Milliy Teleradiokompaniyami yo Milliy Xavfsizlik?

Prezident Shavkat Mirziyoyev MXXga "urush eʼlon qilgan". U boshqaruvda MXX taʼsiridan butkul qutulmoqchi.
MXX elchixonalar, diniy idora va din ishlari qoʻmitasidan haydalgan.
Ammo MXX kirib borgan tashkilotlar hali koʻp. Jumladan, davlat televideniyesi.
MTRKda MXXdan qoʻyilgan rais oʻrinbosari lavozimi bor. U "Rejim va xavfsizlik boʻlimi"ni nazorat qiladi.
"Rejim" boshligʻi F. Xudoyqulov MXXga ishlashini rad qildi. "Mening boshligʻim Shodmonovmas, Xoʻjayev", - deb aytdi u BBC bilan suhbatda.
Ayni paytda rejim xizmati rahbari oʻzining nima bilan shugʻullanishi haqida maʼlumot berishdan bosh tortdi.
"Xodimlarni nazorat qilish bilan shugʻullanasizmi?" degan savolga u "men nima qilishim haqida sizga axborot bermayman", - deya javob qaytardi.
"MXXdan tayinlangan" rais
MTRK jurnalistlariga koʻra, Alisher Xoʻjayev TV raisligiga tayinlangan 2005 yildan soʻng Milliy Teleradokompaniyada MXX yoki "rejim"ning roli yanada kuchaygan.
"Xoʻjayev davrida rejim ijodiy jarayonlarni ham toʻliq nazoratga oldi va televideniye hamda radioni mustaqil fikrli xodimlardan tozalash boshlandi", - deydi xodimlardan biri.

Сурат манбаси, Social Media
Alisher Xoʻjayev "MXXning odami" deb ishoniladi
Uning aytishicha, Xoʻjayev oʻzi va MXXning mavqeyini mustahkamlashda oʻzining avvalgi ish joyi boʻlgan Prezident huzuridagi Xavfsizlik Kengashi va MXXdagi aloqalaridan "faol istifoda qilgan".
Bosh vazir Aripovning qudasi ekani aytiladigan Alisher Xoʻjayev MXX zobiti deya ishoniladi.
BBC MXXning Milliy Teleradiokompaniyadagi vazifasiga oydinlik kiritish maqsadida MTRK raisi Alisher Xoʻjayev hamda rais oʻrinbosarlaridan bir nechtasining qabuliga murojaat qildi, ammo javob ololmadi.
Rais va oʻrinbosarlarining yordamchilari bu haqdagi savollarga javob bera olmasliklarini aytishdi.
MTRKning sobiq jurnalisti Malohat Eshonqulovaning aytishicha, Milliy Teleradiokompaniyada MXXning nima ish qilishini hamma yaxshi biladi.
"Hamma "rejim" (Rejim va xavfsizlik xizmati-tahr)dan qoʻrqadi. Jurnalistlarning nimani yoritib, nimani yoritmasligi, qaysi koʻrsatuvlarning efirga berilib-berilmasligini aynan "rejim" hal qiladi", - deydi Malohat Eshonqulova.
Uning oʻzi televideniyedagi poraxoʻrliklar va korruptsiya haqida gapirishi ortidan rejim xizmati tomonidan taqib qilingani va ishdan boʻshatilganini aytadi.
BBCUZBEK.COM bilan Telegram orqali +44 7858860002 nomeri bilan bogʻlaning. Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbek































