Xoch ostida dafn etilgan o‘zbeklar. Rossiya-Ukraina urushi voqeligi (Video)

Luganskdagi xoch o‘rnatilgan o‘zbekistonlik qabri.
Surat tagso‘zi, Luganskdagi qabristonda xoch ostida dafn etilgan qator o‘zbekistonliklar qabrlari bor.
O'qilish vaqti: 10 daq

Rossiyaning 2022 yil Ukrainaga qarshi boshlagan urushida Rossiya tomonida kurashib, halok bo‘lganlar orasida o‘zbekistonliklar doxil 1000 ga yaqin Markaziy Osiyolik bor.

BBC Rus xizmati jurnalistlari yillarki olib borgan tadqiqotlari natijasiga ko‘ra, urushning 5- yili ketar ekan Rossiya tomonidan to‘liq tasdiqlangan qurbonlar soni 200 ming kishidan ortiq.

Ammo bu raqam ham qurbonlar sonini aniq aks ettirmaydi.

To‘liq tasdig‘ini topmagan o‘limlar ham nazarga olinsa urushda halok bo‘lganlar soni 400 mingga qadar bo‘lishi mumkin.

Xoch ostida dafn qilingan o‘zbekistonliklar haqida BBC Uzbek ning TikTok sohifasida:

O‘tkazib yuboring TikTok post
TikTok контентига рухсат бериш

Ayni maqolada TikTok tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz TikTok havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas TikTok bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri TikTok post

BBC O‘zbek xizmati qurbonlar soni haqida yillarki tadqiqot olib borgan Rus xizmati jurnalisti Olga Ivshinani suhbatga chorladi.

Suhbatni quyidagi link orqali tomosha qilishingiz mumkin:

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

BBC O‘zbek xizmati:v 200 mingdan ortiq qurbon haqidagi ma’lumot ne qadar ishonchli va amaldagi qurbonlar sonini aks ettiradimi?

Olga Ivshina: Urushning birinchi kunlaridanoq biz Rossiyaning mustaqil nashri "Mediazona»dagi hamkasblarimiz bilan birga Ukrainaga qarshi urushda halok bo‘lganlarning ro‘yxatini ochiq manbalarga asoslanib , qayd qilib kelishga urinmoqdamiz.

Mana shu biz 100 foiz tasdiqlay olgan qurbonlar soni hozirda 200 mingdan oshdi, lekin bu ham to‘liq raqam emas.

O‘lim haqida alohida ma’lumotlar yoki Ukraina tomonidan beriladigan ma’lumotlarni biz e’tiborga olmaymiz, chunki bu bizga faqatgina to‘liq tasdig‘ini topgan, shu bilan birga bu boradagi raqamlarning past chegarasini aniqlash imkonini beradi. Ya’ni, bu raqamdan pastrog‘i bo‘lishi mumkin emas. Bu juda muhim.

Asl raqamlar ko‘proq bo‘lishi mumkin va ular muttasil o‘zgarmoqda.

Masalan, oxirgi oyning o‘zida biz bu ro‘yxatga yana to‘liq tasdig‘ini topgan 30 ming insonni qo‘shishga muvaffaq bo‘ldik. Bular asosan urushning dastlabki yillari halok bo‘lgan shaxslar. Biz ular haqida hatto merosni olish haqidagi arizalar asosida qo‘shimcha tasdiqlovchi hujjatlarni topishga erishdik.

Shuning uchun xulosa qilishimiz mumkinki, bizning ro‘yxatimiz halok bo‘lganlarning umumiy sonining taxminan 60 foizini o‘z ichiga oladi. Haqiqiy son esa 350 ming, balki-da 400 mingga yaqin bo‘lishi mumkin, deb taxmin qilmoqdamiz.

BBC
O‘zbekistonliklar doxil Ukraina urushida qurbon bo‘lganlarning asl soni 400 mingga qadar bo‘lishi mumkin."
Olga Ivshina
BBC.COM/RUSSIAN

Qurbonlar haqida Rossiya rasmiy ma’lumotlari bormi?

BBC O‘zbek xizmati: Rossiya hukumati shu vaqtgacha qurbonlar haqida qanday ma’lumot bergan?

Olga Ivshina: Rossiya hukumati urush boshlanganidan beri atigi 2 marotaba halok bo‘lganlar soni haqida ma’lumot bergan. Ikkalasi ham 2022 yilda.

Oxirgi marotaba Rossiya hukumati 2022 yil sentyabr oyida 6 mingga yaqin halok bo‘lganlar haqida ma’lum qilgandi. O‘sha vaqtning o‘zidayoq biz yuritayotgan ro‘yxatda rasmiylar tan olayotganidan anchayin ko‘proq inson bor edi. O‘shandan beri rasmiylar halok bo‘lganlarning umumiy soni haqida ma’lumot berishmayapti.

Alohida hodisalarda o‘lganlar haqida onda-sonda ma’lumot berib turishadi. Masalan,Makeevkadagi kazarmaga hujum qilinganda yoki "Moskva" kreyseri cho‘ktirilganda aynan o‘sha alohida hodisalarda halok bo‘lganlar haqida aytilgan. Ammo umumiy son borasida ma’lumot berilmayapti.

"200.zona.media" veb-sahifasi.

Surat manbasi, 200.zona.media

Surat tagso‘zi, Ukraina urushida halok bo‘lgani tasdiqlanganlar ro‘yxati "200.zona.media" veb-sahifasida chop etilgan.

BBC O‘zbek xizmati: Qurbon bo‘lganlar haqida ma’lumotlarni qayerdan olasizlar va qanday qilib tasdiqlaysizlar?

Olga Ivshina: Bizning ma’lumotlarimiz ochiq va oshkor. «Mediazona»dagi hamkasblarimiz bu ro‘yxatni to‘liq chop etishgan. Istagan inson biron ismni qidirmoqchi bo‘lsa, o‘sha ismni «200. zona.media" veb-sahifasida qidiruvga kiritib, tekshirib ko‘rishi mumkin. Hatto yashash joyi asosida ham qidiruvni amalga oshirish mumkin. O‘sha yerda o‘lim haqidagi ma’lumot qaysi manbadan olingani haqida ham aytilgan.

Manbalarga kelsak, ular 3 turdagi manba. Eng yirigi va asosiysi bu rasmiy e’lonlar. Lekin bu rasmiy e’lonlar tabiati oxirgi yillarda bir qadar o‘zgardi. Masalan, urushning ilk yillarida shahar yoki viloyat rahbari bu o‘limlar haqida anchayin balandparvoz bayonotlar bergan bo‘lsa, oxirgi yillarda bu bayonotlar ta’bir joiz mahalliylashdi.

Masalan, bir qishloq yoki tuman rahbarlari doirasida yoki hatto maktab direktori darajasida aytiladigan bo‘ldi. Lekin qanday bo‘lmasin bu rasmiy manba va biz ularni qayd qilib borishga harakat qilamiz. Va ular bir ma’noda qo‘shimcha tasdiq yoki tekshiruvni taqozo qilmaydi.

Yana bir manba bu Ijtimoiy tarmoqlarda yaqinlari tomonidan e’lon qilingan o‘limlar. Albatta bu kabi ma’lumotlarga ehtiyotkorlik bilan yondashish kerak. Chunki soxta bo‘lishi ham mumkin. Biz ularni sinchkovlik bilan tekshiramiz. Xabarni qoldirgan shaxs bilan halok bo‘lgan shaxs o‘rtasidagi qarindoshlik yoki do‘stlik aloqalarini o‘rganib chiqamiz.

Va yana bir manba, bu bir qadar kichik manba desak bo‘ladi, bu bizga ma’lumotlarni topishda yordam berishga tayyor ko‘ngillilar. Ular qabristonlardan, xotira yodgorliklari, halok bo‘lganlar o‘qigan maktabda tashkil etilgan "qahramonlar partasi" suratlarini bizga yo‘llab, ma’lumot yig‘ishimizga yordam berishadi.

Qabriston va xotira yodgorliklaridan yuborilgan rasmlar juda muhim, chunki biz u yerdagi ismlarni sinchkovlik bilan qarab chiqib, ro‘yxatimizda yo‘q, rasmiy e’lon qilinmagan va yaqinlariga ham ma’lum qilinmagan va yoki yaqinlarining xabarlari bo‘lmagan qurbonlar ismlarini topib, tasdiqlab, qayd qilamiz.

Ba’zida qurbon bo‘lganlar haqida yaqinlari xabar topsalar ham hech qanday xabar bermaganlarining turli sabablari bor. Kimdir e’tiborni jalb qilishdan qo‘rqadi, kimgadir oshkor etmaslik borasida bosim o‘tkaziladi. Yaqinlariga o‘limlar haqida oshkora gapirishni man qilish urushning ilk yillari ko‘p kuzatilgandi. Hatto Ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlarini olib tashlashni talab qilishgan vaqtlari ham bo‘lgan.

BBC O‘zbek xizmati: Tadqiqotlaringiz mobaynida aniqlangan qurbonlarning yaqinlariga ba’zida siz xabar berishingizga to‘g‘ri kelgan, shundaymi?

Olga Ivshina: Ha, bu ham jarayonning tarkibiy qismiga aylandi. Bu ishni boshlaganimizda bu holat yuzaga kelishini tasavvur ham qilmagandik. Yaqinlari bilan bog‘lanib, ma’lumotlarni tekshirish va ularga yetkazish, ayniqsa qamoqxonalardan urushga safarbar qilingan jinoyatchilar, jumladan "Vagner" guruhi tarkibida jangga kirgan va halok bo‘lgan shaxslar bilan bog‘liq holatlarda yuz berdi. Chunki bu Mudofaa vazirligi tasarrufida bo‘lmagan norasmiy guruh edi.

Rasmiy yo‘llar bilan safarbar qilinganlarning yaqinlariga ma’lumot berish bir qadar yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, "Vagner"chilarga kelganda bu jarayon ko‘pda ishlamagan.

Yana bir toifa bu asosan sobiq Ittifoq davlatlaridan bo‘lganlar va urushda ishtirok etish uchun yollanganlar. Masalan, yaqinda o‘g‘li bilan aloqani yo‘qotgan ozarbayjonlik bir ayol biz bilan bog‘lanib, uni topishga yordam berishimizni so‘radi. Bu kabi so‘rovnomalar yillar davomida yuzlab bo‘ldi. Ko‘plab oilalarga, yaqinlari taqdirini aniqlashga yordam berdik. 60 ga yaqin oilaga halok bo‘lganlar haqida xabar berishga to‘g‘ri keldi…

Yaqinda shunday bir holat ro‘y berdi. VVS Qirg‘iz xizmatidagi hamkasblarimiz bir ayol urushga safarbar qilinib, aloqani yo‘qotgan yaqinini izlayotgani haqida aytishdi. Men izladim va afsuski qo‘limizda surati bo‘lgan bir qabrdagi yozuvda o‘sha ayolning yaqini ismi borligini aniqladik. Oqibatda ularga telefon qilishga majbur bo‘ldim.

Luganskadagi qabristonda Markaziy osiyoliklar qabrlari.
Surat tagso‘zi, Ukraina urushida halok bo‘lganlar orasida o‘zbekistonliklar doxil 1000ga yaqin Markaziy osiyoliklar borligi taxmin qilinmoqda.

BBC O‘zbek xizmati: Yillar davomida muttasil ravishda o‘lim haqidagi hujjatlar bilan ishlash, qurbonlar ma’lumotlarini tekshirish, ba’zida qurbonlar yaqinlariga mash’um xabarni yetkazish, doimo shu jarayonning ichida bo‘lish, ruhan juda qiyin bo‘lsa kerak?

Olga Ivshina: Albatta bu juda og‘ir. Mash’um xabarni yetkazish uchun to‘g‘ri so‘zlarni topish juda qiyin…Qandaydir rasmiy ohangda, quruq qilib, mana shunday-shunday bo‘libdi, deb yaqinini yo‘qotgan insonga aytib bo‘lmaydi, albatta. Bu bizning ishimiz ham emas. Lekin yaqinini qidirib, boshi berk ko‘chaga kirib qolganlarga, qayerga bosh urishni bilmaganlarga qo‘lingizda bor ma’lumotni bermaslik noinsoniylik bo‘ladi.

Jurnalist sifatida sovuqqon, bosiq va betaraf bo‘lishimiz kerak. "Halok bo‘lganlar urushga yollanib, o‘zlari ham kimlarnidir o‘ldirganlar", degan o‘y-fikrlar ham keladi hayolingizga… Yaqinlarining esa bunga hech qanday aloqalari yo‘q-ku. Men bu yerda kimgadir hakamlik qilib, xulosa chiqarmoqchi emasman, lekin har qanday inson yaqinining taqdiri nima bo‘lganini bilishga haqli.

Shaxsan men uchun bu urush 2022 emas 2014 yilda boshlangan. Muxbir sifatida jabhaga ham tez-tez borishga to‘g‘ri kelgan. Albatta mana shu hodisalarga shaxsiy yaqinlik har qanday inson uchun qiyin. Lekin o‘zingni ruhan saqlab qolish uchun qandaydir mexanizmlarni ishlab chiqasan. Ruhan masofani saqlash hamisha ham imkonli bo‘lmaydi, ammo men iloji boricha turli yo‘l va choralar bilan sodda qilib aytganda aqldan ozmaslikka harakat qilaman.

Meni tinchlantiradigan narsa shuki, joriy vaziyatda men qilishim kerak bo‘lgan eng ijobiy narsa bu ishimni yaxshi bajarish. Hatto halok bo‘lganlarning yaqinlariga mash’um xabarni yetkazishga to‘g‘ri kelgan hollarda, bu neqadar og‘ir bo‘lmasin , ularga bu og‘riqli va oxiri nima nima bilan tugashi noma’lum bo‘lgan qidiruvlarining nihoya topishiga yordam berdim, deb his qilaman. Bu ham menga ruhiy dalda beradi.

O‘zbek tilidagi varaqa.
Surat tagso‘zi, Rossiya rasmiylari sobiq Ittifoq davlatlaridan muhojirlarni Ukraina urushiga yollash uchun turli tillarda varaqalarni chop etishgan.

BBC O‘zbek xizmati: Halok bo‘lganlarning yaqinlari, mahalliy ko‘ngillilar o‘lim holatlarini aniqlashda sizga ancha yordam bergan ko‘rinishadi.

Olga Ivshina: Albatta, o‘lim holatlarini tasdiqlash jarayoni ba’zida kutilmagan yo‘lda rivojlanadi. Bu yerda gap dastlab "Vagner" guruhi tomonidan yaratilgan qabriston haqida ketmoqda. Qandaydir sabablar bilan bu guruh tarkibida jang qilganlarning ba’zilarini halok bo‘lganidan so‘ng vatanga, yaqinlariga yuborishgan. Ammo ba’zilarini yangi yaratilgan qabristonlarda dafn qilishgan. Biz mahalliy odamlar, ko‘ngillilar yordamida 8 ta shunday qabristonni aniqladik.

Eng yirigi Krasnodar o‘lkasida, u yerda mingga yaqin qabr bor edi. Eng sirli qabristonlardan biri esa Ukraina hududida, Rossiya bosib olgan Lugansk viloyatidagi qabriston edi. Bir ayol o‘sha yerga kimnidir ziyorat qilgani borganida ko‘plab yangi qabrlar paydo bo‘lganligini ko‘rib qolgan. U qabrlarning suratini olib bizga yubordi. O‘sha qabrlardan biri uzra o‘rnatilgan xochda kamdan-kam uchraydigan bir familiya yozilgandi. O‘shani izlay boshladim. Ijtimoiy tarmoqda tezgina uning sahifasini topdim. Keyin uning onasining sahifasini ham topdim.

Men jurnalistika etikasini saqlashga harakat qilib, ehtiyotkorlik bilan "o‘g‘lingiz urushga ketganmidi" ma’nosida maktub yo‘lladim. O‘zaro ma’lumotlarni solishtira boshladik, ismi, koloniyada bo‘lgani va "Vagner" guruhi bilan shartnoma imzolab, urushga ketgani va o‘sha vaqtga kelib o‘g‘li bilan aloqa uzilganini aniqlab oldik.

Luganskdagi qabriston.
Surat tagso‘zi, Luganskdagi qabristonda urush qurbonlari qabrlari borligi haqida BBC ga ko‘ngillilar xabar berishga.

Men unga qo‘limda Luganskdagi qabristondan olingan bir rasm borligi va unda mana shu ism yozilganini aytdim. Onasi "men sizga ishonmayman, bo‘lishi mumkin emas. Siz bilan hatto gaplashishni istamayman", deb aloqani uzdi. Men "hech narsani ta’kidlash maqsadim yo‘q, faqat o‘g‘lingiz urushga ketganmi yo‘qmi shuni aniqlamoqchi edim", deb aytdim.

Oradan bir necha oy o‘tib, onasining o‘zi men bilan aloqaga chiqib, "o‘g‘lim hozirda muddati tugab uyga qaytishi kerak edi. Lekin kelmadi, nima qilay", deb so‘radi. Biz unga bu qabriston qaerda ekanligini aytdik. Oxir-oqibat ona u yerga borib, ne mashaqqatlar bilan o‘g‘lini eksgumatsiya qilib, vataniga qaytarib kelishga muvaffaq bo‘ldi. Buning sarf -xarajati uchun hatto uyini ham sotmoqchi bo‘ldi, oxiri bankdan qarz olib shunga muvaffaq bo‘ldi.

O‘sha ayol hujjatlarni rasmiylashtirgunga qadar qabristonga tez-tez borib, men bilan bog‘lanib, yaqinlarini izlayotgan boshqalarga ham yordam bo‘lsin, deb yangi paydo bo‘lgan qabrlar suratlarini yuborib turdi. Ana shu alfozda bizga murojaat qilgan yana qator insonlarning yaqinlari qabrini topishga erishdik.

Luganskdagi bu qabristonda sobiq Ittifoq respublikalari, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston fuqarolari qabrlari ham bor. Yaqinlari jasadini vatanga olib ketishga muvaffaq bo‘lganlar orasida bir tojikistonlik ham bor edi. Biz avvalroq so‘z yuritgan qirg‘izistonlik ayol esa ukasini o‘sha yerda qoldirishga qaror qildi. O‘zbekistonliklarning ham qabri bor u yerda, lekin yaqinlari xabardormi yo‘qmi, bunisi menga ayon emas.

Urushda halok bo‘lgan o‘zbekistonliklar

BBC O‘zbek xizmati: Siz o‘limlarini tasdiqlay olganlar orasida necha nafar o‘zbekistonlik bor edi?

Olga Ivshina: Dastlab O‘zbekistonlik, yoki boshqa Markaziy Osiyoliklarning qayerdan ekanliklarini qanday aniqlaganimizni aytib bersam. Biz ularning ismlarini rasmiy manbalardan qidirganimizda, ular turli ayblovlar bilan jazoga tortilib, hukm chiqarilganini aniqlagandik. Qabrlarda yozilgan ismlardan ularning kim ekanligini bilish qiyin edi. Chunki ular musulmon bo‘lsalar ham hammalarining qabrlari uzra xoch qo‘yilgan. Ana o‘sha hukm qilingani haqidagi hujjatlarda ularning aynan qayerdan ekanliklari qayd qilingandi.

Aytishim kerak, Rossiya qo‘shinlari safida jang qilgan xorijliklar orasida Markaziy Osiyo davlatlaridan bo‘lganlar aksariyatni tashkil qiladi. Lekin agarda ularning Rossiya fuqaroligi bo‘lsa, biz ularni rossiyalik sifatida qayd qilganmiz. Taxminimiz shuki, sobiq Ittifoq davlatlaridan 1000 ga yaqin halok bo‘lgan shaxs bor. O‘zbekistonliklarga kelsak, urushga qo‘shilish uchun shartnoma imzolaganlarning aksari qamoqlardagi mahbuslar bo‘lganini ko‘rishimiz mumkin.

Shodmon To‘ychiev.

Surat manbasi, Ижтимоий тармоқдан.

Surat tagso‘zi, Shodmon To‘ychiev qotillik uchun qamoq jazosiga hukm qilingandi va urushga ketish uchun shartnoma imzolagan.

Bir shaxsning taqdiri mening yodimda qolgan. Ismi Shodmon To‘ychiev. Yoshi 60 dan oshgan, qotillik uchun qamoq jazosiga hukm qilingan bo‘lgan. U ham urushga ketish uchun shartnoma imzolagan. U bilan birga jang qilganlarning aytishlaricha, uning asosiy maqsadi Rossiya fuqaroligini olish edi.

Shu bilan birga qamoq jazosiga hukm qilinmagan, ammo turli boshqa omillar bosimi ostida qurolli kuchlarga qo‘shilish qarorini olganlar ham bor. Masalan, Sardor Suyundikov. Bir necha bor Rossiyaga ishlagani kelgan va oxirgi marotaba 2023 yili kelganda bir ayol bilan oila qurgan. Lekin ma’muriy bir ayblov bilan uni deportatsiya qilmoqchi bo‘lishgan. U yashirinib yurishga majbur bo‘lgan. Biz topgan hujjatlarda uni migratsion qonunlarni buzish aybi bilan 2024 yil dekabrida qo‘lga olishgan va 2025 yanvar oyida, ya’ni oradan 1 oy ham o‘tmay u qurolli kuchlarga qo‘shilish borasida kontrakt imzolaganini ko‘rish mumkin.

Sardor Suyundikov

Surat manbasi, Ижтимоий тармоқдан.

Surat tagso‘zi, Sardor Suyundikov migratsiya qonunlarini buzgani uchun qo‘lga olinishidan 1 oy o‘tib urushda ishtirok etish uchun shartnoma imzolagandi.

Ya’ni aytishimiz mumkinki, deportatsiyadan qochish va balki-da Rossiya fuqaroligini olish imkoni uchun urushga ketish yo‘lini tanlagan. Lekin u tez orada halok bo‘lgan. Umuman olganda, hozirga kelib Ukraina urushida halok bo‘layotganlarning aksarini aynan yangi kontrakt imzolaganlar tashkil qilmoqda. Va yana bir jihatini tilga olish kerak, shartnoma imzolashdan halok bo‘lgunga qadar muddat ham qisqarib, ko‘pda kontrakt imzolagandan keyin atigi bir oy ichida ular halok bo‘lishmoqda. Jangga kirgandan keyin 5 kunda halok bo‘lganlar bor. Ularni minimal tayyorgarlik bilan jabhaning oldingi qatorlariga tashlashmoqda.

Nima uchun qashshoq mintaqalardan qurbonlar soni ko‘p?

BBC O‘zbek xizmati: Tadqiqotingizda Ukraina urushida halok bo‘lganlar orasida Rossiyaning qashshoq mintaqalaridan bo‘lganlar ko‘pchilikni tashkil qilishini ko‘rsatgansiz. Bu nimadan dalolat beradi?

Olga Ivshina: Biz tadqiqotimizni o‘tkazganda, nafaqat quruq sonlar balki, har bir hududda yashaydigan aholining kishi boshiga necha kishi urushda halok bo‘lganligiga ham e’tibor qaratdik. Va shunday manzara kelib chiqdiki, qashshoqlik darajasi yuqori bo‘lgan mintaqalarda aholi kishi boshiga qurbon bo‘lganlar soni anchayin yuqori ekan. Albatta istisnolar bor, lekin umumiy manzara ana shunday. Ko‘rinishicha qashshoq mintaqalardan ko‘proq erkaklar jangga qo‘shilish uchun kontraktlar imzolashmoqda. Yana bir jihat, yirik shaharlarga qarasak, u yerda aholi boshiga hisoblaganda qurbon bo‘lganlar soni eng kam.

BBC O‘zbek xizmati: Bu ataylab yuritilgan siyosatmi? Moskva, Sankt-Peterburg kabi yirik shaharlardan odamlarni safarbar qilmay milliy ozchiliklar va qashshoq mintaqalardan ko‘proq yollashyaptimi?

Olga Ivshina: Men xuddi shu savolni qator iqtisodchi va sotsiologlarga berdim. Bir sotsiolog bizning ma’lumotlarimizni o‘rganib chiqib, Tuva, Buryatiya kabi yerlardan halok bo‘lganlar soni aholi kishi boshiga ko‘proq ekanligini tasdiqladi. Lekin unga ko‘ra, bu yerda yollanayotganlarning qaysi millatga mansubligi rol o‘ynamagan. Chunki urushga ketganlar orasida o‘sha mintaqadan bo‘lgan slavyan millati va o‘sha yerlik millatga mansub bo‘lganlar orasida mutanosiblik bor ekan, ya’ni deyarli teng. Shundan kelib chiqib xulosa qilishimiz mumkinki, bu yerda qandaydir ataylab yuritilayotgan milliy siyosat emas, mintaqadagi farovonlik darajasi ko‘proq rol o‘ynagan.

Ya’ni agar odamlarda ish bo‘lmasa, ijtimoiy qo‘llov institutlari ishlamasa o‘sha yerdan odamlarning urushga ketish istaklari ko‘proq ko‘zga tashlanadi. Ya’ni qurolli kuchlarga qo‘shilgani uchun to‘lanadigan haq, ne qadar kam bo‘lmasin, har holda qandaydir mablag‘ topish imkoni. Ya’ni chorasizlik ularni majburlamoqda.