Eron: AQSh nega Yaqin Sharqqa maxsus kuchlari, piyoda qo‘shinlari va desantchilarini tashlayapti hamda Amerika Eronga 10000 dan ortiq zarba berdimi?

Surat manbasi, Anadolu via Getty Images
Pavel Aksenov
Harbiy sharhlovi, BBC Rus xizmati
Yangi tafsilotlar...
Tramp yana nimaning rejasida?

Surat manbasi, Chip Somodevilla/Getty Images
AQSh Fors ko‘rfazasida tezkor madad kuchlarini to‘plamoqda.
Dengiz piyoda qo‘shinlarining 31-ekspeditsion guruhi allaqachon o‘sha yerda.
11-guruhi va 82-havo-desant diviziyasi bo‘linmalari esa hozir yo‘lda.
CBS News xabariga ko‘ra, mintaqaga AQSh maxsus kuchlari – "dengiz mushuklari" va AQSh Armiyasi renjerlari joylashtirilgan.
(Renjerlar AQSh Qurolli Kuchlarining eng sara, maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan yengil piyoda qo‘shinlari ekani aytiladi – tahr.).
CBS News BBC ning Amerikadagi hamkori sanaladi.
Mintaqada allaqachon joylashtirilgan qo‘shinlardan farqli o‘laroq, bu bo‘linmalar quruqlikdagi amaliyotlarda foydalanish uchun mo‘ljallangan.
Shu paytgacha AQSh va Isroil Eron hududida bu xildagi keng ko‘lamli amaliyotlardan o‘zini tiyib kelgan.
Umuman olganda, Fors Ko‘rfazi mintaqasiga kamida 8000 nafar AQSh harbiysi yetib keladi.
Har bir ekspeditsion guruhda 2500 dengiz piyodalari, 3000 dan 4000 tagacha desantchi bo‘ladi.
Ammo bu o‘ta taxminiy raqamlar, chunki guruh faqat askarlar va zarba berish kuchlarining zobitlaridan iborat bo‘lmaydi.
Ularning orasida madad va ta’minot bo‘linmalari, shu jumladan, aviatorlar bo‘lishini ham nazarda tutish lozim.
Boshqa tomondan, bu raqamlar mazkur bo‘linmalar mintaqaga keladigan kemalar dengizchilarini ham ko‘zda tutmaydi.
Maqsad nima?

Surat manbasi, BEHROUZ MEHRI/AFP via Getty Images
Sharhlovchilarga ko‘ra, bu kuchlar uchta ehtimoliy stsenariyda qo‘llanilishi mumkin:
- Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochish;
- Xarg orolini qo‘lga kiritish;
- yoki yadroviy qurol yaratishda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan boyitilgan uranni Erondan olib chiqish.
Bir tomondan, Venesueladagi amaliyot misolidan kelib chiqib, desantchilar reydlariga tayyorgarlik juda puxta bo‘lishi va ularning bajarilishi deyarli xatosiz kechishi mumkinligini taxmin qilish mumkin.
Tezkor madad kuchlarining joylashtirilishi AQShning mintaqadagi harbiy amaliyotlarini kengaytirish zaruratidan dalolat berayotgan bo‘lishi ehtimoli ham yo‘q emas.
Bu mojaroning rivoji dastlabki rejalardagisidan ko‘ra kattalashayotganini ham anglatishi mumkin.
Wall Street Journal gazetasining AQSh rasmiylariga tayanib xabar berishicha, Donald Tramp boyitilgan uranni Erondan olib chiqish bo‘yicha harbiy amaliyot o‘tkazish ehtimolini ham ko‘rib chiqmoqda.
Nashrga ko‘ra, bunday murakkab reyd AQSh qo‘shinlarining Eronda bir necha kun yoki undan ko‘proq vaqt davomida bo‘lishini talab qilishi mumkin.
Gazetaning yozishicha, o‘tgan iyun oyidagi amaliyotgacha Eronda 400 kilodan ortiq 60 foizga boyitilgan, 200 kilocha 20 foizga boyitilgan uran bor deb, hisoblangan.
Bu uranni qayta ishlab, tarkibini osonlikcha 90% ga yetkazsa bo‘ladi.
Atom quroli ishlab chiqarish uchun esa xuddai shunday foizdagi uran taqozo etiladi.
Ochiq manbalarga tayanib, bu uranning qaerda va qanday sharoitda saqlanayotganini aytish qiyin, - deydi BBC Rus xizmatining harbiy sharhlovchisi.
Tezkor madad kuchlarining joylashtirilishi AQSHning mintaqadagi harbiy amaliyotlarini kengaytirish zaruratidan dalolat berayotgan bo‘lishi mumkin.
Boshqa muhim va yangi tafsilotlar

Surat manbasi, Majid Saeedi/Getty Images
Isroil o‘tgan to‘rt hafta ichida Eron poytaxti Tehronga 3600 ta o‘q-dori tashlagan.
38 ta politsiya idorasi va "Basij" kuchlari bazalariga zarba bergan.
Ulardan aksariyati odamlar yashaydigan joylarning ichida joylashgan bo‘lgan.
Bunga BBC tahlillari dalolat qilgan.
Amerika Qo‘shma Shtatlari esa bu ma’lumotlarni taqdim etmaydi.
Ammo, Amerika tomoniga ko‘ra, Eron bo‘ylab amalga oshirgan hujumlarining soni 10000 dan ortgan.
Eron o‘zining harbiy talafotlari haqida xabar bermayapti.
HRANA ma’lumotlariga ko‘ra, urush boshlanganidan beri Eronning kamida 1167 nafar harbiysi halok bo‘lgan.
AQShda joylashgan Inson huquqlari faollari axborot agentligi hozirgacha 1400 dan ortiq tinch aholi o‘limini qayd etgan, ularning 15 foizi bolalardir.
Boshqa tomondan, so‘rovlar Amerika xalqining aksariyati Erondagi harbiy kampaniyaga qarshi ekanini ko‘rsatgan.
Ammo Respublikachilar haqida bunday deb bo‘lmaydi.
Ulardan ko‘pchiligi hanuz Tramp bilan birga.
Taxminan to‘rtdan uch qismi urushni qo‘llab-quvvatlaydi.
Ammo mojaroning boshlanganiga bir oydan oshdi.
Shu bois, bundan buyog‘iga ham qo‘llovning shunday bo‘lib qolajagi yoki yo‘qligiga oid savollar ham allaqachon bo‘y ko‘rsata boshlagan.
Donald Tramp "qisqa vaqt ichida" kelishuvga erishilmasa, Eronning elektr stantsiyalari va neft quduqlarini "yakson etish" bilan tahdid qilgan.
AQSh prezidenti yana suvni chuchuklashtiruvchi korxonalarni ham ehtimoliy nishon sifatida tilga olgan.
Tramp Eron bilan "jiddiy" muzokaralar olib borayotganini da’vo qilmoqda.
Biroq Eron Tashqi ishlar vazirligi vakili AQSh bilan urushni tugatish bo‘yicha hech qanday muloqotlar bo‘lmayotganini aytgan.
Bu haqda davlat ommaviy axborot vositalari xabar berishgan.
Isroil Bosh vaziri esa avvaliga "urush yarmidan o‘tgani"ni aytgan.
Keyin bu gapiga izoh berib, vaqt emas, bajarilgan ishlarni nazarda tutganini ta’kidlagan.

Surat manbasi, EPA
Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi tomonidan Isroil va AQSh obektlariga berilgan raketa zarbalari Eronning o‘z ichidagi mojarolarning kuchayishi bilan bir vaqtga to‘g‘ri keldi.
Ichki vaziyat va talafotlar

Surat manbasi, Shutterstock
Inson huquqlari faollari axborot agentligi bergan ma’lumotga ko‘ra, ayni paytda Eron urush boshlanganidan beri eng dahshatli bombardimonlarni boshdan kechirmoqda. Birgina 28 mart kunining o‘zida mamlakat bo‘ylab 701 ta hujum qayd etilgan bo‘lib, ularning 74 foizi poytaxt Tehron hissasiga to‘g‘ri kelgan. Ushbu to‘qnashuvlar oqibatida hozirgacha 1 551 nafar tinch aholi, jumladan, 236 nafar bola halok bo‘lgan.
G‘olibof: "Bizni taslim qila olmaysiz"

Surat manbasi, Reuters
Urush boshlanganiga 30 kun to‘lishi munosabati bilan Eron Parlamenti so‘zchisi Muhammad Bog‘ir G‘olibof keskin bayonot bilan chiqdi. IRNA agentligi tarqatgan ushbu xabarda G‘olibof shunday deydi:
"Dushman omma oldida muzokara haqida gapirayotgan bo‘lsa-da, pinhona ravishda quruqlikdan hujum qilishni rejalashtirmoqda.
AQSh 15 banddan iborat talablar ro‘yxati orqali urushda erisha olmagan niyatlarini amalga oshirmoqchi."
G‘olibof, shuningdek, Eron kuchlari "Amerika askarlarining quruqlikka qadam qo‘yishini kutayotgani va ularni olovli yomg‘ir bilan kutib olishi"ni ta’kidladi.
Taslim bo‘lish masalasida esa arab tilida: "Eronning javobi aniq - biz aslo tahqirlanishni qabul qilmaymiz", deya qo‘shimcha qildi.
AQShning quruqlik amaliyotiga tayyorlanishi

Surat manbasi, Reuters
Eron Parlamenti spikeri Muhammad Bog‘ir G‘olibof Eron kuchlari Amerika quruqlikdagi qo‘shinlarini "kutayotganini" ta’kidlagan bir paytda, Vashingtondan kelayotgan xabarlar turlichadir.
Washington Post Pentagonning Eronda bir necha haftalik quruqlikdagi operatsiyalarga tayyorgarlik ko‘rayotganini yozgan bo‘lsa-da, prezident Donald Tramp bu rejalarni tasdiqlashi hali aniq emas.
AQSh ma’muriyati ushbu vaziyat bo‘yicha quyidagi fikrlarni bildirdi:
Donald Tramp: Shu oy boshida jurnalistlarga "Men hech qayerga qo‘shin joylashtirmoqchi emasman", dedi-yu, ammo darhol qo‘shimcha qildi: "Agar shunday qilganimda ham, buni sizga aytib o‘tirmasdim".
AQSh Davlat kotibi Marko Rubio : Juma kuni AQSh o‘z maqsadlariga "hech qanday quruqlikdagi qo‘shinlarsiz" erisha olishini aytdi. U so‘nggi harbiy harakatlarni Trampga tanlov imkoniyatini berish deb tushuntirdi: "Biz prezidentga har qanday favqulodda vaziyatlarga moslashish uchun maksimal imkoniyatlarni yaratib berishga doim tayyormiz".
AQSh Markaziy qo‘mondonligi: Shanba kuni USS Tripoli harbiy kemasi mintaqaga yetib kelganini ma’lum qildi. Ushbu kema taxminan 3 500 nafar dengizchi va dengiz piyodalaridan iborat bo‘linmaga boshchilik qiladi.

Surat manbasi, Anadolu via Getty Images
Yamandagi Eron qo‘llab-quvvatlaydigan husiylar guruhi bir oydan beri davom etayotgan urush manzarasida ilk bor Isroilga raketa otdi. Yangi jabha mintaqada urushning kengayib, global savdo va neft yetkazib berish zanjirlariga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkindigi aytilmoqda.
Isroil harbiylari raketa mamlakat hududiga yetmasdan tutilganini ma’lum qildi. Husiylar esa bir kun avval Eronga qarshi hujumlar davom etsa, mojaroga aralashishini ogohlantirgan edi.
Husiylar — Yamandagi shialarning zaydiy yo‘nalishiga mansub qurolli siyosiy-diniy guruh bo‘lib, 2014 yildan buyon poytaxt Sanoni ham o‘z ichiga olgan shimoli-g‘arbiy hududlarni nazorat qilib keladi.
Mintaqada keskinlik kuchaymoqda
BBC manbalariga ko‘ra, Eron poytaxti Tehronda tun davomida kuchli zarbalar qayd etilgan. Shu bilan birga, mamlakatda internet cheklovlari to‘rtinchi haftaga kirgan.
Janubiy Livanda bir necha aholi punktlari Isroil zarbalariga uchragan, Saudiya Arabistoni esa Ar-Riyod tomon yo‘nalgan ballistik raketani tutganini bildirgan. Quvaytda esa dron hujumi oqibatida xalqaro aeroportga cheklangan zarar yetgani xabar qilinmoqda.
Iqtisodiy ta’sirlar ham sezilmoqda: AQShning uchta asosiy fond indeksi yana pasayib, urush boshlanganidan beri to‘rtinchi hafta ketma-ket yo‘qotishlar qayd etildi.
Yangi front ochilishi mumkinmi?

Surat manbasi, Getty Images
BBCning Quddusdagi Yaqin Sharq byurosi rahbari Jo Flotoning ta’kidlashicha, husiylar aralashuvi Arabiston yarim orolida yangi jabha ochilishi ehtimolini oshirmoqda.
Husiylar harakati so‘nggi haftalarda Eronni ochiq qo‘llab-quvvatlab kelayotgan edi. Guruhning harbiy vakili Yahyo Sari’ televizion murojaatida "to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy aralashuvga tayyor" ekanini bildirgan.
Isroil ma’lumotiga ko‘ra, raketa Yamandan uchirilgani aniqlangan va janubiy shahar Beer-Sheva atrofida havo hujumi sirenalari yangragan.
Tahlilchilar fikricha, eng katta xavf — Qizil dengizdagi kema qatnoviga tahdiddir. Husiylar avval ham bu yo‘nalishda hujumlar uyushtirgan.
2025 yilda Donald Tramp ma’muriyati (Buyuk Britaniya bilan birga) aynan shu tahdidlarni to‘xtatish maqsadida husiylarga qarshi havo zarbalari kampaniyasini boshlagan edi. Bir necha hafta davom etgan amaliyot minglab nishonlarni yo‘q qilgan, biroq oxir-oqibat o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi bilan yakunlangan.
"Qarshilik o‘qi"dagi o‘rni
BBC xalqaro tahlilchisi Lays Dusetning fikricha, husiylar o‘zlarini Eron va uning ittifoqchilari shakllantirgan "qarshilik o‘qi"ning muhim qismi deb biladi.
Ularning Eron bilan aloqalari Livandagi "Hizbulloh" darajasida chuqur emas, ammo so‘nggi yillarda Tehron tomonidan qurollantirilgan va tayyorlangan guruh sifatida husiylar ittifoqchisiga yordam berishdan bosh tortmasligi mumkin.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:
Shu paytgacha husiylar o‘zlarining eng kuchli ta’sir vositasi — Bob al-Mandab bo‘g‘ozi orqali xalqaro savdo yo‘llarini izdan chiqarish imkoniyatini to‘liq ishga solmagan.
Biroq bu frontning ochilishi nafaqat mintaqadagi urushni kengaytirishi, balki global savdo va neft yetkazib berish zanjirlariga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.



























