Rossiya - Ukraina: Urushga robotlar tashlanmoqda

Ukraina urushidagi harbiy qurilma

Surat manbasi, Tencore

Surat tagso‘zi,
    • Author, Vitaliy Shevchenko
    • Role, Rossiya bo‘yicha muharrir, BBC Monitoring
  • O'qilish vaqti: 4 daq

Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan buyon Ukrainadagi urush yuqori texnologiyali mojaroga aylanib ulgurdi.

Josus va qotil dronlar to‘dalari Ukraina osmonini larzaga keltirdi, ekipajsiz qayiqlar esa Qora dengizda Rossiya harbiy-dengiz flotiga zarbalar berdi.

Endilikda Ukraina quruqlikda qurollangan robotlarni safarbar etish bo‘yicha keng ko‘lamli dastur boshladi.

Ekipajsiz yerusti vositalari (EYeV) yoki Ukraina harbiylari tilida aytganda, yerusti robot tizimlari allaqachon samara bera boshlagan.

EYeVlar Rossiya hujumlarini muvaffaqiyatli qaytargani va hatto dushman askarlarini asirga olgani haqida xabarlar bor.

Hatto Ukraina va Rossiyaning qotil robotlari jang maydonida odamlar ishtirokisiz to‘qnashgani ham aytilmoqda.

"Robotlar urushi allaqachon boshlangan" - deydi Ukraina armiyasining K2 brigadasi vakili Oleksandr Afanasev. O‘zining aytishicha, u dunyodagi birinchi EYeV batalonini boshqarmoqda.

Rossiya askarlari taslim bo‘lmoqda.

Surat manbasi, Devdroid

Surat tagso‘zi, Rossiya askarlari taslim bo‘lmoqda.

Robot xato qiladimi?

Bu robotlardan jangda foydalanish usullaridan biri ustiga "Kalashnikov" pulemyotlarini o‘rnatishdir.

"Ular piyoda askar bora olmaydigan jang maydonida o‘t ochadi. EYeV esa o‘zini xavf ostiga qo‘yishdan mamnun" - deydi mayor Afanasev.

Shuningdek, uning bataloni dushman pozitsiyalari va pana joylarini portlatish uchun portlovchi moddalar bilan to‘ldirilgan, batareyada ishlaydigan kamikadze EYeVlardan ham foydalanib kelmoqda.

Tepada g‘uvillab turadigan havo dronlaridan farqli o‘laroq, ular o‘zini sezdirmasdan yaqinlashadi.

Laqabi "Afg‘on" bo‘lgan 33-alohida mexanizatsiyalashgan brigada tank bataloni qo‘mondoni o‘rinbosari da’vo qilishicha, pulemyot bilan qurollangan bir Ukraina EYeVsi Rossiya transport vositasiga pistirma qo‘ygan, boshqa bir robot esa bir necha hafta davomida Ukraina pozitsiyasini himoya qilgan.

"Afg‘on" qotil robotlarning jang maydonidagi avtonom harakati cheklanganini tan oladi va bu cheklovlarning aksariyati axloqiy me’yorlar va xalqaro gumanitar huquq tufayli atay joriy etilganini aytadi.

"Zamonaviy EYeVlar qisman avtonomdir. Ular o‘zi harakatlana oladi, dushmanni kuzatib, aniqlaydi. Lekin baribir o‘t ochish qarorini inson, ya’ni uning operatori qabul qiladi" - deydi "Afg‘on".

"Robotlar odamni noto‘g‘ri tanishi yoki tinch aholiga hujum qilishi mumkin. Shu sababli yakuniy qarorni operator qabul qilishi shart".

Bu shuni anglatadiki, jang maydonidagi aksariyat holatlarda qurolli EYeVlar xavfsiz masofadan turib boshqariladi.

Ukrainaning o‘ldiruvchi EYeVlari pulemyotlardan tashqari granatomyotlar bilan ham qurollanishi, minalar yoki tikanli simlar o‘rnatishda ham qo‘llanishi mumkin.

Ammo ekipajsiz vositalarning aksariyati hali ham o‘zining asl vazifasi – ta’minot yetkazib berish va yaradorlarni evakuatsiya qilish uchun ishlatilmoqda.

Ukraina harbiy hamlasi.

Surat manbasi, Devdroid

Surat tagso‘zi, Ukraina Rossiyaning zirxli harbiy ulovini nishonga olgan palla.
Ukraina harbiy roboti
Tencore
Robotlar urushi allaqachon boshlangan. Ular piyoda askar bora olmaydigan jang maydonida o‘t ochadi.
Olkesandr Afanasev
Ukraina harbiysi (Batafsil: bbc.com/uzbek vebsahifasida).

Robotlar roli ortadi

Ukrainaning sobiq Bosh qo‘mondoni, hozirda mamlakatning Buyuk Britaniyadagi elchisi bo‘lgan Valeriy Zalujniyning aytishicha, qurolli EYeVlarning roli yaqin orada keskin ortadi.

Londondagi "Chatham House" tahlil markazida urush kelajagi haqida so‘zlar ekan, u zarba beruvchi EYeVlar nafaqat yakka tartibda, balki sun’iy intellekt bilan quvvatlangan yirik dronlar to‘dasining bir qismi sifatida qanday qo‘llanishini tasvirlab berdi.

"Yaqin kelajakda biz turli yo‘nalishlar va balandliklardan, bir vaqtning o‘zida havo, quruqlik va dengizdan o‘nlab, hatto yuzlab aqlliroq va arzonroq dronlar hujumlarini ko‘ramiz" - dedi u.

Zarurat bu sohadagi innovatsiyalarni harakatga keltiruvchi asosiy omildir. Havodagi dronlar jang maydonini inson uchun nihoyatda xavfli qilib qo‘ydi. Bu Ukrainaning "o‘ldirish zonasi" deb ataladigan hududini front chizig‘idan 20–25 kilometrgacha kengaytirdi.

Piyoda askarlarning o‘rnini bosib bo‘lmaydi, biroq "ularni EYeVlar qo‘llab-quvvatlashi kerak" - deydi mayor Afanasev.

"Ukraina robotlarni yo‘qotishga qurbi yetadi, ammo jangovar tayyorgarlikka ega askarlarni yo‘qotishga qurbi yetmaydi".

Ukraina armiyasi jiddiy kadrlar tanqisligiga duch kelmoqda, halok bo‘lganlar o‘rniga yangi askarlarni yollash tobora qiyinlashib bormoqda.

Rossiya ham "Kurer" kabi jangovar EYeVlarni ishlab chiqmoqda. Rossiya OAV xabarlariga ko‘ra, u olov purkagichlar, odatda tanklarda uchraydigan yirik kalibrli pulemyot bilan jihozlanishi va besh soat davomida avtonom ishlay olishi mumkin.

Shuningdek, Rossiya armiyasi Ukraina pozitsiyalarini portlatish uchun "Lyagushka" nomli kamikadze vositalaridan ham foydalanib kelmoqda.

O‘tgan yili harbiylar uchun yuzlab "zarba beruvchi droidlar" ishlab chiqargan Ukraina EYeV ishlab chiqaruvchisi "Devdroid" bosh direktori Yuriy Poritskiyning aytishicha, soni va imkoniyatlari ortib borayotganini hisobga olsak, Ukraina jang maydonlarida Rossiya va Ukraina qotil robotlari o‘rtasidagi to‘qnashuvlar bo‘lishi aniq.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz: and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

Rossiya askarlari.

Surat manbasi, Russian Defence Ministry

Surat tagso‘zi, Rossiya askarlari portlovchi modda ortilgan "Lyagushka" ("Qurbaqa") jihozi oldida.

Fantastika emas

"Ertami-kechmi jang maydonida bizning zarba beruvchi EYeVlarimiz ularning zarba beruvchi EYeVlariga qarshi chiqadigan vaziyatga duch kelamiz. Robotlar urushi ilmiy fantastikadek tuyulishi mumkin, lekin jang maydonining ilmiy fantastikaga aloqasi yo‘q. Bu bizning voqeligimiz" - deydi u.

Hozirda uning kompaniyasi operator bilan aloqa uzilib qolgan taqdirda yerusti dronlari qaytib kelishini ta’minlaydigan tizim ustida ishlamoqda.

Kelajakda esa u o‘z mashinalari belgilangan joyga avtonom ravishda borishi, o‘z vazifasini – masalan, hujumga o‘tayotgan dushman askarlarini kuzatish va kerak bo‘lsa, ular bilan jangga kirishishi va ma’lum vaqtdan so‘ng bazaga qaytishi uchun dasturlashtirilishini istaydi.

Ukrainaning yana bir EYeV ishlab chiqaruvchisi bo‘lgan "Tencore" kompaniyasi 2025 yilda Ukraina armiyasi uchun 2000 dan ortiq EYeV ishlab chiqardi.

Kompaniya direktori Maksim Vasilchenkoning taxminicha, 2026 yilda talab qariyb 40 000 donaga yetadi va ularning kamida 10-15 foizi qurollantiriladi.

"Zarba beruvchi EYeVlar muhim vositaga aylanadi, bunga hech shubha yo‘q" - deydi u.

Kelajakda esa, Vasilchenkoning fikricha, robotlar inson qiyofasida jang qiladi.

"Bu endi ilmiy fantastika bo‘lmay qoladi".