Islomni qabul qilgan va sharobdan voz kechgan ilk Britan Lordi

Lord Henri Stenli portreti.

Surat manbasi, The Stanley Family

Surat tagso‘zi, Lord Henri Stenli 1859 yili Islomni qabul qilgan.
O'qilish vaqti: 6 daq

Lordlar palatasining ilk musulmon a’zosi bo‘lgan britaniyalik aristokrat tavalludiga salkam 200 yil bo‘ldi.

Tarixchi Jeymi Gilhamning aytishicha, 1859 yilda islomni qabul qilib, "an’analar va oilasi istaklariga qarshi borgan" lord Henri Stenli haqida ko‘pchilik eshitmagan.

"Stenlining xatlari va kundaliklaridan deyarli hech narsa saqlanib qolmagan, bu juda achinarli, biroq bu uning xilvatnishin odam bo‘lgani haqidagi tasavvurni kuchaytiradi", deydi u.

O‘rta asrlardan beri chet elga sayohat qilgan britaniyaliklar orasida islomni qabul qilganlar nisbatan oz.

Ammo Gilhamning aytishicha, Stenli siyosiy ta’siri hamda Cheshir va Anglsidagi mintaqalarida nufuzli shaxs bo‘lgani bilan ajralib turgan.

1827 yilda tug‘ilgan Stenli fikr va e’tiqodini shakllantirishda to‘la erkinlik berilgan 10 farzandning to‘ng‘ichi edi.

Zodagon ajdodlari ildizi normandlar davriga borib taqaladigan bu katta sulolaning Viktoriya davrida turli xristian mazhablariga mansub va kamida bir nafar yahudiy a’zosi bo‘lgan.

Hozirgi lord Stenlining rafiqasi, oila tarixchisi Alderlilik ledi Stenlining aytishicha, ular "hurfikrli" bo‘lib, o‘qimishli va ko‘p sayohat qilgan onalardan dunyoga kelgan.

"Ular amaliyotchi odamlar edi, – deya qo‘shimcha qildi u. – Bahslashish odatiy hol sanalardi".

"Yerimdan daf bo‘l, otaman, qabilidagi munosabatdan farqli o‘laroq, fikrlash, bahs-munozara qilish tabiiy hol edi".

Istanbul shahri.

Surat manbasi, EPA

Surat tagso‘zi, Lord Stenli Istanbuldagi diplomatik vakolatxonada shuningdek Sharqiy Yevropa davlatlarida ishlagan.

Ko‘plab ziyoli viktorianlar singari, Stenli ham bolaligida sayohatnomalar va "Ming bir kecha" ertaklariga maftun bo‘lgan.

Shuningdek, uning eshitish qobiliyatidagi nuqson maktabdagi o‘qishiga ta’sir qilgan va u bir yildan so‘ng xususiy muallimdan saboq olish uchun nufuzli Iton maktabini tark etgan.

Gilhamning ta’kidlashicha, Stenlining parlament a’zosi bo‘lgan otasi va Kembrij universitetida birinchi ayollar kollejini tashkil etishga yordam bergan onasi "o‘z to‘ng‘ichlaridan katta umidlar qilgan".

Biroq uning qulog‘i og‘irligi "oilasini uning kelajagi borasida qattiq tashvishga solganini" anglatardi.

"U faqat Kembrijga borib, arab tilini o‘rganganidagina o‘zini ko‘rsata boshladi", deya qo‘shimcha qiladi Gilham.

Oradan bir yil o‘tib, 20 yoshli yigit 1847 yilda o‘sha vaqtdagi tashqi ishlar vaziri Lord Palmerstonning yordamchisi sifatida ishga olingan.

Cheshirdagi qishloqlardan biri.

Surat manbasi, Geograph/G Laird

Surat tagso‘zi, Lord Stenli Cheshir mintaqasidagi qator mayxonalarni yopgan.

Keyingi o‘n yil davomida Stenli diplomatik xizmatda Usmonli imperiyasi, shuningdek, Gretsiya va Bolgariyada ishlagan.

"Stenli Islomning Usmonlilarga bergan ijtimoiy va ma’naviy afzalliklarini tushuna boshladi", deydi Gilham.

Bu davr turli Yevropa imperiyalari o‘z qudrati cho‘qqisiga chiqib, ayni damda respublikachilik yoki millatchilik isyonlariga duch kelayotgan bir davr edi.

"Xatlardan ko‘rinib turibdiki, Stenli ham siyosiy, ham ruhiy inqirozlarni boshdan kechirgan", deya qo‘shimcha qiladi Gilham.

"U Xudoga bo‘lgan ishonchini yo‘qotmagan, ammo unda ilohiyotga oid shubhalar paydo bo‘lgan edi. Masalan, u Injilning so‘zma-so‘z to‘g‘riligiga shubha qilgan va ota-onasining yozishmalari uning hayotida ilk bor cherkovga bormaganini ko‘rsatadi".

"Viktoriya davri o‘rtalaridagi Britaniya uchun g‘ayriodatiy tarzda Stenli Islomga – Usmonli turklarining diniga mayl ko‘rsatdi va ramziy ma’noda o‘sha paytlarda, taxminan 1849-50 yillarda sharob ichishni tashladi".

Cherkovdagi naqshinkor deraza.

Surat manbasi, Geograph/Peter Worrell

Surat tagso‘zi, Lord Stenli mahalliy cherkovlardan biridagi naqshinkor deraza uchun mablag‘ ajratgan.

Britaniyaning kengayib borayotgan imperializmidan ko‘ngli qolgan Stenli 1858 yilda diplomatik xizmatni tark etdi va bir necha oy o‘tgach, Arabistonga sayohat qilayotib, musulmon bo‘lishga qaror qildi.

"Uning dinga kirishi va e’tiqodlari haqida ma’lumot juda oz, – deydi Gilham. – Bular shunchaki oilaviy xatlar orasida uchraydigan ma’lumotlardir".

Stenlining dinini o‘zgartirgani haqidagi matbuot xabarlari 1859 yilda uning Shri-Lankaga tashrifi chog‘ida, bu xabar o‘z yurti Cheshirga yetib borishidan avval paydo bo‘ldi. U yerda bu haqda avval mahalliy "Macclesfield Courier", keyin esa Londondagi umummilliy nashrlar yozib chiqdi.

Ba’zi xabarlarga ko‘ra, u Islomning eng muqaddas maskani Makkaga haj qilgan va Abdurahmon ismini olgan, biroq, Gilhamning qo‘shimcha qilishicha, bu haqda aniq dalillar yo‘q.

"Xatlar uning ota-onasi o‘g‘lining nasroniylikdan voz kechib, islomni qabul qilganidan g‘oyat g‘azablanganini hamda uyat va sharmandalikdan ezilganini ko‘rsatadi".

"Otasi onasiga shunday deydi: «U aqldan ozganmi? Mustamlakalarimiz va mulklarimizda o‘zi tushib qolgan bu xor ahvol bilan nima demoqchi o‘zi?»

"Onasi esa otasiga "Macclesfield Courier"dagi maqola «ko‘nglimni behuzur qildi» deb javob bergan".

Keyinchalik ular o‘g‘lining islomni qabul qilganini ommaviy inkor etishgan, biroq Stenli ukalaridan biriga yozgan maktubida: "Men doimo qalban musulmon bo‘lganman", deydi.

Maxfiy nikoh

1862 yilda u Jazoirda islom shariati bo‘yicha ispan katolik ayoliga uylandi, lekin yetti yildan so‘ng, ya’ni otasi vafot etguniga qadar munosabatlarini sir saqladi.

Ma’lum bo‘lishicha, Stenli bilan turmush qurayotgan paytda uning rafiqasi qonunan boshqa bir ispan erkagi bilan nikohda bo‘lgan, biroq Stenli bundan xabardor bo‘lganmi-yo‘qmi, noma’lum, deydi Gilhem.

1869 yilda otasi vafotidan so‘ng u Alderlilik uchinchi Lord Stenli va ikkinchi Baron Eddisberi bo‘lgach, er-xotin nikohini Angliya qonunchiligi bo‘yicha rasmiylashtirdi.

"Ispaniyalik er 1870 yilgacha hayot edi, shuning uchun bu nikoh ham aslida haqiqiy hisoblanmasdi.

Biroq 1874 yilda ular qayta turmush qurganida nikoh nihoyat qonuniy kuchga kirdi va bu Rim katolik cherkovi marosimi bo‘lgani ko‘pchilikni ajablantirdi", deb tushuntiradi Gilhem.

"Menimcha, u o‘z jufti, ya’ni rafiqasining dinini hurmat qilgan".

Mayxonalarning yopilishi

Otasining yerlari va unvonlarini meros qilib olgach, u 1869 yilda Lordlar palatasida partiyasiz a’zo sifatida o‘z o‘rnini egalladi va palataning birinchi musulmon a’zosiga aylandi.

"Uning musulmon ekanini tengdoshlaridan qanchasi bilganini ayta olmayman", deydi Gilhem.

"Menimcha, ular gazetalarni o‘qib turgani va uning sharqshunoslik jamiyatlariga aloqadorligini bilganini hisobga olsak, bu haqda xabardor bo‘lishgan".

Lord Stenli Shimoliy Cheshirdagi yerlarni, jumladan, Manchester yaqinidagi Premer-liga futbolchilari orasida mashhur bo‘lgan obod hudud sifatida tanilgan Alderli-Edj qishlog‘ini meros qilib oldi.

"Xushnomlikmi yoki badnomlik, har nechuk u Alderli Park mulkidagi ba’zi pablarni yopib qo‘ygan", deya qo‘shimcha qiladi Gilhem.

Iv Havva Iqbol-Xoxar turmush o‘rtog‘i bilan.
Surat tagso‘zi, Iv Havva Iqbol-Xoxar Lord Stenli haqida topgan ma’lumotlari o‘ta qiziqarli ekanligini aytadi.

1884 yilda amakisi vafot etgach, Lord Stenli Shimoliy Uelsdagi Anglsida joylashgan Penros mulkini meros qilib oldi va u yerda mahalliy cherkovlarni ta’mirlash ishlariga o‘z hissasini qo‘shdi.

U, shuningdek, islomda jonzotlarni tasvirlashga qarshi qoidalarga rioya qilib, an’anaviy tasviriy sahnalar o‘rniga geometrik naqshli derazalar uchun pul to‘lagan.

"Musulmon sifatida Stenli nasroniylikni Islomning qardosh dini – Ibrohimiy dinlar oilasiga mansubligi uchun hurmat qilgan", deydi Gilhem.

Islomni qabul qilgan va Manchester musulmonlar jamoasida ko‘ngilli sifatida faoliyat yuritadigan ingliz ayol Iv Havva Iqbol-Xoxar Anglsiga oilaviy ta’tilga borish arafasida Lord Stenlining hayoti haqida bilgach, cherkovlarni "borib ko‘rishni qattiq istaganini" aytdi.

"Tarix meni doim hayajonga soladi. Viktoriya davri Britaniyasida Islomni birinchi bo‘lib qabul qilganlar, ayniqsa, Lord Stenli kabi yuksak mavqega ega mahalliy aristokrat haqida bilish juda maroqli".

U cherkovlarning bezaklarini "ko‘zni quvnatar" deb ta’riflab, ularni "o‘tmishimizning boy va rang-barang manzarasining bir qismi" deb ataydi.

Yoshi o‘tishi bilan qulog‘i og‘irlashgan lord Stenlini tasvirlovchi karikatura.

Surat manbasi, The Stanley Family

Surat tagso‘zi, Yoshi o‘tishi bilan qulog‘i og‘irlashgan lord Stenlini tasvirlovchi karikatura.

Biroq, Buyuk Britaniya millatlarining siyosiy ittifoqi tarafdori bo‘lgan Lord Stenli mahalliy maktablarda uels tilini o‘qitishga qarshi chiqqan.

"U tilni juda hurmat qilardi, – deydi Gilhem. – Lekin bu vaziyatda, nazarimda, gap ittifoq haqida ketgan va ittifoq uning uchun muhimroq bo‘lgan".

U Lord Stenlini "imperiyaning kengayishiga ishonmagan" shaxs sifatida ta’riflab, qo‘shimcha qiladi: "U imperiyani mavjud holida mustahkamlash tarafdori edi.

Shu sababli u Lordlar palatasida imperiyani saqlab qolish, ayni paytda uning aholisiga g‘amxo‘rlik qilish haqida so‘zlagan.

U konservativ, ayni damda Viktoriya davri odami edi. U ko‘p jihatdan, jumladan, din borasida qoidalarga qarshi borgan, ammo boshqa masalalarda bunday qilmagan".

Lord Stenli 1903 yilda muqaddas Ramazon oyida 76 yoshida vafot etdi va o‘zining Alderli mulkidagi maxsus ajratilmagan yerga dafn qilindi. Londondagi Usmonli elchixonasi imomi janoza o‘qidi.

"U ba’zi jihatdan o‘z davridan ilgarilab ketgan edi va endilikda uni asta-sekin tan olib, ma’lum ma’noda qayta kashf etishmoqda", deydi Gilhem.

"U o‘zini ko‘z-ko‘z qiladigan odam emasdi, balki shu narsa uning merosiga ziyon yetkazgandir, lekin umid qilamanki, odamlar uni hozirgidan ko‘ra ko‘proq taniy boshlaydi".