Eron urushi: O‘zbekiston harakatlari nimani anglatadi?

Surat manbasi, Rasmiy (illyustrativ surat, arxiv)
Eron urushi manzarasida Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston qanday mavqeda? Bu savol javobi oddiy yoki bir taraflama emasga o‘xshaydi.
O‘zbekiston hech bir tomonni ochiq qo‘llagani yo‘q.
Ayni paytda, O‘zbek tilli ijtimoiy tarmoqlar, matbuotdagi chiqishlar yo tahlillarda bir voqelikni ilg‘ash mumkin:
O‘zbek jamiyatidagi fikr bildirayotganlarning salmoqli qismi ayni masalada AQSh va Isroilga qarshi hamda Eronni qo‘llayotgandek.
Ammo rasmiy Toshkent mavqei ko‘proq mamlakat ehtiyojlari va uzoq muddatli rejalariga mos tarzda namoyon bo‘layotgandek ko‘rinadi.

Surat manbasi, Rasmiy

Surat manbasi, Rasmiy
So‘nggi xabarlarga ko‘ra, O‘zbekiston Eronga insonparvarlik yordamlari yuborgan.
Mamlakat Tashqi ishlar vazirligining Eron xalqiga ko‘mak yuborilgani haqidagi bildirishi ehtirosli bayonotlardan holi va mamlakatning mavjud nizoda qandaydir mavqeda turishiga biron ishora bermaydi.
Unda qanday oziq-ovqat va boshqa mahsulotlar yuborilgani, Eron tarafi bu ko‘makni "ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik, hamjihatlik va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash an’analarining yorqin ifodasi ekanini" ta’kidlagani qayd etiladi.
Toshkent xavotiri
AQSh va Isroilning Eronga qilgan hujumlari ortidan rasmiy Toshkent xavotir bilan chiqqan va "oldindan ko‘rib bo‘lmaydigan oqibatlardan" ogohlantirib, taraflarni "og‘ir-vazminlikka" chorlagandi.
"Vujudga kelgan inqirozni xalqaro huquq normalari asosida, siyosiy-diplomatik vositalar orqali va o‘zaro maqbul muloqot yo‘li bilan hal etish maqsadga muvofiq ekanini ta’kidlaymiz", deyiladi O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi nizoning ilk kunlarida chiqargan bayonotda.
Oradan ko‘p o‘tmay, Eron tarafi mamlakat oliy diniy rahbari Ali Xomanaiyning o‘ldirilishi munosabati bilan O‘zbekiston prezidenti ta’ziya bildirib, maktub yo‘llaganini yozib chiqdi.
Eronga yordam yuborish yoki aynan AQSh-Isroil hujumlarida o‘ldirilgan diniy yetakchi uchun ta’ziya bildirish, so‘nggi paytlari G‘arb, xususan, AQSh bilan munosabatlari rivojlanayotgan mamlakat uchun g‘alati tuyulishi mumkin.
Shu qatorda, O‘zbekiston va umuman mintaqadagi aksar boshqa davlatlar ham bu kabi bayonotlar yoki yordamlari bilan Erondagi tuzumni qo‘llashmoqda, deb bo‘lmaydi.
Ular Eronni yaqin qo‘shni hamda har qanday sharoitda ham munosabatlarni butkul uzib bo‘lmaydigan muhim davlat sifatida ko‘radilar.
Deylik, O‘zbekiston toki 2021 yilgacha Ashraf G‘ani boshqaruvidagi Afg‘oniston bilan ham, undan keyin qudratni egallagan Tolibon bilan ham yaxshi aloqalarni ushlab kelmoqda.
Ya’ni qanday tuzum hukmron bo‘lmasin, Afg‘oniston O‘zbeklar uchun Janubiy Osiyoga eltadigan muhim tranzit hudud, kelajakdagi iqtisodiy hamkor va doimo yonma-yon yashash kerak bo‘lgan qo‘shnidir.
To‘g‘ri, O‘zbekiston va umuman, Markaziy Osiyoning Eron bilan aloqalari Rossiya, Xitoy yoki Turkiya bilan bo‘lgani kabi darajada jips emas.
Ammo Forz ko‘rfaziga eltadigan yo‘l va savdo-iqtisodiy hamda madaniy hamkor sifatida so‘nggi yillari o‘rtadagi munosabatlar mustahkamlanayotgani kuzatiladi.
Ayniqsa, ochiq dengizlarga chiqish uchun kamida ikki mamlakatni kesib o‘tishi kerak bo‘lgan O‘zbekiston uchun Eron muhim hudud sanaladi.
Mamlakat uzoq yillar tashqi dunyoga chiqish uchun, asosan, Rossiyaga qaram bo‘lib kelgan.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

So‘nggi paylarda esa Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekistonning Xitoy orqali sharqqa, Afg‘oniston hududi bo‘ylab Janubiy Osiyoga, Kaspiy va Ozarbayjon yordamida G‘arbga hamda Eron orqali Fors Ko‘rfaziga chiqish orzulari birin-ketin amalga osha boshlayotgandek edi.
Shaksiz, Eron va Afg‘onistondagi notinchliklar ko‘plab yirik loyihalarga yoki rejalarga to‘g‘anoq bo‘lishi ehtimoli yo‘q emas.
Ammo masalaning ko‘p jihati nizo qanchalik cho‘zilishiga va AQSh-Isroil hujumlaridan keyin Erondagi vaziyat qay tarafga o‘zgarishiga bog‘liq.
Ayni paytda, ochiq dengizlardan uzoqda joylashgan, qariyb bir asr davomida faqat Rossiya yo‘liga bog‘lanib qolgan mamlakat uchun bugun tashqi dunyoga olib chiqadigan yangi yo‘llar ochish, o‘z atrofidagi barcha mintaqalar bilan transport va logistika bobida hamkorlik qilish hamda savdo-iqtisodiy aloqalarni kuchaytirish juda muhim.
Bu orzularning amalga oshishi esa qo‘shni mamlakatlardagi vaziyatga ham bog‘liq bo‘lishi tabiiy.
Shunga qaramay, O‘zbekistonning oxirgi yillardagi rejalari va dadil sa’y-harakatlari nazarda tutilsa, Toshkent ushbu masalada o‘zi tanlagan yo‘ldan osonlikcha ortga qaytadiganga ham o‘xshamaydi.






























