Zokirjon Almatov IIVga qaytdi

Zokirjon Almatov

Сурат манбаси, Islomkarimov.uz

Сурат тагсўзи, Oʻtgan oy Mirziyoyev Almatovning eski raqibi Inoyatovni MXX rahbarligidan olgan.

Oʻzbekistonning sobiq ichki ishlar vaziri, general-mayor Zokirjon Almatov Ichki ishlar vazirligiga qaytgan.

IIVdagi manbaning aytishicha, 68 yoshli Almatov joriy vazir Poʻlat Bobojonovning maslahatchisi etib tayinlangan.

Bu haqdagi xabarlarni BBCga tasdiqlagan IIV Matbuot xizmati vakili Almatovning vakolat doirasiga nimalar kirishi haqida maʼlumot berishdan bosh tortdi.

Zokirjon Almatovning hukumatga qaytgani haqidagi xabarlar Shavkat Mirziyoyev vaqtinchalik prezident etib tayinlanganidan koʻp oʻtmay, paydo boʻlgan edi.

Oʻzbek nashrlari Almatov yangi tashkil etilgan idoralararo korruptsiyaga qarshi kurash komissiyasi rahbari etib tayinlangani haqida yozgan.

Ammo bu xabarlar rasman hech qachon tasdiqlanmagan.

Almatovning IIV rahbariyatiga qaytishi Andijon voqealariga 13 yil toʻlishi arafasida yuz bermoqda.

Almatov ayni voqealar yuzasidan Yevropa Ittifoqiga safar qilishi taqiqlangan Oʻzbekiston hukumati mulozimlari roʻyxatining boshida boʻlgan.

U 2005 yilning 13 may kuni Andijonda hokimiyat binosini egallab olgan isyonchilar rahbari bilan muzokaralar olib borgan va ularni namoyishlar ayovsiz bostirilishi haqida ogohlantirgan.

Mustaqil Oʻzbekistonning birinchi va eng uzoq ishlagan ichki ishlar vaziri boʻlgan Almatov Andijonda yuzlab namoyishchilarning oʻlimiga olib kelgan qonli voqealardan koʻp oʻtmay isteʼfoga chiqarilgandi.

Rasman uning sogʻligi tufayli nafaqaga kuzatilgani xabar qilingan.

Tahlilchilar Almatov MXX va IIV oʻrtasidagi raqobat qurboni boʻlgani haqidagi farazni ham aytishadi.

Almatovning vazirlikdan olinishi ortidan kuch tizimlari oʻrtasidagi muvozanat MXX foydasiga oʻzgargan, IIV tarkibidagi maxsus qoʻshinlar xavfsizlik xizmatlariga berilgandi.

Gʻarb matbuoti "Toshkent qassobi" deb atagan Zokirjon Almatovning IIVga qaytishi Prezident Shavkat Mirziyoyev MXXga qarshi "urush ochgan" pallada yuz bermoqda.

Oʻtgan oy Mirziyoyev Almatovning eski raqibi, general Rustam Inoyatovni MXX rahbarligidan olgan va xavfsizlik xizmatida yirik islohotlar oʻtkazilishini eʼlon qilgan.

BBCUZBEK.COM bilan Telegram orqali +44 7858860002 nomeri bilan bogʻlaning. Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbek