Eron urushidan kelayotgan tasvirlar ko‘pi soxtami?

Surat manbasi, Manba: X
- Author, Tomas Kouplend
- Role, BBC Verify
- O'qilish vaqti: 4 daq
Mutaxassislarning BBC Verify'ga ma’lum qilishicha, generativ sun’iy intellekt (SI) texnologiyalaridan tobora ko‘proq foydalanayotgan onlayn kontent mualliflari Eron urushi haqida SI yordamida yaratilgan yolg‘on videolardan pul ishlashmoqda.
Tahlillarimiz ko‘rsatishicha, mojaroga oid yolg‘on va chalg‘ituvchi da’volar SI yordamida yaratilgan ko‘plab videolar va soxta sun’iy yo‘ldosh tasvirlari orqali tarqatilmoqda va ular internetda yuz millionlab marta ko‘rilmoqda.
"Vaziyat miqyosi chinakamiga xavotirli va bu urush uni e’tiborsiz qoldirishni imkonsiz qilib qo‘ydi" - deydi Kvinslend texnologiya universitetining raqamli media bo‘yicha mutaxassisi Timoti Grem.
"Ilgari professional mahorat talab qilgan bu ishni hozir SI vositalari yordamida bir necha daqiqada bajarish mumkin. Ishonarli tasvirlarni yaratishdagi to‘siqlar deyarli yo‘qoldi" - deya qo‘shimcha qiladi u.
AQSh va Isroil 28-fevral kuni Eronga zarba berishni boshladi. Bunga javoban Eron Isroilga, shuningdek, Fors ko‘rfazidagi bir qancha davlatlarga va AQShning mintaqadagi harbiy nishonlariga dron va raketa hujumlari uyushtirdi.

Surat manbasi, Manba:X
Ko‘pchilik so‘nggi ma’lumotlarni izlash, ularni boshqalar bilan bo‘lishish va shiddatli mojaroni tushunish uchun ijtimoiy tarmoqlarga yuzlanmoqda.
Oldinroq X platformasi qurolli mojaro haqidagi SI videolarni yorliqsiz joylashtirgan kontent mualliflarini monetizatsiya dasturidan vaqtincha chetlatishini e’lon qilgandi.
Platforma postlari ko‘p ko‘rilgan, layklar, ulashishlar va izohlar to‘plagan foydalanuvchilarni pul mukofotlari bilan taqdirlaydi.
"Ular bu katta muammo ekanligini payqagani muhim signaldir" - deydi Oksford internet institutining Eron bo‘yicha ixtisoslashgan tadqiqotchisi Mahsa Alimardoniy.
Biz TikTok va Meta'dan (Facebook hamda Instagram) shunga o‘xshash choralar ko‘rish niyati bor-yo‘qligini so‘radik, biroq ular izoh so‘rovlarimizga javob bermadi.
BBC Verify kuzatgan SI yordamida yaratilgan odatiy videolarda portlash ovozlari fonida Isroilning Tel-Aviv shahriga raketalar kelib urilayotgani aks etgan.
Bu video 300 dan ortiq marta post qilingan va keyinchalik ijtimoiy tarmoqlarda o‘n minglab marta ulashilgan.
Ayrim X foydalanuvchilari videoning haqiqiyligini tasdiqlash uchun platformaning Grok nomli SI chat-botiga murojaat qilgan. Ammo BBC Verify ko‘rgan ko‘plab holatlarda Grok SI yaratgan videoni haqiqiy, deb noto‘g‘ri javob bergan.

Surat manbasi, Manba: X
O‘n millionlab marta ko‘rilgan yana bir soxta videoda Dubaydagi Burj Xalifa osmono‘par binosi yonayotgani, olomon esa bino tomon yugurayotgandek tasvirlangan.
SI yordamida yaratilgan ushbu kadrlar aholi va sayyohlar shaharga qilingan dron va raketa hujumlari sababli jiddiy xavotirda bo‘lgan bir paytda internetda keng tarqaldi.
"Bunday soxta videolar odamlarning internetda ko‘rgan tasdiqlangan ma’lumotlariga bo‘lgan ishonchiga putur yetkazadi va haqiqiy dalillarni hujjatlashtirishni ancha qiyinlashtiradi" - deydi Alimardoniy.
BBC Verify tahlil qilgan yangi bir xususiyat – SI yordamida yaratilgan sun’iy yo‘ldosh tasvirlari paydo bo‘lgan.
Biz mojaroning birinchi kunida Bahrayndagi AQSh Harbiy-dengiz kuchlarining Beshinchi floti shtabiga Eron dronlari va raketalari zarba berganini ko‘rsatuvchi bir nechta haqiqiy videoni tasdiqladik.
Ertasi kuni davlatga aloqador The Tehran Times nashri X tarmog‘ida shu soxta suratni ulashib yuborgan va undagi izohda bazaga katta zarar yetkazilgani da’vo qilingandi.
Aftidan, bu soxta surat AQShning Bahrayndagi harbiy-dengiz bazasining 2025 yil fevralida olingan va internetda ochiq mavjud bo‘lgan haqiqiy sun’iy yo‘ldosh tasvirlariga asoslangan.
Google'ning SynthID suv belgisi detektoriga ko‘ra, soxta rasm Google'ning SI vositasi yordamida yaratilgan yoki tahrirlangan.
Suratlar go‘yoki bir yil farq bilan olingan, ammo tashqaridagi uchta avtomobil haqiqiy sun’iy yo‘ldosh tasvirida ham, SI yaratgan suratda ham ayni bir joyda turibdi.
Bu ishni hozir SI vositalari yordamida bir necha daqiqada bajarish mumkin. Ishonarli tasvirlarni yaratishdagi to‘siqlar deyarli yo‘qoldi.

Surat manbasi, Manba: Google Maps, X
Google'ning SI vositalari, jumladan, uning Veo video generatori OpenAI'ning Sora modeli, Xitoyning Seedance SI ilovasi va X tarmog‘iga o‘rnatilgan Grok kabi ommabop SI platformalari qatoridan o‘rin olgan.
"Hozir yuqori darajada realistik bo‘lgan turli xil SI videolarni yaratish vositalari juda ko‘p" - deydi generativ SI bo‘yicha mutaxassis Henri Ajder.
"Biz bu vositalarning bunchalik qulay, oson va arzon bo‘lganini hech ko‘rmaganmiz".
Oqibatda internetda SI yaratgan kontent keskin ko‘paydi.
"Endilikda ijtimoiy tarmoqlarga kontent uzatish jarayonini deyarli to‘liq avtomatlashtirish mumkin" – deydi What To Fix texnologik siyosat notijorat tashkiloti ijrochi direktori Viktuar Rio.
X kompaniyasining mahsulotlar bo‘yicha rahbari seshanba kuni bunday SI videolarni tarqatayotgan akkauntlarning "99 foizi" "Mualliflar daromadini taqsimlash" dasturi orqali pul ishlab olishga urinayotganini aytdi.
Platforma ushbu dasturda nechta akkaunt ishtirok etishini yoki ular qancha pul ishlashi mumkinligini oshkor qilmaydi.
Ammo Gremning hisob-kitoblariga ko‘ra, X har bir million tasdiqlangan foydalanuvchi ko‘rgani uchun taxminan 8-12 dollar to‘lashi mumkin.
"Dasturda ishtirok etish uchun kontent ijodkorlar uch oyda besh million organik ko‘rishlar yig‘ishi va X premium obunasiga ega bo‘lishi kerak" - deya qo‘shimcha qildi u.
"Dasturga qo‘shilgach, sun’iy intellekt yordamida yaratilgan va tez ommalashadigan kontent deyarli pul bosib chiqaradigan mashinaga aylanadi. Ular dezinformatsiyaga asoslangan ulkan biznes qurishdi".
X esa bizning izoh so‘rovimizga yoki "Mualliflar daromadini taqsimlash" dasturi bo‘yicha savollarimizga javob bermadi.
Ko‘plab ijtimoiy media kompaniyalari sun’iy intellekt yaratgan kontentga qarshi kurashish uchun moderatsiya va aniqlash tizimlarini takomillashtirishga harakat qilayotganini aytayotgan bo‘lsa-da, mutaxassislar BBC Verify'ga ta’kidlashicha, bu muammoning oddiy yechimi yo‘q.
"Asosiy muammo shundaki, foydalanuvchilarni o‘ziga jalb etgani uchun haq to‘lash va to‘g‘ri ma’lumotlar siyosati bir-biriga xalaqit qiladi va hech bir platforma bu ziddiyatni to‘la hal etmagan, ehtimol hech qachon hal qila olmas" - deydi Grem.
































