Taniqli jurnalist va so‘z erkinligi kurashchisi Karim Bahriev 64 yoshida vafot etdi

Surat manbasi, Karim Bahriev Facebook sahifasidan
O‘zbekiston jurnalistikasi, adabiyoti va jamoatchiligi og‘ir judolikka uchradi. Taniqli jurnalist, shoir, tarjimon va jamoat arbobi Karim Bahriev gemorragik insult tashxisi bilan og‘ir xastalik oqibatida 64 yoshida vafot etdi.
1962 yili Samarqand viloyatida tug‘ilgan Bahriev umri davomida haqiqat va erkin so‘z aytishdan chekinmagan shaxs sifatida xotiralarda qoladi.
Karim Bahriev o‘z ijodida va siyosiy faoliyatida muntazam ravishda so‘z erkinligiga urg‘u berib kelgan. Ayniqsa, uning 2000 yillar boshida yozgan "So‘z erkinligi haqida so‘z" kitobi o‘z davri uchun katta shov-shuv bo‘lgan edi.
Bu jasorati uchun u jiddiy bosimlarga yuz tutgan. Jurnalistning o‘zi yaqinda "Lolazor" podkastida bergan intervyusida xotirlashicha, ushbu kitob sababli birinchi prezident Islom Karimovning jahli chiqqan va hukumat vakillari Bahrievga mamlakatdan chiqib ketishni tavsiya qilgan.
Vatanida qolishni tanlagan jurnalistning oldiga beshta qat’iy shart qo‘yilgan. Ularning orasida hech qanday rahbarlik yoki deputatlik lavozimlariga saylanmaslik hamda "Bi-bi-si" va "Ozodlik" kabi xorijiy OAVlarga umuman intervyu bermaslik kabi senzura talablari bor edi.
1990–1995 yillarda parlament deputati bo‘lgan vaqtlarida ham u katta siyosiy iroda ko‘rsatgan. 1990 yilda O‘zbekistonning Mustaqillik deklaratsiyasi qabul qilinishida u o‘sha vaqtdagi rahbar Islom Karimovga o‘zining 32 ming xalq ovozi bilan saylanganini eslatib, qo‘rqmasdan keskin xat yozgan. Buning natijasida qonunchilikka O‘zbekiston qonunlari SSSR qonunlaridan ustun ekanligi haqidagi inqilobiy band kiritilishiga erishilgan.
U o‘sha davrdagi tuzumni "qo‘rquv salatanati" deb atagan va agar o‘sha paytda ham hozirgidek ochiq gapirganda, ehtimol, bugungi kungacha yetib kelmagan bo‘lishini aytgan.
Shunga qaramay, u doim keskin yozib, keskin gapirgan. Islom Karimov ham uning bu so‘z erkinligiga bo‘lgan sodiqligi va to‘g‘riligini o‘ziga xos tarzda e’tirof etgan.
Karimov unga qarab: "Sen meni hech qachon maqtab yozmading. Lekin men o‘lsam, hozir meni maqtab turganlar yomonlaydi. Sen esa o‘shanda ham ikki og‘iz to‘g‘ri gapni aytasan", deganini jurnalist o‘z xotiralarida keltirgan.
So‘z erkinligi yo‘lidagi xizmatlari nafaqat uning shaxsiy asarlarida, balki tarjimonlik faoliyatida ham namoyon bo‘ladi.
U jamiyatni erkin fikrlashga undovchi, diktatura va totalitarizmni fosh qiluvchi jahon durdonalari - Jorj Oruellning "1984" va "Molxona" romanlarini, Svetlana Alekseevichning «Chernobil tavallosi»ni o‘zbek tiliga o‘girgan mohir tarjimon ham edi.
Umrining so‘nggi yillarida u bu boradagi boy tajribasini yosh avlodga o‘rgatib, Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida media huquqi va etikasi fanidan dars berib kelayotgan edi.
Ko‘plab taniqli shaxslar, ziyolilarga ko‘ra Karim Bahrievning vafoti o‘zbek milliy jurnalistikasi va so‘z erkinligi yo‘lidagi harakatlar uchun ulkan yo‘qotish bo‘ldi.



























