xtatganini ma’lum qildi.
Buyuk Britaniyada parlament a’zolari may oyida bo‘lib o‘tadigan mahalliy saylovlarga Rossiya dipfeyklari ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini muhokama qildi.
"Biz ularning butun dunyodagi saylovlarda keng qo‘llanilganini ko‘rdik, Britaniya bundan istisno bo‘ladi, deb o‘ylashga asos yo‘q", dedi Buyuk Britaniya Saylov komissiyasi bosh ijrochi direktori Vijay Rangarajan qonunchilarga.
Britaniyaning "Onlayn xavfsizlik to‘g‘risida"gi qonuni dezinformatsiyani zarar sifatida aniq tasniflamaydi. Ammo u platformalarni xorijiy ta’sir ekanligi tasdiqlangan materiallarni olib tashlashga majbur qila oladi. Videolar bir necha soat ichida virus kabi tarqalishi mumkin bo‘lgan onlayn muhitda bu jarayon ko‘pincha o‘ta ko‘p vaqt talab etadi.
Bunday postlarning manbasini aniqlash qiyin. Ammo G‘arb tadqiqotchilari aytishicha, ularning ko‘pchiligining uslubidan tortib tarqatish yo‘lllarigacha e’tibor bersangiz, ularni Kremlga yaqin uyushgan dezinformatsiya guruhlari bilan bog‘laydigan umumiy belgilarni ko‘rasiz.
"Matryoshka" yoki "Ortiqcha yuklash operatsiyasi" deb nomlangan dezinformatsiya kampaniyalardan biri 2023-yilgi saylov paytida Moldova prezidenti Mayya Sanduni obro‘sizlantiruvchi yasama videolar to‘lqinini uyushtirgani ishoniladi.
Onlayn dezinformatsiyani kuzatib boruvchi NewsGuard tashkiloti doktor Rid tasvirlangan video ortida ham ayni shu tarmoq turgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatuvchi umumiy belgilarni aniqlaganini ma’lum qildi.
Operatsiya nomi – "matryoshka" (ichma-ich joylashgan qo‘g‘irchoqlar) bu usulni aks ettiradi: yolg‘on da’vo eski yoki buzib kirilgan ijtimoiy tarmoq akkauntlaridan repostlar va postlar bilan o‘rab olinadi.
Ukrainaga bosqin boshida G‘arb sanksiya joriy qilgan RT va Sputnik kabi an’anaviy Rossiya tashviqot vositalaridan farqli o‘laroq, bunday kampaniyalar "ma’lum darajada ishonarli rad etish imkonini berish orqali qarshi kurashni murakkablashtiradi", dedi Qirollik Birlashgan Xizmatlar Instituti tahlil markazining kiberxavfsizlik va texnologiyalar bo‘yicha tadqiqotchisi Sofi Uilyams-Danning.
Microsoft'ning Tahdidlarni tahlil qilish markazi Storm-1516 deb nomlagan tarmoqni Klemson universiteti tadqiqotchilari 2023 yilda vafot etgan Yevgeniy Prigojin boshqargan Kreml "trollar fabrikasi" a’zolari bilan bog‘ladi.
Bi-bi-si ko‘zdan kechirgan va yaqinda e’lon qilinadigan tadqiqotda olimlar ijtimoiy tarmoqlarda soxta xabarlar tarqalish tezligiga oid bir misol keltirdilar.
Ularning kuzatishicha, har safar Storm-1516, masalan, Volodimir Zelenskiyning "korruptsiyaga botgani" haqida yolg‘on xabar tarqatganida, bu xabar keyingi hafta davomida X ijtimoiy tarmog‘ida Ukraina prezidenti haqidagi barcha muhokamalarning qariyb 7,5 foizini egallagan.
"Bu har qanday marketing kompaniyasi faxrlansa arziydigan natija", deydi tadqiqot mualliflaridan biri Darren L. Linvill.




























