Rossiya Angolada hukumatga qarshi namoyishlarni qo‘zg‘ashga urindimi?

Surat manbasi, Serviço de Investigação Criminal de Angola
- Author, Mariya Jevstafeva
- Role, BBC
- Author, Ilya Barabanov va Surishtiruv jamoasi
- Role, BBC
- Author, Leandro Prazeres
- Role, BBC
- O'qilish vaqti: 7 daq
Angolada ikki nafar Rossiya fuqarosi hukumatga qarshi norozilik namoyishlarini qo‘zg‘aganlik, yolg‘on axborot tarqatganlik va kelgusi yili o‘tadigan prezidentlik saylovlariga ta’sir qilishga uringanlikda ayblanib, sud qilinishi kutilmoqda.
O‘tgan yil avgust oyida hibsga olingan siyosiy maslahatchi Igor Ratchin va tarjimon Lev Lakshtanov terrorizm, josuslik va shaxsiy aloqalardan foydalanib ta’sir o‘tkazganlik kabi jami 11 ta modda bo‘yicha ayblanmoqda.
Bi-bi-si Angoladagi siyosiy yo‘nalishni o‘zgartirishga qaratilgani aytilgan operatsiyaga oid ayblov xulosasi nusxasini qo‘lga kiritdi.
Rossiyaliklar advokatlari ayblov xulosasida "aniq va ob’ektiv dalillar" yo‘qligidan norozilik bildirmoqda.
Prokuraturaga ko‘ra, ayblanayotgan rossiyaliklar Yevgeniy Prigojin 2023 yilda aviahalokatda vafot etganidan so‘ng tugatilgan "Vagner" guruhi negizida paydo bo‘lgan, Afrikadagi operativ xodimlar va josuslarning yashirin tarmog‘i bo‘lmish "Africa Politology" nomidan ish ko‘rgan.
"Vagner" bilan aloqador siyosiy operativlar o‘n yildan ortiq vaqtdan beri butun Afrika bo‘ylab, xususan, Markaziy Afrika Respublikasi, Mali va Madagaskarda faol bo‘lib kelgan.
Himoya tomoni ularning "Africa Politology" yoki "Vagner" guruhiga aloqasi yo‘qligini, Rossiya davlati nomidan harakat qilmaganini, aksincha, Luandada madaniy "Rossiya uyi"ni tashkil etish uchun hamkorlik qilib kelganini aytmoqda.
Angola Afrikadagi eng yirik neft qazib oluvchi va olmos eksport qiluvchi mamlakatdir. Uning tabiiy boyliklari va strategik joylashuvi Moskva uchun doimiy qiziqish uyg‘otib kelgan. Biroq aloqalar Sovuq urush davriga borib taqalsa-da, Angola asta-sekin Rossiyaning ta’sir doirasidan uzoqlashmoqda.

Surat manbasi, Getty Images
Rossiyaning olmos qazib oluvchi "Alrosa" shirkati va "VTB" banki Ukraina urushi sababli joriy etilgan xalqaro sanksiyalar tufayli Angolani tark etishga majbur bo‘ldi.
Angola prezidenti Joau Lorensu G‘arbga yuz burdi va 2019 yildan beri Vladimir Putin bilan uchrashgani yo‘q.
Ta’kidlanishicha, rossiyaliklar Angolaga kirib borib, yangi maydonda faoliyat boshlagan.
"Bu Rossiya Lorensu ma’muriyati davrida Angolaning tutgan yo‘lidan halovatsiz ekanini ko‘rsatadi", deydi "Yevropa tashqi aloqalar kengashi" tahlil markazining Afrika dasturi direktori Aleks Vayns.
"Bu yerda Rossiya Federatsiyasiga nisbatan ko‘proq xayrixohlik uyg‘otishga qaratilgan Rossiya dezinformatsiyasi unsuri borligi aniq".
Rossiyaliklar bilan birga ikki nafar Angola fuqarosi ham mazkur operatsiyasidagi ishtiroki uchun sudlanmoqda.
Ayblov xulosasiga ko‘ra, rossiyaliklar mamlakatda o‘z faoliyatlarini amalga oshirish uchun sport jurnalisti Amor Karlos Tome va siyosiy faol Fransisko Oliveyrani yollagan.
Ularga terrorizm, josuslik va shaxsiy aloqalardan foydalanib ta’sir o‘tkazish kabi moddalar bo‘yicha mos ravishda to‘qqizta va beshta ayblov qo‘yilgan.
Angolalik sudlanuvchilar advokatlari ularga qarshi yetarli dalillar yo‘qligini va "ayblov shunchaki taxminlarga asoslangan"ligini ta’kidlamoqda.

Surat manbasi, Getty Images
Prokurorlar ta’kidlashicha, rossiyaliklarning birinchi guruhi 2024 yilda Angola poytaxti Luandaga Rossiya madaniyat markazini ochish bahonasida kelgan, biroq bu loyiha amalga oshmay qolgan.
Dastlab kelganlar orasida "Vagner" bilan aloqador taniqli siyosiy operativ Maksim Shugaley ham bo‘lgan. U dezinformatsiya kampaniyalari sababli Yevropa Ittifoqi sanksiyalariga uchragan, uning Afrikadagi faoliyati haqida, aftidan, Prigojin homiyligida film trilogiyasi ishlangan.
U Angolaga o‘zining ko‘p yillik tarjimoni Samer Suayfan bilan borgan. Bi-bi-si har ikki shaxs bilan ham bog‘landi.
Suayfan sudlanuvchilarni tanishini tan olgan bo‘lsa-da, Shugaley ularni tanimasligini aytgan.
Bu yerda Rossiya Federatsiyasiga nisbatan ko‘proq xayrixohlik uyg‘otishga qaratilgan Rossiya dezinformatsiyasi unsuri borligi aniq.
Ayblov xulosasiga ko‘ra, 2024–2025 yillar davomida sudlanuvchilar "siyosiy o‘zgarishlarni qo‘zg‘atish" maqsadida mahalliy ommaviy axborot vositalarida propaganda va dezinformatsiya tarqatish uchun mahalliy jurnalistlar va ekspertlarga bir necha bor pul to‘lagan. To‘lovlarning umumiy miqdori 24 000 AQSh dollaridan oshadi.
Angola hukumati bu harakatlarni G‘arblik hamkorlarga bo‘lgan ishonchni sindirish va prezident Lorensuning tashqi siyosatini obro‘sizlantirish uchun keng ko‘lamli ta’sir o‘tkazish operatsiyasining bir qismi deb bilmoqda.
Ilgari Prigojin bilan Afrika loyihalarida ishlagan bir insayder bu urinishlarni uquvsizlik deb tanqid qildi.

Surat manbasi, Youtube/ Aurum Production
"Bu yil [2025] ular butun Afrika mavzusini qandaydir g‘irt ahmoqlarga topshirib qo‘yishdi. Go‘yoki ularni "Sadovod" bozoridan [Moskvadagi savdo markazi] olib kelishgandek. Yangi yil arafasida Angola mediasida maqolalar chiqarishni juda xohlashdi. Ammo men ular bu turishda jahannamga ketishlarini aytgandim", deydi bir siyosiy strateg Bi-bi-siga ish beruvchilar kimligini oshkor qilmagan holda.
Prokuratura bu ikki rossiyalik erkak olib borgan dezinformatsiya kampaniyasi dalili sifatida ayrim nashrlarni keltirmoqda.
2025 yil yanvarь oyida taniqli mahalliy yangiliklar sayti "Angola 24 Horas"ga taqlid qiluvchi va o‘zini satirik sahifa deb ataydigan Facebook sahifasidagi postda Angola Ukraina urushiga tortilishi mumkinligi haqida xabar chiqqan.
2024 yil dekabrь oyida o‘sha sahifadagi bir postda G‘arb qo‘llab-quvvatlayotgan hamda Markaziy Afrikadan Angola portlariga foydali qazilmalarni tashiydigan "Lobito koridori" temiryo‘l loyihasi tanqid qilingan.
Postda xorijiy firmalar Angola foydali qazilmalaridan deyarli to‘liq foydalanish imkoniyatiga ega bo‘layotgani da’vo qilingan. Bi-bi-si "Angola 24 Horas" satirik sahifasi bilan bog‘landi, ammo javob olmadi.
"Lobito koridori" haqidagi post bir kundan so‘ng "Lil Pasta News" yangiliklar veb-saytida paydo bo‘ldi. Veb-saytda e’lon qilingan yana bir maqolada mamlakat loyihaga qo‘shilish orqali "iblis bilan til biriktirdimi" qabilida taxmin ilgari surilgan.
"Lil Pasta News" Bi-bi-siga mazkur maqolalarni tahririyat jamoasi tayyorlamaganini, balki vositachi orqali olganini ma’lum qildi. Jamoaning aytishicha, ular muallif bilan aloqa qilmagan va nashr uchun haq to‘lanmagan.
Rossiyalik ayblanuvchilar advokatlari Ratchinning ushbu maqolalardan birortasiga buyurtma berganini tasdiqlovchi dalillar yo‘qligini ta’kidlamoqda.

Surat manbasi, TG Premia Vorotnikova
Angola prokurorlari ta’kidlashicha, guruh kichik, ammo samarali tarmoq bo‘lgan. Ratchin go‘yoki uni boshqargan.
U avvalroq Rossiyadagi bir nechta mintaqaviy saylov kampaniyalarida ishlagan va Bi-bi-si ko‘rgan videoda o‘zi ta’kidlaganidek, bu kampaniyalarda u qo‘llagan nomzodlar g‘alaba qilgan.
Lakshtanov sovet davridan beri Angolada tarjimon bo‘lib ishlagan. Prokurorlar fikricha, u operatsiyada yordamchi rol o‘ynab, asosan tarjimonlik qilgan.
Mahalliy aloqani esa asosiy muxolif partiya bo‘lgan "Unita"ning yoshlar yetakchisi, 2015–2019 yillarda Rossiyada kimyo muhandisligi bo‘yicha o‘qigan, rus tilida so‘zlasha oluvchi Fransisko "Buka Tanda" Oliveyra ta’minlagan.
Ayblov tomoni da’vo qilishicha, unga angolalik siyosatchilarni ayblanuvchilar bilan tanishtirish vazifasi yuklangan.
"U [Oliveyra] bu tashkilotni ["Africa Politology"] va u bilan bog‘liq hech bir faoliyatni bilmaydi. Uning bilgani shuki, ular rus madaniyat markazini tashkil etmoqchi bo‘lishgan", deydi himoyachi advokat Pedro Kangombe.
Angola davlat telekanali (TPA) sport jurnalisti Tome mamlakatning siyosiy manzarasi va bo‘lajak prezidentlikka nomzodlar haqida ma’lumot to‘plashda, shuningdek, da’vo qilinayotgan ta’sir o‘tkazish operatsiyasi bilan bog‘liq materiallarni tayyorlash va nashr etishda yordam berganlikda ayblanmoqda.
Tomening himoyachisi ta’kidlashicha, ayblov xulosasida jinoyatlarning "sub’ektiv yoki ob’ektiv unsurlaridan birortasi ham minimal darajada" bo‘lsin isbotlanmagan.
Ayblov xulosasida 2024 va 2025 yillarda turli vaqtlarda Angolaga kelib-ketib yurgan tarmoqning yana olti nafar rossiyalik a’zosi nomi keltirilgan.

Surat manbasi, Lev Lakshtanov via MyMail.Ru
Shuningdek, ayblov xulosasida yana aytilishicha, Lakshtanov va Ratchin hukmron MPLA partiyasi va "Unita"ning bir qator yuqori martabali siyosiy arboblari bilan uchrashgan, saylovoldi tashviqoti tadbirlari uchun qo‘llab-quvvatlov va moliyalashtirish taklif qilgan.
Eng e’tiborlisi, prokuratura ularning MPLA partiyasining nufuzli a’zosi, general Higino Karneyro va Unita yetakchisi Adalberto Kosta Junior bilan uchrashganini da’vo qilmoqda.
Ikkalasi ham kelasi yilgi saylovlarda prezidentlikka ehtimoliy nomzodlar sifatida ko‘riladi.
Prokurorlar da’vo qilishicha, rossiyaliklar Karneyroga saylovoldi kampaniyasini qo‘llab-quvvatlash uchun 15 million dollargacha mablag‘, shuningdek, xavfsizlikni ta’minlash, strategik maslahat va josuslik ma’lumotlarini yig‘ishda yordam taklif qilgan.
Biz ko‘rgan ayblov xulosasida bu da’vo qilingan taklif haqida dalil yo‘q edi.
"Bunday uchrashuv bo‘lganmi yoki yo‘q, bilmayman", deydi Ratchin va Lakshtanovning advokati Elizeu Nguiniti.
"Unita" vakili Jonas Mulato Bi-bi-siga partiya yetakchisini xorijiy ta’sir operatsiyasiga bog‘lovchi da’volar yolg‘on ekanini va sud jarayonlaridan siyosiy maqsadlarda foydalanilayotgani "tobora ayon bo‘lib borayotganini" aytdi.
Bi-bi-si Karneyrodan izoh so‘radi, biroq javob ololmadi.
Agitatorlarmi yoki baloga qolganlar?
O‘tgan yil iyulida Angolada "Unita" va MPLA o‘rtasidagi fuqarolar urushi 2002 yilda tugaganidan beri eng qonli norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi.
Luandadagi taksi haydovchilarning tinch ish tashlashi sifatida boshlangan harakat qisqa vaqtda zo‘ravonlikka, umummilliy tartibsizliklarga aylandi.
Faollar ta’biri bilan aytganda, politsiya namoyishchilarga "haddan tashqari" kuch ishlatgan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, kamida 29 kishi halok bo‘lgan, 1200 dan ortiq odam hibsga olingan.
Ayblov tomoni sudlanuvchilarni norozilik namoyishlarini uyushtirganlikda ayblab, ularning mobil telefonlaridan topilgan namoyishlar haqidagi yozuvlar va Ratchin olgan fotosuratlarni dalil qilib ko‘rsatmoqda.
Bi-bi-si ko‘rgan hujjatlarda Ratchinning advokatlari uning suratlarni xavfsizlik nuqtai nazaridan, agar o‘ziga hujum qilinsa, dalil bo‘lishi uchun olganini aytishgan. Bi-bi-si fotosuratlar va yozuvlarni ko‘rgani yo‘q.

Surat manbasi, Getty Images
Ko‘plab angolalik jurnalistlar va faollar namoyishlar sun’iy uyushtirilgani haqidagi fikrga keskin qarshi chiqib, Angola hukumati ruslardan "qurbonlik" sifatida foydalanayotgan bo‘lishi mumkinligini aytmoqda.
Jahon banki hisob-kitobiga ko‘ra, angolaliklarning qariyb 40 foizi kuniga 3 dollarlik xalqaro qashshoqlik chegarasidan pastda yashayotgan bo‘lishi mumkin.
"Odamlar boshqa davlatdan kimdir aytgani uchun emas, o‘zlarining yashash sharoitlari tufayli norozilik bildirdi", deydi "Human Rights Watch" tashkilotining Angola bo‘yicha tadqiqotchisi Sheyla Nhancale.
Ayblov xulosasining o‘zi ham tanqidga uchradi. Unda imloviy va yaqqol faktik xatolar bor.
Masalan, prokurorlar ta’kidlashicha, Rossiya operatsiyasi 2024 yil 9 oktyabrda Maksim Shugaley va boshqalarning kelishi bilan boshlangan, ammo Shugaleyning o‘zi 2024 yil 19 sentyabrda Chadda hibsga olingan va 2024 yil 16 noyabrda Moskvaga qaytarilgan.
Bi-bi-si Angola prokuraturasidan ushbu va boshqa nomuvofiqliklar yuzasidan izoh so‘radi, biroq javob olgani yo‘q.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:
Huquqshunos va Buyuk Britaniyadagi Oksford universitetining Afrika tadqiqotlari markazi ilmiy xodimi Rui Verdening aytishicha, ayblov xulosasida keltirilgan harakatlarga qaralsa, qo‘poruvchilik qasddan rejalashtirilganini isbotlashmoqchi.
Bir qancha manbalarga ko‘ra, agar aybdor deb topilsa, ruslar o‘z vataniga qaytarib yuborilishi mumkin.
Ammo aftidan Rossiya hukumati yordam ko‘rsatishga shoshilmayotir.
Rossiya diplomatik doiralariga yaqin manbaning Bi-bi-siga aytishicha, "mantiq oddiy: bu odamlar davlatning rasmiy topshiriqlarini bajarmagan, ular shunchaki pudratchilar bo‘lgan. Rossiyaning mamlakatdagi mavqeyi shundoq ham zaif, shunday ekan, vaziyatni yanada og‘irlashtirishdan ma’no yo‘q".
"Prigojin operatsiyasidan qolgan bu qoldiqlar o‘z muammolarini o‘zlari hal qilaversin", deydi manba.



























