'Bu dahshatli edi' - 14 yoshida majburan erga berilgan qiz nimalar deydi?

Surat manbasi, Getty Images
- Author, Ayelen Oliva
- Role, BBC News Mundo
- O'qilish vaqti: 5 daq
Patrisiya Leyn AQShning Minnesota shtati chekkasidagi yam-yashil tepaliklar va daryo manzarali Eden Preyri shaharchasida ulg‘aygan.
Ko‘pchilik uchun bu so‘lim joy. Leyn uchun esa bu dunyodan ajralgan bolalikni eslatadi.
"Akam bilan madaniy jihatdan juda yakkalangan edik. Garchi Amerikaning yirik shahri yaqinida yashagan bo‘lsak-da, hayotim qattiq intizom va zulm ostida o‘tardi", deya eslaydi Leyn.
Juda yoshligidan jinsiy zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan Leyn, 12 yoshida chuqur depressiyaga tushib, ishonch telefoniga murojaat qilishga majbur bo‘lgan.
Shu tariqa u bir kuni qo‘ng‘irog‘iga javob bergan va bir necha oydan so‘ng uning eri bo‘ladigan Tim bilan tanishdi.
Tim 25 yoshda bo‘lib, diniy seminariyada o‘qirdi. Missioner bo‘lish uchun diniy tayyorgarlikning bir qismi sifatida u qo‘ng‘iroqlarga javob beradigan kichik tashkilotga joylashtirilgan edi.
Tez orada ular uchrashuvga kelishib oldilar va qisqa vaqt o‘tgach, Leyn homilador bo‘lib, unashtirildi. U atigi 14 yoshda edi.

Surat manbasi, Given to the BBC by Patricia Lane
Leyn yevangelist oilada o‘sgan. "Duo bilan homiladorlikdan saqlana olmasligimni bildim. Men homilador edim, ammo unga turmushga chiqishni xohlamasdim", deb eslaydi Leyn.
Tim yerto‘lada yig‘lab o‘tirganida, Leyn ota-onasiga kutilmagan xabarni aytdi. Onasining javobi u umid qilganidek bo‘lmadi – uni "oila sha’nini yerga urganlikda" ayblashdi.
"Onam aniq gapirdi: oilaga keltirgan barcha isnodlaring uchun sen mas’ulsan, buni to‘g‘rilashning yagona yo‘li o‘sha yigitga turmushga chiqib, yaxshi xotin bo‘lish", deydi Leyn.
Bolani saqlab qolish uchun turmushga chiqishi shart edi.
Otasi rozilik berdi. Ertasi kuni Leyn, onasi va Tim birgalikda Leyn yoshidagi qizlarga nikohga ruxsat beradigan shtatga, janubga yo‘l olishdi. Minnesotada bu yoshda turmush qurish taqiqlangandi.
"Chorasizligimni his qildim. Unga turmushga chiqishni istamasdim, lekin bolani o‘zimda qoldirib, tarbiyalashni juda-juda xohlardim. Yaxshi ona bo‘la olishimni bilardim."
Homiladorlik – qonuniy darcha sifatida
Leyn, onasi va Tim dastlab Kentukki shtatiga borishdi. Bu Minnesotaga eng yaqin, uning yoshida nikohga ruxsat beradigan shtat edi. Ammo mahalliy rasmiylar ularning iltimosini rad etdi.
"Mutlaqo mumkin emas. Ular juda yosh deyishdi, – eslaydi Patrisiya. – Ular haq edi. Mutlaqo to‘g‘ri. Men juda yosh edim."
So‘ng ular Alabamaga yo‘l olishdi. U yerda o‘sha paytda ota-ona roziligi bilan nikohdan o‘tish mumkin edi. Loderdeyl okrugida bir necha daqiqa ichida Patrisiya va Tim nikohdan o‘tishdi.
U to‘yda oq ko‘ylak kiymadi, sochlarini gullar bilan bezamadi. Faqat onasi guvoh bo‘ldi.
"Bu juda tez bo‘ldi. U yerda bo‘lishni xohlamasdim. Bu odam menga yoqmasdi, onam esa g‘azabda edi", deydi hozir 58 yoshli Leyn BBCga. "Bu dahshatli edi."
Nikoh guvohnomasini olgandan bir necha daqiqa o‘tgach, u sud binosi ro‘parasidagi boqqa o‘tib, arg‘imchoqda o‘tirdi – bu bolalarcha harakat onasi va yangi erini g‘azablantirdi.
"Bularning hech biri men tasavvur qilgan to‘yga o‘xshamasdi", deb eslaydi Patrisiya. O‘shanda u birinchi homiladorligining dastlabki haftalarida edi, so‘ng bolani dunyoga keltirdi.
"Nikoh guvohnomamga imzo qo‘ymaganman. Unda ismim bor, lekin imzo chekishim shart emas edi. Onam men uchun imzoladi. U mening hayotimni bir erkakka topshirdi. Bu nikohlar shunday. Boshqalar seni tutib beradi, 18 yoshga to‘lmaguncha qochib qutulolmaysan", deydi u.
Patrisiya Timga turmushga chiqqanidan buyon 46 yil o‘tgan bo‘lsa-da, Alabama shtati qonunlari deyarli o‘zgarmagan. Bugun 14 yoshli bola nikohdan o‘ta olmaydi, lekin 18 yosh nikoh uchun minimal yosh hisoblansa-da, 16 yoshli qiz ota-onasidan birining roziligi bilan turmushga chiqishi mumkin.
"Qo‘shimcha himoya choralari yo‘q. Davlat voyaga yetmagan shaxsdan mustaqil rozilik berishni talab qilmaydi, sud ruxsati ham shartmas", deb tushuntiradi Lo.
2025 yilda AQShning atigi 16 ta shtati va Vashington shahri hech qanday istisnolarsiz nikoh yoshini 18 yosh qilib belgilagan – bu inson huquqlari tashkilotlari talab qiladigan standart.
Boshqa shtatlardagi qonuniy istisnolar: bo‘lajak turmush o‘rtoqdan homiladorlik, allaqachon o‘sha shaxsdan bolali bo‘lganlik va ota-ona roziligi.
Arkanzas, Nyu-Meksiko va Oklaxoma kabi shtatlarda homiladorlik eng kam nikoh yoshiga istisno sifatida qo‘llangan.
Gender tenglik tashkiloti "Equality Now" vakili Anastasiya Lo ta’kidlashicha, bu istisnolar "boshqa holatlarda qonuniy zo‘rlash yoki bolalarga nisbatan zo‘ravonlik deb hisoblanishi mumkin bo‘lgan munosabatlar va ekspluatatsiyani ham qonuniylashtirish"dan boshqa narsa emas.

Surat manbasi, Given to the BBC by Patricia Lane
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda dunyo bo‘ylab taxminan 12 million qiz har yili 18 yoshga to‘lmasdan turmushga chiqmoqda.
Bu yoshdan kichiklarniki bolalar nikohi sifatida belgilangan.
Tashkilot 2030 yilgacha Barqaror rivojlanish maqsadlariga muvofiq ushbu amaliyotga barham berish uchun sa’y-harakatlarni kuchaytirish kerakligini ta’kidlamoqda.
Bu amaliyot xalqaro miqyosda inson huquqlari buzilishi sifatida tan olingan.
AQShda nikoh uchun federal minimal yosh belgilanmagan bo‘lib, 2000 yildan 2021 yilgacha 300 000 dan ortiq voyaga yetmaganlar qonuniy nikohdan o‘tgan, deb ma’lum qiladi mamlakatda bu amaliyotni tugatish uchun kurashayotgan "Unchained at Last" tashkiloti.
Ularning aksariyati 16 yoki 17 yoshda bo‘lsa-da, ayrimlari atigi 10 yoshida turmush qurgan. Qizlarning ko‘pchiligi voyaga yetgan erkaklarga turmushga chiqqan.
"Federal qonun hozirda nikoh niqobi ostida bolalar nikohi va bolalar savdosiga yo‘l ochayotgan bo‘shliqlarni yopadi", deydi Lo.
End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:
"Hanuzgacha yolg‘izlikni yenga olmayapman"
Turmush qurganidan keyingi yillarda Leyn juda qiyin qarorlar qildi, jumladan, qizini farzandlikka berish va eri bilan ajrashish. Keyinchalik u qayta turmush qurdi – bu safar o‘z xohishi bilan.
AQShda majburiy va bolalar nikohiga qarshi kurashuvchi tashkilotlar ma’lumotlariga ko‘ra, jabrlangan qizlar ko‘pincha jamiyatdan ajralib qoladi va maktabni tashlab ketish ehtimoli yuqori, bu esa ularni erlariga yanada ko‘proq qaram qilib qo‘yadi.
"Men bir-ikki yillik ta’limni yo‘qotdim. Keyinroq o‘qishni davom ettirdim, lekin bu bo‘shliqni to‘liq qoplamaydi," deydi Leyn.
"Erim menga do‘st orttirishga imkon bermadi. Men butunlay yolg‘iz edim. Hanuzgacha yolg‘izlikni yenga olmayapman. Guruhda bo‘lishdan ko‘ra yolg‘iz o‘zimni qulayroq his qilaman, chunki hali ham odamlarga ishonishim qiyin", deydi u.

Surat manbasi, Given to the BBC by Patricia Lane
2018 yildan beri 16 ta shtat boshidan shu kabi ko‘rgiliklar o‘tganlar va fuqarolik jamiyatining doimiy sa’y-harakatlari tufayli bolalar nikohini taqiqlash uchun o‘z qonunlarini o‘zgartirdi. Lekin hali qilinadigan ishlar ko‘p.
"Odamlar bu faqat rivojlanayotgan mamlakatlarda yoki ayrim dinlarda bo‘ladi deb o‘ylashadi. Ammo yo‘q – bu Qo‘shma Shtatlarda ham uchraydi", deydi Leyn.
Faollar aytishicha, AQShda bolalar nikohi muammo ekanligi to‘g‘risida xabardorlik yo‘qligi va chuqur o‘rnashgan gender tarafkashligi qonuniy islohotlarni qiyinlashtirmoqda.
"Bu erkaklar uchun nikoh jinoiy javobgarlikdan qochishning bir yo‘li. Qonun chiqaruvchilardan bunga yo‘l qo‘ymasliklarini so‘rayman", deydi Leyn.
"16 yoki 17 yoshda bu haqiqiy sevgi ekanligini ta’kidlaydiganlar uchun juda soz ahvol. Agar chin muhabbat bo‘lsa, 18 yoshda ham o‘sha chin muhabbat bo‘ladi."





























