O‘zbekiston: Kimsasiz Andijon adirini yolg‘iz o‘zi o‘rmonga aylantirayotgan odam (Video)

Otabek Nuriddinov

Surat manbasi, Sofiya Nuritdinova

O'qilish vaqti: 7 daq

Asaka tumani markazidan bir necha kilometr narida, adirlikning tepasida bir uy bor. Uy atrofida na ko‘cha, na qo‘shni, na do‘kon. Faqat shamol, quyosh va minglab yosh nihollar.

Mana shu uyda andijonlik Otabek Nuritdinov oilasi bilan yashaydi. Otabek har kuni ketmonini ko‘tarib, katta orzu bilan ishga tushadi. Orzusi oddiy emas: quruq, toshloq adirlikni o‘rmonga aylantirish.

Buning uchun Otabek qariyb uch yildan beri turmush o‘rtog‘ining yordami bilan adirga ko‘chat ekadi.

Bugunga qadar qirq mingga yaqin ko‘chat ekildi. Yarmidan ko‘pi tutib, yer bag‘rida ildiz otdi. Adir asta-sekin yashil hududga aylanmoqda.

Taqir adirida o‘rmon yaratayotgan Otabek Nuritdinov haqidagi lavhani BBC O‘zbekning TikTok sahifasida tomosha qiling:

O‘tkazib yuboring TikTok post
TikTok контентига рухсат бериш

Ayni maqolada TikTok tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz TikTok havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas TikTok bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri TikTok post

Otabekning asli kasbi bog‘bonlik emas. U Farg‘ona Politexnika institutida o‘qigan. O‘qishni tugatib, Rossiyaga mehnat muhojiri sifatida ketgan. Rossiyada o‘n yilga qadar ishlab, qaytdi.

"O‘zbekistonga qaytib kelgan paytlarimda ijtimoiy tarmoqlarda mintaqada suv tanqisligi kuchayib borayotgani haqidagi ma’lumotlarga ko‘p duch keldim. Bu mavzu meni qiziqtira boshladi: Mintaqamiz suv muammosidan qanday chiqishi mumkin, Qirg‘iziston tog‘laridagi muzliklar nega tez eriyapti, kelajakda iqlim qanday bo‘ladi, olimlar qanday prognoz beryapti — shularni kuzatib yurdim", — deydi u Bi-bi-si bilan suhbatda.

Bu savollar uni yangi bir o‘yga olib keldi. "O‘zimga savol berdim: bu muammolarga qarshi men nima qila olaman? Shu xayollar orqali Asakaning kimsasiz, yaydoq adirlarini o‘rmonga aylantirish g‘oyasi paydo bo‘ldi. Chunki daraxtlar namlikni saqlaydi, iqlimni yumshatadi, degan xulosaga keldim", — deydi Otabek.

Ammo bu yo‘l oson bo‘lmadi. Otabek adirga birinchi ko‘chat ekkan kunlarini eslaydi — dastlab, atrofidagilar unga ishonmadi.

"Bu yerga chiqqan odamni yuragi orqaga tortib ketadi. Bu yer sizni hayotdan uzib qo‘yadi", — deydi u. — "Boshida bu yerga kelib, ish boshlaganimda atrofimdagilar menga bir tentakka qaragandek qarashgan. Aqli bor odam bu yerga pul sarflarmidi, deb o‘zimga ham aytishgan".

Otabek Nuritdinov obod qilgan adirlik

Surat manbasi, Facebook/Отабек Нуритдинов

Lekin Otabekda ishonch bor edi. Ijtimoiy tarmoqlarda Xitoy va Janubiy Koreyada cho‘llarni o‘zlashtirish haqidagi videolarni ko‘rib, o‘ziga savol berdi: nimaga ular uddasidan chiqqan ishni biz qila olmasligimiz kerak?

"Mana yer, mana ko‘chat. Shu ko‘chatni yerga ekib, suv qo‘yilsa, ozgina mehr bilan parvarish qilinsa, albatta ko‘karadi, degan ishonch bilan ish boshlaganman", — deydi u.

Vaqt o‘tib, natijalar ko‘rina boshladi. Shubha bilan qaraganlar fikrini o‘zgartirdi.

"Ekkan ko‘chatlarimizning tutganini ko‘rib, juda ko‘p odamlarning fikri o‘zgara boshladi. Avval umuman menga ishonmaganlar ishona boshladi".

Ammo yerga ko‘chat ekishdan oldin boshqa to‘siqlar boshlandi. Otabek adirlikdagi bo‘sh yerlarga ko‘chat ekish taklifi bilan hukumatga murojaat qildi. Taklifni qo‘llab-quvvatlashdi — lekin yerni auktsion orqali sotib olish shartligini aytishdi.

Otabek yerni 30 yilga auktsion orqali oldi. Keyin boshqa muammo chiqdi: besh kun ichida fermer xo‘jaligi ochish kerak ekan.

"Bizning faoliyatimiz fermer xo‘jaligi emas, biz daraxt ekib, dashtni o‘zlashtirmoqchimiz desak, qonunda bu narsalar ko‘zda tutilmagan ekan. Qonunga ko‘ra, yerdan foydalanishning yagona yo‘li shu ekan", — deydi Otabek.

Otabek Nuritdinov o‘rmoni

Surat manbasi, Sofiya Nuritdinova

Shunday qilib, u fermer xo‘jaligiga aylandi. Fermer bo‘lgach, soliq majburiyatlari ham bo‘yniga tushdi. Hali birinchi ko‘chatni ekmay turib, qog‘oz-byurokratiya va to‘lovlarga taxminan 100 million so‘m ketdi.

Boshida 220 gektar yer olgan edi — subsidiya bo‘lar, tomchilatib sug‘orish uchun davlat yordam berar, degan umidda. Lekin subsidiyalar faqat poliz ekinlari va bog‘dorchilik uchun berilarkan. O‘rmon xo‘jaligiga murojaat qilsa, "siz fermersiz, bizga emas, qishloq xo‘jaligiga boring" deyishdi. Qishloq xo‘jaligi esa yana O‘rmon xo‘jaligiga yo‘naltirdi.

"Ko‘plab tashkilotlarning rahbarlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqadamiz, maslahatlashib turamiz, yordam berishni istashadi, ammo qonunan hech bir tashkilot menga yordam bera olmas ekan", — deydi u.

Keyinchalik yerning katta qismini topshirib yuborishga majbur bo‘ldi. Hozir qo‘lida 45 gektar qoldi.

Otabek Nuritdinov o‘rmonida

Surat manbasi, Sofiya Nuritdinova

Shunga qaramay, orzusi o‘zgarmadi. Otabekning rejasiga ko‘ra, bu yerda o‘rmon shakllanib, kiyik, lama kabi hayvonlar uchun tabiiy muhit yaratiladi. Odamlar dam oladigan maskan bo‘ladi. O‘sha maskanning o‘zi keyinchalik daromad keltirib, ishni davom ettirish imkonini yaratadi.

"Lekin buning uchun kamida besh-olti yil ketishi aniq", — deydi Otabek.

Natijalar allaqachon ko‘zga tashlanmoqda. 2024 yilning kuz oylaridan boshlab yangi maydon o‘zlashtirila boshladi — tomchilatib sug‘orish tizimi tortildi, suv hovuzlari qurildi, ko‘chatlar ekildi.

"Ikki yillik natijani ko‘ryapsizlar — salkam o‘rmon holatiga kelib qolgan", — deydi Otabek. — "Hozir erta bahor. Daraxtlarimiz hali uyg‘onmadi. Barg yozadigan bo‘lsa, bu yerlar juda go‘zal manzaraga aylanadi".

O‘rmonlashgan hududda tabiiy hayot ham jonlana boshlagan. Qushlar uya qurgan, tulkilar, echkiemarlar, ilonlar, baqalar paydo bo‘lgan. Jonivorlar turlari ko‘payyapti.

Umumiy o‘zlashtirilgan maydon hozircha uch gektarga yaqin. Otabek bu yil uni o‘n gektarga yetkazishni rejalashtiryapti.

Iqtibos

Ammo hozircha moddiy qiyinchiliklar to‘liq hal bo‘lgani yo‘q. Otabek Rossiyada ishlab topgan pulini, qo‘shimcha hovlisini, qo‘lidagi borini shu ishga tikdi.

"Undan avval ko‘chat sotish bilan ham shug‘ullangan edim. O‘sha ish orqali topilgan pul bilan ham ishlarimizni qaysidir bosqichga keltirib oldik. Hozir esa kirim yo‘q. Tirikchiligimiz beshta mol hisobiga bo‘lyapti. Undan tashqari faoliyatimizni ijtimoiy tarmoqlar orqali yoritib borayotganimiz sababli, o‘z xissasini qo‘shmoqchi bo‘lgan odamlar karta raqamimizni so‘rab, pul tashlab turishadi. Shu pullardan tomchilatib sug‘orish tizimi uchun kerakli bo‘lgan ba’zi narsalarni olamiz. Ish qurollari uchun ishlatamiz", — deydi u.

Ammo har qadamda moliyaviy to‘siq bor. "Barcha muammolarning yechimi mablag‘ga borib taqalyapti", — deydi u. — "Agar davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan bo‘lsa — ekologiya grantlari, tomchilatib sug‘orish subsidiyalari — imkoniyatimiz kengayar edi. Hozir hammasini o‘z hisobimizdan qilyapmiz, shuning uchun yuzlab gektar emas, bir necha gektarni arang uddalayapmiz".

Otabek Nuritdinov o‘rmoni

Surat manbasi, Sofiya Nuritdinova

Otabekning aytishicha, ish doim ham u o‘ylagandek davom etavermaydi. U vaqti-vaqti bilan tushkunlikka ham tushib turadi:

"Ayniqsa soliq xizmati bilan turli tushunmovchiliklar bo‘lgan vaqtlarda. Ba’zida turli xatolar sabab bizga asossiz soliq to‘lovlari joriy qilinib, katta miqdorda soliqlar chiqib qoladi. O‘tgan yili bizga 211 million so‘m soliq chiqarib qo‘yishgan. Aslida biz besh yilga soliqdan imtiyoz olganmiz. Undan tashqari oltita jarima majburiy ijroga o‘tkazilib, 20 million so‘mdan ortiq jarimaga tortilganmiz. Soliqqa borsak, kompyuterlashgan baza asosida soliq chiqariladi, bu kadastr bergan ma’lumotlar asosida chiqqan, deyishdi. Dehqon xo‘jaligi asosida soliqqa tortilgan ekan. Qonunan fermer xo‘jaligiga dehqon xo‘jaligi solig‘ini qo‘llash mumkin emas. Lekin bitta sub’ekt ikki xil soliq turiga tortilyapti. Buni o‘zlari ham bilib turishibdi. Ammo soliq ham, kadastr ham muammoni o‘zidan soqit qilmoqchi. Bu orada bir oydan ortiq vaqt ketdi, qancha asablar ketdi", — deya hikoya qiladi Otabek.

"Tasavvur qiling, majburiy ijrodan har xil ogohlantirishlar kelyapti, mol-mulkingiz musodara qilinadi degan ma’noda… Aslida sotiladigan mol-mulkning o‘zi ham qolmagan edi. To‘lolmagandan keyin qamalib ham ketishingiz mumkin. O‘sha vaqtlarda juda tushkunlikka tushdim".

Otabek Nuritdinov o‘rmoni

Surat manbasi, Sofiya Nuritdinova

Uning aytishicha, bu muammoni ijtimoiy tarmoqlarda yoritgandan keyin ish hal bo‘ldi. "Yuqori xizmatlarda bizni qo‘llaydiganlar bor shekilli, ko‘p masalalar ijobiy hal bo‘ldi. Ularga ham rahmat", — deydi Otabek.

Garchi bu to‘siqlardan o‘tilgan bo‘lsa-da, oldinda yana-da og‘irroq savol turibdi: ishni qanday davom ettirish kerak?

"Agar real qaraydigan bo‘lsak, men hozir chiqmas ko‘chaga kirib qolganman. Chunki aslida bu ishni davom ettirishga menda moddiy imkon qolmagan, sharoitim yo‘q. Lekin tashlab ham ketolmayman. Qandaydir bir ichki ishonch meni ushlab turibdi. Nimadir bo‘lishiga umidim bor. Kunduzi ishlab, kechasi bilan o‘ylanib yotaman. Xayolan yangi bir tajribalarni rejalashtiraman. Allohga tavakkal qilib ishlayveraylik-chi. Hozir kartamizda odamlar yordam sifatida o‘tkazgan jami 4 millionga yaqin pulimiz bor. Shu pulga yaqin kunlarda yangi o‘zlashtiriladigan yerlarni tomchilatib sug‘orish uchun kerak bo‘ladigan eng zaruriy narsalarni sotib olamiz. Keyin bu ishlarimiz natijasini ham ijtimoiy tarmoqlarga chiqaramiz. Balki odamlar buni ko‘rib, yana ko‘mak berar. Ba’zida kimdir kuzgacha qarz berib tursa-yu keyin kuzda mollarimni sotib bo‘lsa ham o‘sha pullarni qaytarsam deb o‘ylayman. Chunki kuzgacha ancha ish qilib olsak bo‘ladi. Aslida bu ishlarning barida jamoatchilikning ko‘magi katta. Agar bu ishni uddasidan chiqib, o‘rmon yarata olsak, bizdan keyin yaxshi amal, bir iz qolar edi", — deydi u.

Otabek Nuritdinov hovuzi

Surat manbasi, Sofiya Nuritdinova

Otabek aslida bog‘bon emasligi haqida aytgan edik. U bu ishlarning barini internetdan o‘rgangan. Agar muammo chiqsa, yechimni yana internetdan qidiradi. Ba’zan esa uni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatuvchilar kelib, o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashadi. Masalan, yaqinda shunday kishilardan biri elektrsiz tomchilatib sug‘orish g‘oyasini taklif qildi. Otabek uni sinab ko‘rishni rejalashtiryapti.

"Bizning nasoslar faqat quyosh bor vaqtda ishlaydi. Quyosh bo‘lmasa, daraxtlarga suv bera olmaymiz. Elektr energiyani davlat tarmog‘idan tortib kelishga esa juda katta mablag‘ ketar ekan. Bunga imkonimiz yo‘q. Agar elektr energiyasiz sug‘orishni yo‘lga qo‘ya olsak, ancha yaxshi bo‘lardi", — deydi u.

Hozirgi vaqtda adirning qiyofasi ancha o‘zgargan. "Biz birinchi marta bu yerga chiqqanimizda bu hudud cho‘llashgan dasht, qo‘rqinchli bir yer edi. Hozir ham adirning bir qismi o‘sha holatda. Ammo u yerlardan o‘tgach, birdan tabiat qo‘yniga kirasiz. Bu yerda o‘rmon shakllanib qoldi deb bemalol aytsam bo‘ladi", — deydi Otabek.

Otabek Nuritdinov o‘rmoni

Surat manbasi, Sofiya Nuritdinova

Otabekning yangi o‘rmonida tol, qayrag‘och, tut, pavloniya va turli mevali daraxtlar qad rostlamoqda. Ayrimlari uch-to‘rt metrga o‘sgan, ayrimlari hali novda. Lekin o‘syapti.

Qahramonimiz bilan suhbatimiz oxirlar ekan, u "bu ishning mashaqqatini boshidan bilganimda, balki boshlamas edim. Lekin endi ortga qayta olmayman", — dedi.

"Agar hozir bu ishni qo‘limdan olib qo‘yishsa yoki o‘zim tugatadigan bo‘lsam, keyin qanday yashashimni tasavvur ham qilolmayman. Bu ish hayotimning mazmuniga aylanib qoldi".