Bu qo‘ziqorinni yegan odamlar ko‘ziga mitti odamchalar ko‘rinadi, bu qanday sir?

Surat manbasi, Colin Domnauer
Har yili Xitoyning Yunnan viloyatidagi kasalxona shifokorlari g‘alati shikoyatlar bilan kelgan bemorlar oqimiga tayyor turadi. Bemorlar juda ajabtovur alomatlar bilan keladi: ular ko‘zlariga eshiklar tagidan o‘tayotgan, devorlarda o‘rmalayotgan va mebellarga yopishib olgan mitti, elfsimon jonzotlar ko‘rinayotganini aytishadi.
Bu yerda har yili yuzlab shunday holatlar kuzatiladi. Barchasining sababi umumiy: Lanmaoa asiatica – yaqin atrofdagi o‘rmonlarda qarag‘ay daraxtlari bilan simbiotik munosabatda o‘sadigan, o‘zining mazali ta’mi bilan mashhur mahalliy sevimli taom hisoblangan qo‘ziqorin turi.
Yunnanda L. asiatica bozorlarda sotiladi, restoran menyularida uchraydi va iyun-avgust oylarida qo‘ziqorin mavsumida uylarda tayyorlanadi.
Uni obdan pishirish kerak, aks holda, odamda gallyutsinatsiyalar paydo bo‘ladi.
"U yerdagi qo‘ziqorin tortiladigan restoranda ofitsiant 15 daqiqaga taymer o‘rnatib, bizni ogohlantirdi: Taymer jiringlamaguncha yemang, aks holda, mitti odamchalarni ko‘rib qolishingiz mumkin, – deydi Yuta universiteti va Yuta tabiiy tarix muzeyi biologiya fanlari doktoranti, L. asiatica'ni o‘rganayotgan Kolin Domnauer. – U yerda buni ko‘pchilik bilar ekan."
Ammo Yunnan va yana ayrim joylardan tashqarida bu g‘alati qo‘ziqorin ko‘p jihatdan sirligicha qolmoqda.
"Bu psixodelik qo‘ziqorin mavjudligi haqida ko‘plab ma’lumotlar bor edi va uni izlagan ko‘plab odamlar bo‘lgan, lekin ular bu turni topa olishmagan", deydi mikolog, zamburug‘larni kashf etish, hujjatlashtirish va saqlashga bag‘ishlangan "Zamburug‘ jamg‘armasi" notijorat tashkiloti asoschisi va ijrochi direktori Juliana Furchi.
Domnauer ushbu zamburug‘ turi haqidagi sirlarni ochishga va undagi g‘ayriodatiy tarzda hammada o‘xshash gallyutsinatsiyalarga sabab bo‘layotgan noma’lum birikmani aniqlashga harakat qilmoqda.
U L. asiatica haqida birinchi marta talaba bo‘lganida o‘zining mikologiya o‘qituvchisidan eshitgan.
"Turli xalqlar va davrlarda ko‘zga ertakmonand jonzotlarni ko‘rsatadigan qo‘ziqorinlar haqida bir-biriga o‘xshash rivoyatlar borligi g‘alati tuyulardi, – deydi Domnauer. – O‘shanda ko‘proq ma’lumot olishga qiziqib qolgandim."

Surat manbasi, Colin Domnauer
Ilmiy adabiyotlarda bir nechta ma’lumotlar keltirilgan. 1991 yilda Xitoy Fanlar akademiyasining ikki nafar tadqiqotchisi Yunnan viloyatida ma’lum bir qo‘ziqorinni iste’mol qilgan va "liliput gallyutsinatsiyalari"ni boshdan kechirgan odamlar holatini tasvirlab maqola yozgandi. Bu atama Jonatan Sviftning "Gulliverning sayohatlari" romanidagi xayoliy Liliputiya orolida yashovchi mitti odamlar nomidan olingan.
Tadqiqotchilar yozishicha, bemorlar bu mittivoylarni "hamma joyda harakatlanayotganini" ko‘rgan – odatda bir joyda o‘ndan ortiq mitti jonzot bo‘lgan. "Ularni kiyinayotganda kiyimlarida, ovqatlanayotganda idishlarida ko‘rishgan", deya qo‘shimcha qilgan tadqiqotchilar. Ular "ko‘zlarini yumganlarida yanada yorqinroq" ko‘rishgan.
1960-yillardayoq amerikalik muallif va frantsuz botanigi, psilotsibin qo‘ziqorinlari mavjudligini G‘arb jamoatchiligiga ma’lum qilgan Gordon Uasson va Roje Heym Papua-Yangi Gvineyada shunga o‘xshash hodisaga duch kelgan. Ular 30 yil oldin orolga kelgan, mahalliy aholining "aqldan ozishi" haqida xabar bergan missionerlar ma’lumotlarida aytilgan qo‘ziqorinni izlayotgan edi. Bu holatni antropolog keyinchalik "qo‘ziqorin telbalik" deb atagan.
Ular duch kelgan narsa aslida Xitoydan kelayotgan hozirgi xabarlarga juda o‘xshash edi. Ular shubhali turning namunalarini yig‘ib, LSDni kashf etgan shveytsariyalik kimyogar Albert Hofmanga tekshirish uchun yuborishgan. Ammo Hofman o‘sha molekulalarni aniqlay olmagan. Jamoa bu hikoyalar farmakologik asosga ega emas, shunchaki madaniy afsonalar bo‘lishi kerak degan xulosaga kelgan va qo‘shimcha tadqiqotlar o‘tkazilmagan.
Faqat 2015 yilga kelib, tadqiqotchilar L. asiatica'ni ilmiy tavsiflab, unga nom bergan, biroq uning psixofaol xususiyatlari haqida hali yetarli ma’lumot yo‘q edi.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
Shunday qilib, Domnauerning birinchi maqsadi turning haqiqiy identifikatsiyasini aniqlash bo‘lgan. 2023 yilda u yozgi qo‘ziqorin mavsumida Yunnanga sayohat qildi. U viloyatdagi katta qo‘ziqorin bozorlarini aylangan va sotuvchilardan qaysi qo‘ziqorin "mitti odamchalarni ko‘rsatishini" so‘ragan. U jilmayib turgan sotuvchilar ko‘rsatgan namunalarni sotib olgan, so‘ng ularning genomlarini sekvenslash uchun laboratoriyaga olib borgan.
Shu tekshiruvda L. asiatica aniqlandi, deydi u. U nashr etishga tayyorlayotgan tadqiqot xulosasida aytilishicha, laboratoriya namunalaridan olingan kimyoviy ekstraktlar sichqonlarda odamlardagi kabi xulqiy o‘zgarishlarni keltirib chiqargan. Qo‘ziqorin ekstraktlari yuborilgandan so‘ng, sichqonlar avval giperaktiv, keyin esa uzoq muddat kam harakat holatga o‘tgan.
Domnauer Filippinga ham bordi. U yerda Xitoy va Papua-Yangi Gvineyaning tarixiy bitiklarida aytilgan alomatlarga sabab bo‘luvchi qo‘ziqorin haqidagi mish-mishlarni eshitgan edi. U yiqqan namunalar xitoycha qo‘ziqorinlardan biroz farq qilardi – ular kattaroq, qizg‘ishroq xitoy qo‘ziqorinlariga nisbatan kichikroq va och pushti rangda edi. Biroq genetik tekshiruv ular bir turdan ekanligini ko‘rsatdi.
2025 yil dekabrь oyida Domnauer rahbari Uasson va Heym qaydlarida keltirilgan qo‘ziqorinlarni qidirish uchun Papua-Yangi Gvineyaga bordi. Uning aytishicha, bu qo‘ziqorinlarni aniqlash "hali ham katta savol" edi. Biroq, ular hech narsa topa olmadilar, shu bois bu sir hali ham yechilmagan.
"Agar bir xil tur bo‘lib chiqsa, ajablanarli bo‘lardi, chunki Papua-Yangi Gvineyada odatda Xitoy va Filippinda uchraydigan turlar topilmaydi", deydi Domnauer. Agar boshqa tur bo‘lsa, "evolyutsiya nuqtai nazardan yanada qiziqarliroq" bo‘lardi.
Bu shuni anglatadiki, liliput effekti dunyoning butunlay boshqa-boshqa qismlarida farqli qo‘ziqorin turlarida bir-biridan mustaqil ravishda rivojlangan.
Tabiatda bunga misol bor. Olimlar, shu jumladan, Domnauer bilan bir laboratoriyada ishlaydigan ba’zi olimlar yaqinda sehrli qo‘ziqorinlarda uchraydigan psixodelik molekula psilotsibin bir-biridan uzoq bo‘lgan ikki turdagi qo‘ziqorinda mustaqil ravishda rivojlanganini aniqladi.
Ammo L. asiatica qo‘ziqorinlariga liliput effektini psilotsibin bermayapti, deydi Domnauer.

Surat manbasi, Colin Domnauer
Domnauer va uning jamoasi hali ham L. asiatica'dagi gallyutsinatsiya uyg‘otayotgan kimyoviy birikmani aniqlashga harakat qilmoqda. Hozirgi sinovlar uning boshqa ma’lum psixodelik birikmalar bilan bog‘liq emasligini ko‘rsatmoqda.
Birinchidan, uning ta’siri odatdan tashqari uzoq bo‘lib, odatda 12 soatdan 24 soatgacha davom etadi va ba’zi hollarda hatto bir haftagacha kasalxonada davolanishga sabab bo‘ladi. Ushbu ta’sirning favqulodda uzoq davom etishi va bosh aylanishi kabi uzoq muddatli nojo‘ya oqibatlar ehtimoli tufayli Domnauer hali bu qo‘ziqorinlarni o‘zi sinab ko‘rmagan.
Ana shu kuchli ta’sirlarni hisobga olsak, Xitoy, Filippin va Papua-Yangi Gvineya aholisi nima uchun L. asiatica'ni psixoaktiv ta’siri uchun qidirmasligi ayon bo‘ladi. "U har doim faqat ovqat sifatida iste’mol qilingan", deydi Domnauer, gallyutsinatsiyalar esa kutilmagan yon ta’sir bo‘lgan.
Yana bir qiziq jihat bor: boshqa psixodelik birikmalar odatda nafaqat odamdan-odamga, balki bir shaxsning o‘zida turlicha effekt namoyon qiladi. Biroq, L. asiatica ta’sirida ko‘zga "mitti odamchalarning ko‘rinishi juda ishonchli va bu haqda takror-takror xabar qilingan", deydi Domnauer. "Bunday o‘zgarmas, bir xil gallyutsinatsiyalarni keltirib chiqaradigan boshqa narsani bilmayman."
Bu qo‘ziqorinni tushunish oson bo‘lmaydi, deydi Domnauer, lekin boshqa psixodelik birikmalarni o‘rganishda bo‘lgani kabi, u olib boradigan ilmiy tadqiqotlar ongning eng muhim masalalari, ong va reallik o‘rtasidagi munosabatlarga doir tushunchalarimizni o‘zgartirishi mumkin.
Shuningdek, u L. asiatica iste’mol qilmagan odamlarda ham ba’zan o‘z-o‘zidan paydo bo‘ladigan liliput gallyutsinatsiyalarini nima keltirib chiqarishi haqida muhim ma’lumot berishi mumkin. Bu holat kamdan-kam uchraydi. 2021 yil holatiga ko‘ra, liliput gallyutsinatsiyalari birinchi marta 1909 yilda tavsiflanganidan beri qo‘ziqorin bilan bog‘liq bo‘lmagan atigi 226 ta holat qayd etilgan.
Ammo nisbatan kam sonli odamlar uchun natija jiddiy bo‘lishi mumkin: qo‘ziqorin bilan bog‘liq bo‘lmagan holatlar bilan kelgan bemorlarning uchdan bir qismi to‘liq sog‘aymagan.
L. asiatica'ni o‘rganish olimlarga bu tabiiy ravishda paydo bo‘ladigan liliput gallyutsinatsiyalar ortidagi miya mexanizmlarini yaxshiroq tushunishga, ehtimol, nevrologik kasallikka chalinganlar uchun yangi davolash usullarini ishlab chiqishga yordam berishi mumkin, deydi Domnauer.

Surat manbasi, Colin Domnauer
"Endi biz miyaning qaerida [liliput gallyutsinatsiyalari] paydo bo‘lishini tushunishimiz mumkin", deydi etnofarmakolog va AQShning Kaliforniya shtatidagi MkKenna Tabiiy Falsafa Akademiyasi notijorat ta’lim markazi direktori Dennis MkKenna.
U qo‘ziqorin birikmalarini tushunish yangi dori vositalarini kashf qilishga olib kelishi mumkinligiga qo‘shiladi. "Davolash maqsadida qo‘llash bormi? Buni hali ko‘rish kerak", deydi MkKenna.
Tadqiqotchilar hisob-kitoblariga ko‘ra, dunyodagi zamburug‘ turlarining 5 foizdan kamrog‘i ilmiy tavsiflangan. Bu topilmalar dunyoning tobora yo‘qolib borayotgan ekotizimlarida kashf etilmagan "ulkan imkoniyatlar" borligini ham ko‘rsatadi, deydi zamburug‘shunos Furci.
"Zamburug‘larda juda katta biokimyoviy va farmakologik xazina bor, biz ulardan endigina foydalana boshladik, – deydi u. – Hali qilinadigan ko‘plab kashfiyotlar bor."



























