Ukraina urushi: Putin tadbirkorlardan urushga "pul tashlash"ni so‘radimi?

Surat manbasi, Mikhail Metzel/TASS
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin yirik biznes vakillari bilan yopiq uchrashuv o‘tkazib, ularga Ukrainadagi urush uchun pul xayriya qilishni taklif etgan, deb xabar berdi The Bell va Financial Times ro‘znomasi.
Nashrlar olgan xabarga ko‘ra, bu iltimosga ilk javob berganlardan biri rossiyalik milliarder Suleymon Kerimov bo‘lgan. Kreml esa Putin hech narsa so‘ragani yo‘q, uchrashuv ishtirokchilaridan birining o‘zi davlatga yirik summa xayriya qilish tashabbusi bilan chiqdi, dedi.
«Urush uchun pul yig‘ish» taklifi berilgan mazkur yopiq uchrashuv haqida avval The Bell xabar berdi.
Nashr manbalari ma’lumoticha, Putin bu uchrashuvni Rossiya sanoatchilar va tadbirkorlar ittifoqi (RSPP) s’ezdidan keyin o‘tkazgan.
"Aytishlaricha, urushni davom ettiramiz, deyilgan", — deb Putinning nutq mazmunidan iqtibos keltirgan nashr manbalaridagi biri.
«Donbass chegaralarigacha boramiz», — deb prezidentning so‘zlarini The Bell'ning yana bir suhbatdoshi keltirgan.
Putin nutqining mazmunini Buyuk Britaniyada nashr qilinadigan Financial Times gazetasi manbalari ham shu tarzda keltirdilar.
Ularning aytishicha, prezident biznesmenlarga Rossiya Ukrainadagi urushni Donbass hududlarini to‘liq egallab bo‘lgunga qadar davom ettirishini aytgan va buni AQSh vositachiligidagi so‘nggi muzokaralar davomida Kiev Donetsk viloyatidan qo‘shinlarni olib chiqishdan bosh tortgani bilan izohlagan.
FT suhbatdoshlaridan birining ta’kidlashicha, avval boshda Putin Donbassni AQSh himoyasi ostidagi «demilitarizatsiya qilingan zona» yoki «maxsus iqtisodiy zona»ga aylantirish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlagan, ammo Kiev bu mintaqadan voz kechish uning uchun «qizil chiziq» ekanini ochiq bildirgach, bu fikrdan voz kechgan.
The Bell manbalaridan biri mamlakat uchun og‘ir davrda «biznesni bir silkitib olish» g‘oyasi «Rosneft» rahbari Igorь Sechindan chiqqan.
U bu taklifni Putinga yozgan xatida bayon qilgan.
Financial Times esa bu g‘oya aynan kimdan chiqqaniga aniqlik kiritmaydi.
Financial Times yozishicha, Putinning iltimosini rad etib bo‘lmaydi: "Mamlakat biznes elitasi urush va uning iqtisodiyotga ta’siri borasidagi xavotirlarga qaramay, prezident atrofida birlashgan".
Financial Times yozishicha, Rossiya byudjetining 2026 yil yanvar–fevral oylaridagi defitsiti butun yil uchun prognoz qilingan ko‘rsatkichning 90 foizidan ham oshib ketgan.
AQSh sanksiyalari Moskvani o‘z neftini katta chegirmalar bilan sotishga majburlab qolgan xaridorlarni ham qochirgan.
Aynii paytda AQSh va Isroil bir oy oldin Eronga qarshi boshlagan urush Moskvaning neftdan kuniga 150 million dollarlik qisqa muddatli daromadlarini oshirgan.

Putinning biznesmenlar bilan yopiq uchrashuvi haqidagi xabarlarni izohlar ekan, Kreml vakili Dmitriy Peskov jurnalistlarga shunday dedi: "Bu [g‘oya] Igorь Sechindan chiqqan, degani haqiqat emas. Maxsus Harbiy amaliyot uchun pul haqida gapirilgan, degani ham haqiqat emas. Putin bunday iltimos bilan murojaat qilgan, degani ham haqiqat emas".
Aslida esa, Peskov aytishicha, uchrashuv ishtirokchilaridan birining o‘zi "juda katta pul"ni davlat byudjetiga ajratishga ixtiyoriy ravishda bel bog‘lagan va bu "uning oilaviy qarori" ekanini aytgan.
«Ishtirokchilardan biri buni shunday asosladi: uchrashuvga kelganlarning katta qismi o‘z biznesini aynan 90-yillarda boshlagan va, albatta, bu boshlanish asosan qandaydir tarzda davlat bilan bog‘liq bo‘lgan. Shuning uchun hozir ko‘plar bunday badalni o‘z burchi deb hisoblaydi. Ishtirokchilardan biri shuni aytdi, bu mutlaqo uning shaxsiy tashabbusi edi», — dedi Peskov.
"Va bu prezident Putinning tashabbusi bo‘lmagan — biroq, albatta, davlat rahbari bunday tashabbusni qo‘llab-quvvatladi», — dedi Dmitriy Peskov.
Peskov «uchrashuv ishtirokchilaridan biri»ning familiyacini aytishdan bosh tortdi, chunki tadbir yopiq tarzda o‘tkazilganini vaj qildi.





























