Yangiliklar: Eron Larijoniy o‘limini tasdiqladi, Isroil yana kimni o‘ldirdi, AQShda Eron urushiga qarshi norozilik va Trampga ortiq NATOning ko‘magi kerak emasmi? (video)

Surat manbasi, ANWAR AMRO/AFP via Getty Images
- Author, BBC yangiliklar bo‘limi
- O'qilish vaqti: 6 daq
Eron urushi atrofidagi so‘nggi tafsilotlar. Veb-saytimizni kuzatib boring.
Qisqa satrlarda:
Eron munosabati
Eron Isroilning da’vosini tasdiqladi.
Rasmiy Tehron Ali Larijoniy o‘ldirilganini aytdi.
Ali Larijoniy Eron milliy xavfsizlik Oliy kengashini boshqargan.
Eronning Ali Xomanaiydan keyin so‘nggi urushda o‘ldirilgan ikkinchi eng yuqori martabali mulozimi bo‘lgan.
Orada Ali Xomanaiyning o‘ldirilishi ortidan Eronning yangi Oliy ruhoniy rahbari etib tayinlanishiga oid xabarlar ham bo‘y ko‘rsatgan.
Ammo keyin otasining o‘rniga uning o‘z o‘g‘li Mujtabo Xomanaiy tayinlangani rasman e’lon qilingan.
Shu soatlarda Isroil o‘tgan tungi hujumlarida Eron razvedka boshqarmasi boshlig‘ini ham o‘ldirganiga oid xabarlar chiqqan.
Ammo rasmiy Tehron Ismoil Xatibning ham halok etilganiga oid xabarlarni halicha tasdiqlamagan.
So‘nggi yangilik AQSh va Isroilning Eron bilan urushi o‘zining uchinchi haftasiga kirib borayotgan bir paytda olingan.
Ular hujumlarining birinchi to‘lqinida Ali Xomanaiydan tashqari:
- Eronning xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Ali Shamxoniy;
- Mudofaa vaziri Amir Nosirzoda;
- Islom Inqilobi qo‘riqchilari korpusi qo‘mondoni general Muhammad Pakpur;
- Qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i Abdulrahim Musaviy ham o‘ldirilgan.
Eron Ali Larijoniy barobarida "Basij" qo‘mondoni G‘ulomrizo Sulaymoniy ham Isroilning hujumlarida halok bo‘lganini tasdiqlagan.
BBC ning xalqaro tahlilchisi Jeremi Bouen fikricha, Ali Larijoniyning o‘ldirilishi Eron rejimi uchun yirik zarba bo‘ladi.
Ayni maqolada TikTok tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz TikTok havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri TikTok post
Isroil munosabati

Surat manbasi, Joe Raedle/Getty Images
Eron milliy xavfsizlik Oliy kengashi rahbarining o‘limiga oid xabarga Isroil Bosh vaziri ham o‘zining munosabatini bildirgan.
Binyamin Netanyahu "eronliklarga uni ag‘darish imkoniyatini berish maqsadida" Isroil Eron rejimini zaiflashtirayotganligini aytgan.
Isroil ayni paytda "Hizbulloh"ga qarshi hujumlarini davom ettirib, Livan poytaxtiga ham yana zarbalar bergan.
Eron va unga ittifoqchi guruhlar ham Yaqin Sharq bo‘ylab o‘z javob hujumlarini amalga oshirishgan.
Hujumlari Isroilda ikki kishining umriga zomin bo‘lgan.
Keyingi nishon Mojtabo Xomanaiymi?
Isroil harbiylari kecha, seshanba kuni yana bir bayonot bilan chiqishgan.
Ular endi Eronning yangi Oliy ruhoniy rahbarining ortidan tushishlarini aytishgan.
Mojtabo Xomanaiy otasining o‘rniga tayinlanganidan beri jamoatchilikka ko‘rinish bermay keladi.
Bu uning sog‘-omon ekaniga oid savollarni ham paydo qilmay qo‘ymagan.
Orada AQSh Mudofaa vaziri uning yarador ekani, yashirinib yurgani ham taxmin etgan, mayib bo‘lganiga oid ehtimolni ham ilgari surgan.
"Biz Mojtabo Xomanaiy haqida hech narsa bilmaymiz, na ovozini eshitayapmiz va na o‘zini ko‘rayapmiz, biroq men sizga bir narsani ayta olaman: biz uning iziga tushamiz, topamiz va zararsizlantiramiz", - deb aytgan Isroil Mudofaa kuchlari matbuot kotibi jurnalistlarga.
Uning ayni mazmundagi bayonotiga rasmiy Tehronning munosabati hozircha ma’lum emas.
Tramp bayonoti

AQSh prezidenti yangi post qoldirdi.
Ittifoqchilari tomonidan o‘zining da’vati bejavob qoldirilganiga munosabatini bildirdi.
Tramp ulardan ko‘pchiligi Eronga qarshi harbiy amaliyotga aralashishni istamayotganligini aytdi.
Vashington endi NATO davlatlarining yordamiga muhtoj emasligini ham qo‘shimcha qildi.
Tramp ularni Ho‘rmuz bo‘g‘oziga o‘z kemalarini yuborishga chaqirgandi.
Ho‘rmuz xalqaro neft tranzitida eng muhim yo‘nalishlardan biri bo‘ladi.
Eronning yangi Oliy ruhoniy yaqinda xalqiga yo‘llagan ilk murojaatida Ho‘rmuz bo‘g‘ozi blokadasi davom etishini va’da qilgandi.
Eron bo‘g‘ozdan faqat tanlangan kemalarni o‘tkazib turibdi.
Voqealarning bu kabi rivoji NATOning kelajagiga qanday ta’sir qilishi, dunyodagi eng yirigi deb aytiluvchi bu ittifoqni qanday ahvolda qoldirishi hozircha ma’lum emas.
AQSh NATOning eng yirik moliyalashtiruvchilaridan biri bo‘lib kelgan.
Bularning barchasi yana Rossiya Ukrainaga ochgan urush davom etayotgan bir paytga ham to‘g‘ri kelgan.
NATO Ukrainaning harbiy qo‘llovi va mazkur urushga tinch yo‘l bilan yechim tpish urinishlarida muhim tomonlardan biri bo‘ladi.
Orada Trampning Grenlandiyaga egalik istagi ham ittifoqning istiqboliga oid jiddiy xavotirlarga sabab bo‘lmay qolmagandi.
Iste’fo
Ketgani yaxshi bo‘ldi. Chunki u Eron tahdid emasligini aytgandi. Eron tahdid edi. Buni barcha davlatlar anglashardi.
So‘nggi soatlarda AQShdan olingan boshqa bir xabar ham sarlavhalarga chiqqan.
AQSh Milliy aksilterror markazi rahbari iste’fo berishi aytgan.
Jo Kent o‘z iste’fosi sababini Tramp Eron bilan boshlagan urushni qo‘llamasligi bilan izohlagan.
Tramp bu xabarni bee’tibor qoldirmagan, unga shaxsan o‘zining munosabatini bildirgan.
"Ketgani yaxshi bo‘ldi. Chunki u Eron tahdid emasligini aytgandi. Eron tahdid edi. Buni barcha davlatlar anglashardi", - deb aytgan.

Surat manbasi, Reuters
Isroil harbiylariga ko‘ra, ularning hujumida Eron xavfsizlik xizmati rahbaro Ali Larijoniy o‘ldirilgan.
Larijoniy oxirgi marta o‘tgan jumada Tehrondagi Quddus kuni yurishida omma oldida ko‘rinish bergandi.
Eron halicha uning o‘ldirilgani yoki yarador bo‘lganini tasdiqlamadi.
Ayni paytda, Iroq poytaxti Bag‘doddagi AQSh elchixonasiga yana dron va raketalardan hujum qilingan.
BAA esa Eronning raketa hamda dron hujumlari ortidan yopilgan havo hududi qayta ochilganini bildirmoqda.
Ayni paytda, Donald Tramp boshqa mamlakatlarga, xususan, NATOdagi ittifoqchilariga murojaat qilib, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi xavfsizligini ta’minlashda yordam berishga chaqirmoqda.
Ho‘rmuz - neft ortilgan kemalar o‘tadigan dunyodagi eng muhim neft tashiladigan suv yo‘llaridan biri.
16 mart: Eron BAAning muhim neft porti va Dubay aeroportiga zarba berdi

Surat manbasi, Reuters
BAAning eng yirik porti va neft ombori hamda Dubay aeroporti dronlar hujumiga uchradi.
Eron Fors ko‘rfazidagi transport va neft infratuzilmasini nishonga olishni davom ettirar ekan, Birlashgan Arab Amirliklarining (BAA) eng yirik porti va neft saqlash inshooti Fujayra hamda Dubay xalqaro aeroporti navbatdagi dron hujumlariga uchradi.
Dushanba kuni aeroport yaqinida "dron bilan bog‘liq hodisa" tufayli yong‘in chiqqanidan so‘ng, aviaparvozlar vaqtincha to‘xtatildi.
Shuningdek, mintaqadagi eng yirik neft omborlaridan biri bo‘lgan, strategik muhim Fujayra porti va sanoat zonasiga uyushtirilgan dron hujumidan keyin kuchli yong‘in sodir bo‘ldi.
BAA poytaxti Abu-Dabi chekkasida avtomobilga berilgan raketa zarbasi oqibatida Falastin fuqarosi halok bo‘ldi, deb xabar berdi shahar Media idorasi.
Hujum Al Bahiya hududida yuz bergani aytildi.
Dushanba kuni BAA Mudofaa vazirligi ma’lum qilishicha, mamlakat havo himoya tizimlari olti ballistik raketani va 21 ta dronni ushlab qolgan. AQSh va Isroil bilan Eron o‘rtasidagi urush boshlanganidan beri Eron BAAga 1 900 dan ortiq raketa va dron yo‘llagan.
Dushanba kungi dron hujumi Dubay aeroporti yaqinida urush boshlanganidan buyon ro‘y bergan uchinchi voqea bo‘ldi. Ushbu aeroport xalqaro yo‘lovchilar oqimi bo‘yicha dunyoda eng band hisoblanadi.
Ba’zi parvozlar kechiktirildi, boshqalari esa butunlay bekor qilindi - bu BAAning xavfsizlik va barqarorlik borasidagi imijiga yana bir zarba bo‘ldi.
Shuningdek, mamlakatning energetika sektori ham hujumga uchradi: shanba kuni dron neft saqlash tankerini urib tushirdi, dushanba kuni esa yana bir dron neft inshootlariga zarba berib, yong‘in keltirib chiqardi.
Portda neft yuklash ishlari zararni baholash ishlari olib borilayotgan vaqtda vaqtincha to‘xtatildi.

Surat manbasi, EPA
Fujayra BAAning sharqiy sohilida, Ummon ko‘rfazi bo‘yida joylashgan, ya’ni Fors ko‘rfazi emas. Shu bois kemalar u yerga yetib borish uchun Hurmuz bұg‘ozidan o‘tishi shart emas.
Bu joylashuv portning ahamiyatini oshiradi. Dubayda istiqomat qiluvchi CEO Middle East jurnali muharriri Jastin Harper (u dunyo neft sanoati rahbarlari bilan muntazam muloqotda) Bi-Bi-Siga aytishicha, "Eron Hurmuz bo‘g‘ozini to‘sib qo‘ygan paytlarda global ta’minot zanjirlarini harakatda ushlab turishda port hal qiluvchi rol o‘ynaydi".
"Agar Eron bilan keskinlik bu tiqin nuqtasiga ta’sir qilsa, BAA baribir Abu-Dabidagi neft konlaridan Fujayragacha keluvchi quvurlar orqali neft eksport qila oladi", - dedi u.
Kommoditi ma’lumotlari bilan shug‘ullanuvchi Kpler kompaniyasining Dubaydagi neft tahlilchisi Mett Stenlining aytishicha, port shaxri "Hurmuz bo‘g‘ozini aylanib o‘tish uchun ideal joyda" joylashgan.
"BAAning davlat neftь kompaniyasi ADNOC o‘z neft tankerlarini shu yerda saqlaydi, bu xom neft bo‘lib, uni Osiyo xaridorlari talab qiladi", - dedi u.
Stenli shunday qo‘shimcha qildi: "Eronning Fujayrada neft saqlash tankerini va quvurni urishga qaratilgan hujumlari Ko‘rfaz infratuzilmasining zaif ekanini ko‘rsatadi".
"Eron energiya oqimini izdan chiqarishni xohlayapti".
Stenliga ko‘ra, port shaxri Hindistonga yaqin va Singapur va Xitoy tomon harakatlanuvchi kemalar uchun Yaqin Sharqdan chiqqandan keyingi birinchi to‘xtash punktidir.
Fujayra qadimiy Ipak yo‘lining dengiz yo‘nalishida joylashgan bo‘lib, u 25-30 kundan beri ochiq dengizda suzib yurgan konteyner kemalarini bunkerlash, ya’ni yonilg‘i, oziq-ovqat va suv bilan ta’minlash hisobiga katta biznes hajmini o‘ziga jalb qilgan.
"Fudjayra kemalar uchun «ulkan savdo avtomati»ga o‘xshaydi", - deya qo‘shimcha qildi Stenli.
Dubayga qilingan hujumlarga qaramay, Xarperning ta’kidlashicha, u yerdagi biznes hamjamiyati "barqaror". Restoranlar odamlarni qayta jalb qilish uchun maxsus takliflar taqdim etmoqda va savdo markazlari hamon gavjum ko‘rinadi. "Odamlar Dubayni va uning inqirozdan omon chiqish qobiliyatini past baholashadi", - deya qo‘shimcha qildi u.
O‘tgan hafta BAA Davlat vaziri Lana Nusseybe Bi-bi-siga bergan intervyusida uning mamlakati nizodan so‘ng o‘zini tiklab olishiga va’da berib, iqtisodiyot barqaror ekanini ta’kidladi.






























