"Biror yumshoq stsenariy ko‘rinmayapti". Sharqshunos Ruslan Sulaymonov Eronga safari haqida so‘zlab berdi

Surat manbasi, AFP via Getty Images
AQSh Prezidenti Donald Tramp Eron yadro qurolidan butunlay voz kechishini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Islom Respublikasi hukumati kelishuvga erishmoqchi. Trampning yana ta’kidlashicha, Tehron allaqachon neft va gaz bilan bog‘liq qandaydir qimmatbaho sovg‘a taqdim etgan.
Urush yaqin kunlarda tugashi mumkinmi? Eron buning evaziga nima talab qiladi? Hozir mamlakat ichida nimalar bo‘lmoqda?
Bi-bi-si Rus xizmatining "Chto eto bыlo?" podkasti boshlovchisi Oksana Chij sharqshunos va NEST Centre eksperti Ruslan Sulaymonov (Rossiya hukumati uni "xorijiy agentlar" ro‘yxatiga kiritgan) bilan birga mazkur masalalarni muhokama qildi.
Bi-bi-si: Eron hozir Tramp bilan kelishuvga borishga tayyormi? Bu qanchalik haqiqatga yaqin?
Ruslan Sulaymonov: Hozircha bu ancha shubhali. Eron rasmiylari bayonotlariga qarasangiz, har qanday kelishuvda yangi qurolli to‘qnashuvlar, AQSh va Isroilning yangi amaliyotlari takrorlanmasligi kafolatlanishi kerak. Bu, ehtimol, ularning asosiy sharti. Tehron bugun Ho‘rmuz bo‘g‘ozi osha qo‘shni davlatlarga zarbalar berish orqali Vashingtonga bosim o‘tkazish imkoniyatiga egaligini biladi.
Shu sababli, menimcha, vaziyat Tramp tasvirlayotganchalik oddiy va yorqin emas. U orzularini ro‘yobga chiqqandek ko‘rsatishi bilan tanilgan. O‘ylashimcha, kelishuv ehtimoli juda-juda oz.
Ehtimol, Eron hukumati, to‘g‘rirog‘i, Eron rahbariyatining bir qismi Ho‘rmuz bo‘g‘ozi borasidagi pozitsiyasini yumshatishga – ayrim kemalarni o‘tkazib yuborishga va ularga hujum qilmaslikka tayyor. Buni istisno etib bo‘lmaydi. Menimcha, Eron diplomatlari Vashingtonni shunga ishontirgan bo‘lishi mumkin.
Lekin bugungi kunda Eron rahbariyati mavqeini faqat diplomatlar ifoda etmaydi. Erondagi hokimiyat bir nechta qaror qabul qilish markazlari, bir nechta kuch markazlari o‘rtasida taqsimlangan. Albatta, diplomatlar nimagadir va’da berishi, nimadir deyishi mumkin, biroq bugun hal qiluvchi so‘z kuchishlatar tuzilmalar, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusida.
Biz bir amaldorning bayonoti boshqasining bayonoti yoki harakatiga mos kelmagan holatlarga guvoh bo‘lganmiz. Masalan, prezident Mas’ud Pezeshkiyon qo‘shni davlatlarga berilgan zarbalar uchun uzr so‘rab, bu ahvolni harbiy rahbariyat o‘ldirilgani va joylardagi harbiylar zarba berish haqida o‘zlari qaror qabul qilgani bilan izohlagan edi. O‘sha kunning o‘zida qo‘shni mamlakatlarga zarbalar qayta boshlandi. Shuning uchun bu yerda Eron rahbariyatidagi bugungi ikkiga bo‘linishni hisobga olmaslik mumkin emas.
Bi-bi-si: Reuters bir necha kun avval agar gap muzokaralargacha boradigan bo‘lsa, Tehronning talablari taxminan quyidagicha bo‘lishi haqida ma’lumot bergan edi: birinchidan, kelajakda hujum qilmaslik kafolati. Ikkinchidan, urush davomidagi yo‘qotishlar uchun ma’lum miqdorda va hajmda tovon puli. Uchinchidan, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ustidan nazoratni rasman saqlab qolish. Umuman, Eronning bu talablarning har biri bo‘yicha muvaffaqiyatga erishish imkoniyati qanday?
R.S.: Ha, bular ancha qattiq, qaysidir ma’noda bo‘rttirilgan talablar. O‘ylashimcha, ular baribir to‘liq amalga oshmaydi. Umuman, bu so‘nggi yillarda Tehron va Vashington o‘rtasidagi muzokaralarda doim muammo bo‘lib kelgan. Masalan, Islom Respublikasi hukumati yangi yadroviy kelishuvga erishilganda, Vashingtondagi har bir yangi ma’muriyat yadroviy kelishuvdan chiqmasligini AQSh kafolatlashi kerak, deb turib olgan edi.
Hozir Tramp ma’muriyati bilan qandaydir kelishuvlarga erishish mumkin. Ammo bu Vashingtondagi yangi ma’muriyat ma’lum vaqt o‘tib, bu shartlarni qayta ko‘rib chiqmasligiga yuz foizlik kafolat bo‘lolmaydi. Buning o‘zi muammo. Aynan shu narsa Tehron talablarini bajarib bo‘lmaydigan qilib qo‘yadi.
Ammo aqalli qandaydir vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish rejimi, deeskalatsiya parametrlari, jumladan, Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi vaziyat bo‘yicha kelishib olish – o‘ylaymanki, hozir buning iloji bor. Chunki Eron ham, nazarimda, ayniqsa, AQSh ham urush boshi berk ko‘chaga kirib qolganini, bundan bir ish chiqmasligini tushunib turibdi.
Bu tinimsiz zarbalar almashinuvi bo‘lib, har ikki tomonga, qo‘shni mamlakatlarga va butun jahon iqtisodiyotiga zarar yetkazmoqda. Bu esa hech qanday tayinli siyosiy maqsadlarga erishmasdan, faqat yanada ko‘proq zarar keltiradi.
Shu bois har ikki tomon ham bu mojarodan chiqish strategiyasini topishdan chinakamiga manfaatdor. Ammo bu shunchaki vaqtinchalik sulh bo‘ladi va ma’lum vaqtdan so‘ng urush takrorlanmasligiga hech qanday kafolat yo‘q.
Hozir mamlakat ichida nimalar bo‘lmoqda?

Surat manbasi, Getty Images
Bi-bi-si: So‘nggi kunlarda Eronga borib, u yerdagi barcha voqealarni o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rishga muvaffaq bo‘ldingiz. Suhbatimiz avvalida asosiy taassurotingizni qisqacha so‘zlab bersangiz?
R.S.: Barcha eronliklar orasida qo‘rquv va sarosima bor. Eronliklar juda xilma-xil, kayfiyatlar ham turlicha, ba’zan tamoman qarama-qarshi. U yerda rejim tarafdorlari ham talay, ular har kuni kechqurun ishtiyoq bilan, mutlaqo samimiy tarzda, portretlar ko‘tarib, ko‘zlarida yosh bilan maydonlarga chiqishadi. Ular rejimni izchil qo‘llab-quvvatlashadi.
Ali Xomanaiy va boshqa yuqori mansabli shaxslar o‘limidan xursand bo‘ladigan muxoliflar ham bor. Ammo hatto ular ham bu urushdan mamnun emas. Ular bu urush nimalarga olib kelishini va uning yakuniy maqsadlari qanday ekanligini tushunmayapti. Rejim almashinuvidan xursand bo‘lishardi-yu, biroq hech qanday muqobil yo‘lni ko‘rayotganlari yo‘q.
AQSh va Isroil ularga kurd separatizmi g‘oyasidan boshqa biror tayinli narsa taklif qilmadi. Shu sababli umumiy kayfiyat – qo‘rquv, noaniqlik va barcha bu urush tezroq tugashini istayotgani.
Bi-bi-si:Eronga qanday qilib borib qoldingiz? Urush sharoitida bu qanchalik qiyin?
R.S.: Eronga urushdan avvalroq bormoqchi bo‘lib, viza rasmiylashtirgan, hatto samolyotga chipta ham sotib olgan edim. Lekin vizani Tehron aeroportiga yetib borganimda ko‘rsatishim kerakligi bois, urush boshlanishi bilan bir savol tug‘ildi: bu viza bilan quruqlik chegarasidan o‘ta olamanmi? Shuni aniqlashtira boshladim.
Istanbuldagi Eron konsulligida bo‘ldim. Ular menga buning iloji yo‘qligini, Eron hozir hech qanday xorijiy fuqaroni qabul qilmayotganini aytishdi. Men Ozarbayjon orqali urinib ko‘rishga qaror qildim va Bokudagi Eron konsulligi taxminan bir soat ichida menga yangi viza tayyorlab berdi. Men avtobusda Ozarbayjonning Ostora shahriga yo‘l oldim. U yerda chegarani piyoda kesib o‘tib, Eronning Ostora shahriga o‘tdim. Ha, so‘roqlar ko‘p bo‘ldi, qayerga, nima uchun, qanday maqsadda ketyapsiz, o‘zingiz kimsiz, nima bilan shug‘ullanasiz, degan savollar ko‘p berildi. Bungacha Eronda bo‘lganmisiz? Qayerga, kimning oldiga ketyapsiz?
Lekin men mutlaqo samimiy va rost javob berdim: hozir jurnalist sifatida borishga imkonim yo‘q, biroq hech bo‘lmasa sayyohlik vizasi bilan turist sifatida bormoqchiman. Shunga qaramay, men Eron mavzusi bilan shug‘ullanaman. Mamlakat ichida nimalar bo‘layotgani menga qiziq. U yerda aloqam butunlay uzilib qolgan do‘stlarim bor va ular bilan bog‘lanmoqchiman. Ularning ahvoli qandayligini, holati qanaqaligini bilishni istayman. Sayohat davomida jurnalistik faoliyat bilan shug‘ullanishni rejalashtirmagandim va bu haqda ham gaplashib oldik. Umuman olganda, javoblarim ularni qoniqtirdi.
Bi-bi-si: Do‘stlaringiz bilan ko‘risha oldingizmi?
R.S.: Afsuski, hammasi bilan emas. Tehronga borishni juda xohlagandim, lekin chegaradayoq bu fikrdan qaytarishga urinishdi. Tabriz shahrida esa, ehtimol, bu ishni qilmaganim ma’qul, degan uzil-kesil qarorga keldim.
Nihoyat, Eron sim-kartasi orqali Tehrondagi do‘stlarim bilan bog‘landim. Xayriyatki, hammasi tirik, sog‘-salomat. Ammo ular ham meni bu fikrdan qaytarishdi. Tabrizda, avtovokzalda bo‘lganimda, umuman biror transport bor-yo‘qligini surishtirdim. Menga avtobuslar borligini, ular Tehronga ham qatnashini, lekin hammasi ham yetib bormasligini aytishdi. Lekin buni sinab ko‘rmaslikka qaror qildim.
Tehronga yaqinlashgan sari hujumlar shiddati ancha kuchli, men eng ko‘p vaqt o‘tkazgan Tabrizdagidek emas. U yerda nazorat ham, albatta, ancha qattiq. Men bo‘lgan o‘sha viloyatlarda, ya’ni to‘rtta viloyatda hamma joyda nazoratga duch keldim. Vaholanki, takror aytaman, bu hujumlar shiddati unchalik yuqori emas, eng katta jangovar harakatlar hududi emas, lekin shunga qaramay, hamma yerda yalpi nazorat, tekshiruvlar.
Magistral yo‘llarda tekshiruvlar, mashinalarni, yukxonalarni, hujjatlarni tekshirishlar, shaharlar ko‘chalarida, ayniqsa, markaziy qismida kuchishlatar xodimlar juda ko‘p. Shahar bo‘ylab ketayotganingizda istalgan paytda sizni to‘xtatishlari mumkin.
Bunda ular formadagi odamlar bo‘lishi ham, fuqarolik kiyimdagilar bo‘lishi ham mumkin, hujjat so‘rashadi. Mahalliy aholi ham menga tekshiruvlar ko‘payib ketganidan, hammani to‘xtatishayotganidan, ba’zan odamlarni hatto hech qanday alohida surishtiruvsiz so‘roqqa, qandaydir holatlarni, shaxsini aniqlashtirish uchun olib ketishayotganidan juda ko‘p shikoyat qilishdi. Meni ham bir marta ushlashdi. Xayriyatki, hammasi ko‘chada uzoq davom etgan, yoqimsiz, lekin baribir quruq savol-javob bilan yakunlandi. Shunday, ha, bunga o‘zim duch keldim.
Bir tanishim bilan shahar aylanib yurib, oyatulloh Ali Xomanaiy, Mujtabo Xomanaiy va asosan halok bo‘lgan boshqa Eron rahbarlarining portretlarini ko‘proq suratga olgim kelgandi. Ularning portretlari esa hamma joyda – shunchaki har qadamda.
Biz rasmlarni olib, maydonlardan biridan ketayotganimizda, orqamizdan Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining ikki nafar xodimi kelib, telefonni ko‘rsatishni so‘radi.
Juda sinchiklab so‘roq qila boshlashdi. Ularga aynan ota Xomanaiy va o‘g‘il Xomanaiyning portretlarini suratga olganim umuman yoqmadi. Ular buni qanday maqsadda qilayotganimni, bu ma’lumotni kimga bermoqchiligimni so‘rashdi. Nazarimda, dastlabki 5-10 daqiqa suhbat ancha keskin kechdi.
Ularning aytishicha, ularni suratga olish mumkin emas, bu – Eronning ichki ishi. Men esa, xorijlik bo‘lganim uchun, bu ma’lumotni qayergadir uzatishim, kimdir uni tahlil qilishi va hokazolar mumkin. Ularning taxminlari shunaqa. Ammo hujjatlarim joyida edi. G‘alati tuyulsa-da, Rossiya pasporti menga ancha asqatdi. O‘ylashimcha, ular meni qo‘yib yuborishlarida aynan shu pasport hal qiluvchi rol o‘ynadi.

Avlodlar to‘qnashuvimi?
Bi-bi-si: Hozirgacha Mujtabo Xomanaiy omma oldida ko‘rinmagani g‘alati tuyulmayaptimi? Yoki vaziyat shunchalik favqulodda va keskin bo‘lgani uchun bu o‘z-o‘zidan tushunarli xavfsizlik chorasi sifatida qabul qilinmoqdami?
R.S.: Rejim tarafdorlari, har oqshom hukumatni qo‘llab mitinglarga chiquvchilar uchun bu muammo emas. Ular uchun eng asosiysi – tizim o‘z barqarorligi va hatto vorisiyligini namoyon etdi. Mujtabo Xomanaiyning omma oldida ko‘rinish bermayotgani esa, yana bir bor aytaman, ular uchun umuman muammo sanalmaydi. Ular uning suratlarini ko‘tarib chiqib, bo‘layotgan voqealarga insoniy fojia nuqtai nazaridan qarashadi. Chunki Mujtabo otasidan, butun oilasidan ayrildi. Odamlar esa ko‘zlarida yosh, qo‘llarida uning suratlari bilan chiqmoqda. Ayrim siyosiy masalalar esa hatto ikkinchi darajali bo‘lib qolyapti.
Rejim muxoliflariga kelsak, ular juda ko‘p. Nazarimda, hatto ko‘pchilikni tashkil qiladi. Ular, albatta, savolga tutishadi. Mendan Mujtaboning taqdiri haqida, arab OAVlari yozganidek, u Rossiyada emasmi, deb so‘rashdi. Albatta, Mujtaboning yangi oliy rahbar bo‘lganining o‘ziyoq ularni mutlaqo qoniqtirmaydi.
Menimcha, Islom Respublikasining boshqa har qanday yangi oliy rahbari ham ularga yoqmagan bo‘lardi, chunki ular butunlay rejimga qarshi. Shu bilan birga, agar muxoliflar haqida gapirsak, ularda biror muqobil kuch, shakllangan va uyushgan siyosiy, ayniqsa, qurolli kuch yo‘q. Shu sababli ularning noroziligi, qo‘pol qilib aytganda, "oshxona suhbatlari" darajasida qolib ketmoqda.
Shubhasiz, Eronda avlodlar to‘qnashuvi bor. Katta avlod, ayniqsa 1979 yilgi Islom inqilobini ko‘rganlar, ko‘pincha rejim tarafdorlarining o‘zagini tashkil etadi. Lekin bu shart emas, chunki yangi avlod ham bor.
Yosh avlod esa – shu rejim xizmatidagilar, ular byurokratiya vakillari, kuchishlatar tizimlar xodimlari. Aynan yoshlarga tayanadigan o‘sha "Basij" safarbarlik korpusi ham shular jumlasidan. Bundaylar ham kam emas – yuz minglab, balki bir necha milliondir. Bu 90–92 million aholiga ega Eron miqyosida ozchilik, lekin ancha faol, hamon juda faol ozchilikdir. Ular hamon rejim tayanchi bo‘lib qolmoqda.
Muxoliflar haqida gapirsak, ular, albatta, yangi avlod, ya’ni hech qanday inqilobni, 80 yillardagi Eron-Iroq urushini ko‘rmagan yoshlardir. Bular G‘arbga intiladigan, G‘arb filmlarini ko‘radigan, G‘arb musiqasini tinglaydigan yoshlar. Tabiiyki, bu yoshlarga hech qanday mafkura ta’sir qilmaydi.
Bundan tashqari, rejim muxoliflari orasida ko‘plab etnik ozchilik vakillarini – kurdlar, ozarbayjonlar, balujlar va hokazolarni uchratish mumkin. Ochig‘ini aytganda, ularning rejim bilan o‘z hisob-kitoblari bor. Lekin bu chegaralanish qat’iy emas, chunki katta avlod orasida ham rejim muxoliflarini – undan hafsalasi pir bo‘lganlarni, yaqinda, ommaviy otishmalar bo‘lib o‘tgan norozilik namoyishlarida yaqinlarini yo‘qotganlarni uchratish mumkin. Shu bois ham rejim tarafdorlari, ham muxoliflarining tarkibi doim ancha rang-barang.

Surat manbasi, Getty Images
Bi-bi-si: Erondagi so‘nggi noroziliklar u yoki bu darajada iqtisodiy vaziyat bilan bog‘liq edi. Endi, urush boshlangan bir paytda, bu hol moddiy yo‘qotishlar misolida qay darajada sezilmoqda?
R.S.: Do‘konlar, bozorlar haqida gapirsak, u yerda biror tanqislik sezilmaydi. Ular hatto urushdan eng kam jabr ko‘rgan hududlarda ham ishlab turibdi. Odamlar esa baribir xarid qilishda davom etyapti, ayniqsa, Navro‘z kirib kelgan bir paytda: men aynan bayram arafasi kunlarida u yerda edim, odamlar baribir tayyorgarlik ko‘rib, qandaydir bayramona kayfiyat yaratishga urinayotgan, bir-birlarinikiga mehmonga borayotgan edi.
Ammo to‘lovga qodirlik, xarid qobiliyati, albatta, keskin tushib ketgan. Qolaversa, bu urushdan oldin ham pasaygan edi: Eron puli qadrsizlandi, oxirgi yarim yil ichida uning kursi deyarli ikki barobarga tushdi. Masalan, esimda, ikki yil avval Eronda bo‘lganimda bir dollar uchun qariyb 600 000 rial berishardi, hozir esa bir dollarga deyarli bir yarim million rial berishyapti. Bunday vaziyatda odamlar, tabiiyki, norozi bo‘ladi, ularning ayrim tovarlarni sotib olish imkoniyati ancha pasaygan. Menga, misol uchun, kecha 20 000 rial turgan bir quti sigaret bugun 90 000 rial bo‘lganini ko‘rsatishdi. Yoqilg‘i, benzin bilan bog‘liq vaziyat ham xuddi shunday. Odamlar bellarini mahkamroq bog‘lashiga to‘g‘ri kelyapti, lekin, takror aytaman, bu holat urushdan oldin ham bor edi.
Bundan keyin nima bo‘ladi?
Bi-bi-si: Mamlakat ichkarisidagi odamlarning hujum qilayotgan davlatga munosabati qanday bo‘lishi tushunarli. Lekin, shartli ravishda aytganda, hozir Erondagi Amerika va Isroilga qarshi kayfiyatlar keskinmi? Plakatlar ko‘tarib, qichqiriqlar bilan shu davlatlarga aloqador hamma narsani yakson qilish istagida olomon bo‘lib ko‘chaga chiqish holatlari uchraydimi?
R.S.: Chiqishadi, "Amerikaga o‘lim! Isroilga o‘lim!" deya hayqirgan olomon ko‘chalarga chiqadi. Tegishli plakatlar bilan, Tramp va Netanyahu tasvirlangan karikaturalar bilan chiqishadi – bularning hammasi bor, hamda ommaviy tus olgan. Lekin bu baribir ozchilikni tashkil etadi. Ya’ni, bir necha ming, ayrim shaharlarda bir necha o‘n ming kishi chiqishi mumkin, lekin Eron miqyosida bu baribir ozchilik.
Aksariyat odamlar esa, ishonchim komil, o‘zgarishlarni, islohotlarni istaydi. Ular rejimga aloqador bo‘lmagan odamlar, namoyishlarga esa ko‘pincha rejimga qandaydir aloqasi borlar chiqadi. Rejimga aloqador bo‘lmaganlar, tuzumni qo‘llab-quvvatlamaydiganlar esa bunday keskinlikni his qilmaydi, "Amerikaga o‘lim, Isroilga o‘lim!" kabi shiorlarni aytib qichqirmaydi. Biroq hatto ular ham AQSh va Isroil Eronda nimani xohlayotganini, nima maqsadni ko‘zlayotganini tushunmaydi.
Bu odamlar Ali Xomanaiy va boshqa yuqori martabali amaldorlarning o‘limidan xursand bo‘ladi – bu haqiqat. Ammo Tehron va Isfahondagi turarjoy binolari, shifoxonalar, maktablar, tarixiy saroylarga zarba berilishi har qanday eronlikning g‘ururiga tegadi. AQSh va Isroil kurd separatizmi g‘oyasini qo‘llab-quvvatlayotganida, Tramp urush natijasida Eron xaritasi o‘zgarishi mumkinligi haqida gapirayotganida, hatto rejim muxoliflari ham bu urushni, bu operatsiyani qabul qilishga tayyor emas. Ular, takror aytaman, hatto rejim muxoliflari ham bu urush tarafdori emas, AQSh va Isroilning bunday shakldagi operatsiyasini yoqlamaydi.
Nazarimda, bu holat qandaydir bir tajovuzga, AQSh va Isroilga qarshi turish istagiga aylanib ketmaydi. Har holda, hozirgacha ko‘rganlarim ko‘proq tushunmovchilik va to‘laqonli noaniqlikdan iborat.
O‘ylashimcha, bu urush tugagach, Eron aholisi uchun o‘ta murakkab davr boshlanadi. Chunki hozir hammani birlashtirib turuvchi tayanch bor – bu tashqi tahdid hissi. Bu hatto rejim muxoliflariga ham namoyishlarga chiqishga, rejimga qarshi so‘zlashga, ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni ko‘tarishga imkon bermayapti. Ammo urush tugab, odamlar o‘zlarining qashshoqligi va vayronagarchiliklariga qaytganlarida, barcha savollar yana ko‘tariladi. Ishonchim komilki, norozilik namoyishlari yana boshlanadi.
Rejim esa, shubhasiz, so‘nggi paytlardagidek qattiqqo‘llik bilan javob qaytaradi. Buni biz 12 kunlik urushdan so‘ng, qatag‘onlar yanada kuchaygan, jumladan, qatl etilganlar go‘yoki xorijiy maxsus xizmatlarga ishlaganlik gumoni bilan o‘limga hukm qilingan paytda ham kuzatdik. O‘ylashimcha, bularning barchasi hali oldinda. Hozircha biror yumshoq stsenariy ko‘rinmayapti.
So‘nggi voqealar hokimiyat almashinuvi jarayonini tezlashtirdi. Agar ilgari yumshoq o‘tish, liberallashtirish variantlari muhokama qilingan bo‘lsa, endi hokimiyat eng keskin yo‘ldan bordi va islohotchilar shunchaki chetga surildi. Hozir qandaydir liberallashtirish, G‘arb bilan yaqinlashish, davlat nazoratini yumshatish haqida gapirishning imkoni yo‘q. Urushdan keyin ham, menimcha, bu tendentsiya saqlanib qoladi.
Bi-bi-si: : Erondan tashqarida, ya’ni mintaqada nima bo‘lishi haqida gaplashaylik? Bir kun avval "New York Times" o‘z manbalariga tayanib yozishicha, Saudiya Arabistonining amaldagi hukmdori shahzoda Muhammad bin Salmon shu kunlarda Trampni urushni davom ettirishga ko‘ndirishga uringan, go‘yoki u quruqlikda operatsiya o‘tkazish zarurligini ta’kidlagan. Saudiya Arabistoni buni rasman rad etib, mamlakat faqat tinchlik yo‘li tarafdori ekanini bildirmoqda. Haqiqatan ham mintaqada Eron bilan doimiy qarama-qarshilik saqlanib qoladimi?
R.S.: U yoki bu darajada Eron bilan qarama-qarshilik doim sezilib kelgan: 1979-yilgi Islom inqilobidan keyingi o‘n yilliklar davomida, Tehronda islom inqilobini eksport qilish siyosati boshlangach, qo‘shni davlatlar, albatta, Eronga hamisha tahdid sifatida qaragan. Lekin tahdidni his qilish boshqa, Eron ichida qandaydir shiorlarni ilgari surish boshqa va ularni amalga oshirish butunlay boshqa narsa.
Shunday bo‘lsa-da, Islom Respublikasi o‘z tarixi davomida bu mamlakatlarga nisbatan hozirgi urushni hisobga olmaganda, hech qanday tajovuzkor harakat qilmagan. Hozirgi urush esa [Eron mantig‘iga ko‘ra] shunday izohlanadiki, Eron bu urush geografiyasini kengaytirishga hamda Fors ko‘rfazidagi arab monarxiyalariga ularning xavfsiz emasligini, ularning xavfsizlik kafili bo‘lgan AQSh o‘z majburiyatlarini bajarmayotganini, ishonchsiz hamkor, ishonchsiz ittifoqchi ekanligini ko‘rsatishga majbur bo‘lmoqda.
Bu arab monarxiyalari o‘zini Eron quchog‘iga otib, uni xavfsizlik kafolati deb bilishini anglatmaydi. Yo‘q, nazarimda, butun xavfsizlik arxitekturasi qayta ko‘rib chiqiladi. Bu, takror aytaman, ushbu xavfsizlikning kafolati bo‘lgan AQShga ham, ayrim davlatlar diplomatik aloqalarni o‘rnatish bo‘yicha kelishuvlar imzolagan yoki Saudiya Arabistoni kabi yaqin orada shunday qilishni rejalashtirgan Isroilga ham tegishli. Eron bilan munosabatlar ham, albatta, qayta ko‘rib chiqiladi, biroq sof geografik nuqtai nazardan Erondan hech qayoqqa qochib bo‘lmaydi.
Shu sababli, o‘ylaymanki, arab monarxiyalari, albatta, Tehrondagi rejimning zaiflashishiga qarshi emas, lekin uning qulashidan sira manfaatdor ham emas. Chunki undan keyin nima bo‘lishini hech kim bilmaydi. Rejim qulagan taqdirda, Eronning yangi Liviyaga, yangi Suriyaga – zo‘ravonlik manbasiga, ulkan qochqinlar oqimiga va hokazolarga aylanish xavfi bor. Eronning qo‘shnilari esa bundan manfaatdor emasligi aniq.



























